O‘zbekiston Konstitutsiyasi – adolat va qonuniylik asosi
Ozod HUSANOV,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi professori,
yuridik fanlar doktori
Annotatsiya: maqolada qonuniylik va adolat prinsiplarining ahamiyati, konstitutsiyaviy asoslari, adolatning amalga oshishida qonuniylikning o‘rni ko‘rsatilgan. Shuningdek, Konstitutsiyaning birinchi moddasida davlatning huquqiy, ijtimoiy deb belgilanishi va shunday xususiyatdagi davlatlarda qonuniylik va adolat prinsiplarining amalga oshishiga taʼsir qiluvchi omillar, Konstitutsiyadagi qonuniylik, adolatga bog‘liq normalar xususida fikr yuritilgan.
Kalit so‘zlar: yangi tahrirdagi Konstitutsiya, qonuniylik, adolat, kuch va qonun, huquq va erkinliklar, huquq va erkinliklar kafolatlari, qonun, qonunga qo‘yiladigan talablar, huquqiy davlat, ijtimoiy davlat.
O‘zbekiston mustaqilligining mahsuli bo‘lgan 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiya mustaqillikning huquqiy asosi bo‘lishi bilan birga, kelajagimiz yo‘nalishini ham belgilab bergan hujjat edi [1]. Shu asosda faoliyat yuritgan mamlakatimiz o‘ttiz yildan ko‘proq vaqt ichida salmoqli ishlarni amalga oshirdi. “Biz Konstitutsiyamizda muhrlab qo‘yilgan huquqiy demokratik davlat va adolatli fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasiga sodiq qolgan holda, keng ko‘lamli ishlarni amalga oshirdik va bu borada katta tajriba orttirdik” [2], deb Prezidentimiz ushbu jarayonga baho bergan. Chunki bu so‘zlar vaziyatni to‘g‘ri va xolisona baholagan.
Mustaqil O‘zbekiston tarixida 2017-yillardan boshlab, yangi xususiyatlar asosida rivojlanish bosqichi boshlandi. Jumladan, O‘zbekistonda so‘z erkinligini taʼminlashga, tadbirkorlik va xususiy biznesni rivojlantirishga, xalq bilan muloqotni kuchaytirishga, jahondagi davlatlar, birinchi o‘rinda, qo‘shni davlatlar bilan samarali aloqalarni o‘rnatishga bo‘lgan intilish, kambag‘allikning eʼtirof etilishi va qisqartirilishiga qaratilgan tadbirlar belgilanishi, davlat organlarining xalqqa xizmat qilishining asosiy prinsip sifatida belgilanishi, inson huquqlariga taalluqli xalqaro hujjat qoidalarini O‘zbekiston Konstitutsiyasiga yanada ko‘p kiritish zaruriyati Konstitutsiyaga jiddiy o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish ehtiyojini yuzaga keltirdi. Yana strategik hujjatlarimizda qadrini ulug‘lash asosiy maqsad inson qilib belgilangani, buning uchun davlatning masʼuliyatini yanada kuchaytirish kerakligi ham Konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritishni taqozo etdi. Aytish mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga kiritilgan qo‘shimchalarning mutlaq ko‘pchiligi inson manfaatiga taalluqli bo‘ldi.
Konstitutsiyadagi inson huquq va erkinliklarini kengaytirish, kafolatlashni kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha, o‘zgarishlargina emas, Konstitutsiyada adolat va qonuniylik prinsiplarining kuchaytirilganligi ham inson manfaatlarini yuqori darajada ko‘tarishga qaratilganligini ko‘rish mumkin.
Eng qadimgi davrlarda ham dunyodagi kuchli davlatchilikka, yuqori darajaga adolat va qonuniylik prinsiplarini qo‘llash orqali erishganlar.
Chingizxon tomonidan yaratilgan dunyodagi eng kuchli saltanat qonunchiligida “Adolat – davlatning ustuni”, “Qonun – xoqonning yaqin qarindoshlari, amaldorlar, sarkardalar va oddiy xalq uchun bir xil amal qiladi” degan qoidalar mavjud bo‘lgan. Chingizxon davlatchiligining qudrati va tizimliligiga sabablardan biri ham shunda bo‘lgan. Sohibqiron Amir Temur o‘z saltanatida “Kuch adolatda” degan shiorga amal qilgan. Bu butun dunyoda umumeʼtirof etilgan, jamiyatni rivojlantirishni taʼminlovchi omil ekanligi dunyo davlatlarining rivojlanish tajribasida o‘z ifodasini topgan. Kuch bilan adolat o‘rtasida uzviy aloqa bo‘lishi, ular bir-birini to‘ldirishi davlatshunos olimlar tomonidan taʼkidlanadi va bu amaliyotda isbotlangan. Eʼtirof etilgan qoidaga asosan, “Kuchga tayanmagan adolat ojiz, adolatga tayanmagan kuch esa zolimlikdir”. Bu – isbotlangan haqiqat. Zamonaviy konstitutsiyalarda “adolat” so‘zini ko‘plab uchratsak-da, “kuch” so‘zini uchratmaymiz. Lekin bu kuch bu tunlay rad etiladi degani emas. Kuch – bu qonun asosida amal qiladigan vosita, demak, qonunni, qonuniylikni kuchning sinonimi, desak bo‘ladi. Qonun ham kuch kabi o‘z maqsadiga erishishda majburlovdan foydalanadi. Jahonda, davlatchilikda “diktatura” degan tushuncha bor. U zo‘rlik, majburlash, hukmronlik bo‘lib, uni ko‘pchilik yoqtirmaydi. Lekin bitta “diktatura”ni, yaʼni “qonun diktaturasi”ni ko‘pchilik maʼqullaydi. Bu diktatura demokratiya bilan ham kelishadi deb hisoblanadi. Chunki qonun majburlov xususiyatiga ega. Shu xususiyat bo‘lmasa yoki sust bo‘lsa qonun ishlamaydi, bu esa adolatsizlikka olib keladi.
Shuning uchun “adolat” va “kuch”ning aloqasini, tatbiqini ko‘rganimizda, kuchni qonun timsolida tasavvur qilishimiz, ishlatishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz shu ikki tushuncha – “adolat” va “qonuniylik”ni jamiyat hayotida samarali qo‘llash orqali inson qadrini yuksak darajaga ko‘tarish, insonparvar-xalqparvar davlat yaratishni maqsad qilib qo‘ygan. Konstitutsiyamizning muqaddimasida Konstitutsiya qabul qilishimizdan maqsad adolat g‘oyasiga sodiqligimiz ko‘rsatilgan bo‘lsa, 14-moddada: “Davlat o‘z faoliyatini inson farovonligini va jamiyatning barqaror rivojlanishini taʼminlash maqsadida qonuniylik, ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari asosida amalga oshiradi”, deb belgilab qo‘yildi. Demak, “qonuniylik” “adolat” “birdamlik” – bular davlat o‘z faoliyatini amalga oshirishda qo‘llaydigan prinsiplar bo‘lib, ularning Konstitutsiyada mustahkamlanishi ushbu prinsiplarga konstitutsiyaviylik baxsh etadi. Konstitutsiyaning 15-moddasida esa, Konstitutsiya va qonunning ustuvorligi mustahkamlab qo‘yilgan bo‘lib, u qonuniylikni taʼminlashning asosiy sharti hamdir.
Yuqoridagi prinsiplarning amalga oshishi hayotbaxsh bo‘lishida qonun, uning mazmun-mohiyati, tuzilishi, tili muhim rol o‘ynaydi. Qonunlar bajarilishi shart bo‘lgan jamiyat bo‘lgani uchun hammani ham to‘la qoniqtira olmaydi. Qonunni buzish holatlari baribir bo‘lib turadi. Bu narsaning, imkoni boricha, kam bo‘lishi muvaffaqiyat garovidir.
Qonunlarning to‘liq va ixtiyoriy bajarilishi ko‘p jihatdan u qanday bo‘lishida, qanday talablarga javob berishidadir. Bu xususida davlat va huquq nazariyasida ko‘plab fikrlar, ko‘rsatmalar bor. Ular orasida fransuz filosofi va huquqshunosi Sharl Lui de Monteskyoning quyidagi fikri diqqatga sazovor: “Siyosiy va fuqarolik qonunlari mamlakatning fizik xususiyatlari – sovuq, issiq yoki mo‘tadil iqlimiga, tuproq sifatiga, uning holatiga, hajmiga; u yerda yashovchi xalqlar – dehqonlar, ovchilar yoki cho‘ponlarning turmushtarziga; davlat qurilmasi imkon beradigan erkinlik darajasiga; xalqning diniga, aholi soniga, boyligiga, savdo-sotiq, axloq va urf-odatlar moyilligiga mos kelishi kerak” [3]. Qonunlarga qo‘yiladigan ushbu talablar hozir ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan.
Yuqoridagi talablarga javob beradigan qonunlargina jamiyatning rivojlanishiga ijobiy taʼsir qiladi, amalda bo‘ladi va adolat taʼminlanadi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ko‘plab normalari qonuniylikni, adolatni taʼminlovchi rahbariy qoidalardan iborat [4]. Konstitutsiyamizning 1-moddasida, O‘zbekiston davlat tavsifini kengaytirib, huquqiy, ijtimoiy davlat ekanligimiz belgilangan ekan, bu qonuniylik va adolat bilan bog‘liq hodisa, borliq sifatida qaraladi.
2022-yil 20-iyunda mamlakatimiz Prezidenti Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda huquqiy davlatga quyidagicha taʼrif beradi:
“Huquqiy davlat – insoniyatning ming yillar mobaynidagi mashaqqatli mehnati evaziga shakllangan taraqqiyot g‘oyasi va buyuk kashfiyotidir. Faqat huquqiy davlat sharoitidagina insonning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmatini to‘liq taʼminlash, tom maʼnoda xalqparvar boshqaruv tizimini shakllantirish mumkin.
Huquqiy davlat – demokratik tamoyillar asosida qabul qilingan qonunlar oldida barcha teng va hisobdor bo‘lgan, hech kim qonundan ustun turmaydigan davlatdir” [5].
Demak, huquqiy davlat:
- taraqqiyot g‘oyasi va kishilar mehnati evazi natijasida vujudga kelgan kashfiyot;
- faqat huquqiy davlatdagina insonning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati to‘la taʼminlanadi;
- faqat huquqiy davlatdagina qonun oldida barcha teng va hisobdor bo‘ladi, hech kim va hech nima qonundan yuqori turmaydi – bular qonuniylik bo‘lib, kuchga tayanadi va adolatni ro‘yobga chiqaradi. Huquqiy davlatdagi majburiylik, intizom, kuch (qonun) asosida ro‘yobga chiqsagina, ijtimoiy davlatda adolatning namoyon bo‘lishiga shart-sharoitlar vujudga keladi.
Ijtimoiy davlatda, Prezidentning aytishicha, “ijtimoiy davlat” tushunchasi, “inson qadri” tushunchasi bilan chambarchas bog‘liqdir. Ushbu g‘oyaning tub negizida ham, avvalo, inson qadrini ulug‘lash, insonga xizmat qilishdek oliyjanob maqsad mujassamdir. Maʼlumki, ijtimoiy davlat har bir inson uchun ijtimoiy tenglik va adolat prinsiplari asosida munosib yashash sharoitlarini yaratib beradi. U – ijtimoiy tafovutni kamaytirish, muhtojlarga yordam berish bo‘yicha samarali siyosat olib boradigan davlat modelidir. Bir so‘z bilan aytganda, ijtimoiy davlatda hech kim eʼtibordan chetda qolmaydi, o‘z muammolari bilan yolg‘iz qolmaydi. Bularning barchasi adolatni ro‘yobga chiqarishdir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada adolat va qonuniylikni taʼminlovchi, ro‘yobga chiqaruvchi vosita – huquqiy davlat, ijtimoiy davlatni belgilash bilan cheklanmay, Konstitutsiyaning ko‘plab moddalarida qonuniylik va adolatni ro‘yobga chiqaruvchi normalar ham belgilab qo‘yildi.
Yangi taxrirdagi Konstitutsiyada ham saqlanib qolgan, “davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar” degan norma belgilanar ekan, bu qonuniylik va adolatni ro‘yobga chiqaruvchi kuchli qoidadir (2-modda).
Konstitutsiyaning 15-moddasi beshinchi qismidagi: “Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qoidalarga muvofiq ish yuritadilar”, degan norma qonuniylikning “oltin” qoidasidir. Bunda qonuniylik o‘z taʼsirini faqat davlat organlariga emas, barcha fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat birlashmalari, fuqarolarga ham o‘tkazishi ko‘rsatilgan.
Qonuniylik va adolat prinsipini xarakterlovchi ko‘plab normalarni Konstitutsiyaning inson huquqlari va burchlari bo‘limidagi normalarda ham uchratish mumkin.
19-modda ikkinchi qismida barchaning kimligidan qatʼi nazar qonun oldida tengligi, uchinchi qismidagi imtiyoz faqat qonunga muvofiq belgilanishi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart, degan qoidalar “qonuniylik” va “adolat”ning Konstitutsiyaviy asosidir. Konstitutsiyadagi inson huquqlari daxlsizligi hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etish yoki cheklash mumkin emasligi; inson huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi; davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy taʼsir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerakligi; inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi haqidagi (20-modda);
har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol topshirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas, inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning huquqlari va erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart – degan qoidalar (21-modda) qonuniylik va adolat tantanasini taʼminlovchi qoidalar.
Konstitutsiyadagi O‘zbekiston fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega bo‘lganlikdan qatʼi nazar, hamma uchun teng (22-modda), O‘zbekiston o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qiladi va homiylik ko‘rsatadi, O‘zbekiston fuqarosi tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi mumkin emas, degan qoidalar (23-modda) adolat g‘oyasining amalda namoyon bo‘lishidir. Inson va fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarini belgilovchi har bir modda adolat prinsipining hayotbaxsh ruhi asosida tegishli qoidalar bilan sug‘orilgan va ularning hech birida adolatdan chekinish, chetga chiqish yo‘q.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada adolat bilan bog‘liq, uni taʼminlovchi shartlar yanada kuchaytirildi. Jumladan: avval faqat yashash huquqi belgilangan bo‘lsa, endilikda,
shu huquqni to‘la taʼminlovchi, “O‘lim jazosi taqiqlanadi” degan qoida kiritildi (25-modda). Konstitutsiyaga insonning qadr-qimmati, daxlsizligi, qiynoqqa solinishi mumkin emasligi (26 modda), Erkinlik va shaxsiy huquqni taʼminlovchi (27-modda); Shaxsning sudda ishi ko‘rilayotganda uni har tomonlama himoyalashga qaratilgan qoidalar kiritildi (28-modda); har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi; qonunda nazarda tutilgan hollarda yordam davlat hisobidan ko‘rsatilishi va bhavval protsessual qonunchilikda ko‘zda tutilgan ko‘plab qoidalar yangi tahrirdagi Konstitutsiyada o‘z ifodasini topdi (29-modda). Konstitutsiyada hech kim eʼlon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, mol-mulkidan mahrum qilinishi mumkin emasligi, bir jinoyat uchun takroran hukm qilinishi mumkin emasligi belgilandi (30-modda). Konstitutsiyaga kiritilgan qo‘shimchalar insonlarni shaxsiy hayot daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lishi, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, yozishma, so‘zlashuvlar sir saqlanishi (31-modda), so‘z, fikrlash erkinligi, axborot olish erkinligi (33-modda), o‘z huquqiga oid hujjatlar bilan tanishish huquqiga ega ekanligi (34-modda) Konstitutsiyaviy darajada belgilandiki, bu oqibat natijasida inson qadri, shaʼnini yuqori darajaga ko‘tarib, insonparvar davlat talabiga va adolat prinsipiga to‘la mos keladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada adolat prinsipi mustahkamlanishini Konstitutsiyaning “Siyosiy huquqlar” bobida ham ko‘rish mumkin. Konstitutsiyaning 37-moddasidagi: “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa ega”, degan qoida aynan adolatning tantanasidir. Bu norma barcha fuqarolarga davlat xizmatiga kirishda teng imkoniyat yaratmoqda. Yuqorida qayd qilinganidek, adolat ijtimoiy davlatda to‘la namoyon bo‘ladi. Bu ijtimoiy davlatda fuqarolarning ijtimoiy, iqtisodiy, madaniy va ekologik huquqlarining ko‘payishi, kengayishida yaqqol namoyon bo‘ladi.
Mazkur huquqlarni taʼminlashda davlat ishtirokining ko‘rsatib qo‘yilishi esa, adolatni ro‘yobga chiqaruvchi kuchli omildir.
Mehnat huquqi belgilanar ekan, erkin kasb tanlash imkoniyatining berilishi, mehnatga adolatli haq olish, ishsizlikdan himoyalanish, mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori munosib turmush uchun yetarli bo‘lishi kerak degan qoidalar, homilador ayollarni va yosh bolali ayollarni ishga qabul qilishni rad etishning taqiqlanishi adolat prinsipidan kelib chiqadi (42-modda).
Fuqarolarning bandligini taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish, kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha choralar ko‘rish (43-modda); bola mehnatining alohida muhofaza qilinishi (44-modda); pensiya, nafaqalar miqdorining rasman belgilangan eng kam xarajatlar miqdoridan kam bo‘lmasligining belgilanishi (46-modda); aholining ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlashning joriy qilinishi (47-modda); bepul umumiy o‘rta taʼlim va boshlang‘ich professional taʼlim olishning davlat tomonidan kafolatlanishi (50-modda) to‘g‘ridan-to‘g‘ri adolat prinsipining tantanasidir. Adolat prinsipi Konstitutsiyaning umumiy prinsiplari, shaxsning huquq va erkinliklariga taalluqli qoidalargagina singdirilmay, inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklari kafolatlari normalarda ham o‘z ifodasini topgan.
Eng avvalo, 54-moddada: “Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir” degan qoida jamiyatda adolat prinsipini taʼminlanishning eng kuchli asosidir.
Adolatni davlat taʼminlaydi, chunki bu uning faoliyatining qonuniylik kabi asosiy prinsipidir. Yangi Konstitutsiya adolatga erishish uchun fuqarolarni o‘ziga ham imkoniyat beradi. Buni Konstitutsiyadagi: “Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli”, degan qoidada ko‘rishimiz mumkin (55-modda). Bu qoida dunyoda eʼtirof etilgan: “Qonun bilan taqiqlanmagan har qanday narsani qilish mumkin” degan qoidaga mosdir. Konstitutsiyaning “Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklari kafolatlari” bobida kafolatlar tizimi sezilarli ravishda kengaydi, buni sud bilan bog‘liq normalarda ham ko‘rish mumkin (55-modda). Shu moddadagi adolat prinsipini ro‘yobga chiqaruvchi bitta qoidaga alohida eʼtibor berish kerak. Unga asosan, har kim qonunchilikka muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlarga murojaat qilishi mumkin. Bu adolatga erishishda qo‘shimcha va taʼsirli vositadir. Shuningdek, Konstitutsiyada inson huquqlarini himoya qilishda milliy institutlar ishtirokining mustahkamlanishi ham adolat prinsipini ro‘yobga chiqaruvchi qo‘shimcha omildir.
Xulosa sifatida aytish mumkinki, qonuniylik va adolat jamiyat rivoji yoki inqiroziga taʼsir qiluvchi omillardandir. Adolat – tenglik, erkinlik, qadr-qimmat, or-nomus mezoni bo‘lsa, qonuniylik bu adolatni ro‘yobga chiqaruvchi asosiy vosita, kuchdir. Mazkur ikki muhim kategoriyaning taʼminlanishi, ro‘yobga chiqishi adolatli, to‘g‘ri, samarali qonunlar qabul qilish va davlat boshqaruvini to‘g‘ri tashkil etishga bog‘liq.
Manba va adabiyotlar ro‘yxati:
1. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston”. – 1992.
2. Mirziyoyev Sh. Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvidagi nutqi.//
“Xalq so‘zi”, 2022-yil 20-iyun.
3. Monteskyo Sh.L. Qonunlar ruhi haqida. – T., 2024.
4. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. – Toshkent: “O‘zbekiston”. – 2023.
5. Mirziyoyev Sh. Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvidagi nutqi.//
“Xalq so‘zi”, 2022-yil 20-iyun.