Yangi tahrirdagi Konstitutsiya: inson huquqlari va erkinliklarining muhim kafolati
“Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi”.
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasining 20-moddasidan.
2023 yil 30 aprel kuni umumxalq ovoz berish orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz muqaddimasida inson huquq va erkinliklari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar va davlat suvereniteti prinsiplari to‘liq yoritib berilgan.
Asosiy qonunimiz bilan tanishgan har bir kishi xalqimizning qadriyatlari, xohish-irodasi, orzu-umidlarini anglab yetadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida shaxsiy daxlsizlik huquqlari va erkinliklarga doir talablar belgilangan. Xususan, Konstitutsiyamizning 26-moddasida “Insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir. Hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Hech kim qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi muomalaga yoxud jazoga duchor etilishi mumkin emas. Hech kimda uning roziligisiz tibbiy va ilmiy tajribalar o‘tkazilishi mumkin emas” deb yozilishi inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlaydi. Bu albatta, O‘zbekistonning yagona xalqi - jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, bir xil huquq va erkinliklarga ega ekanligini anglatadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda inson huquq va erkinliklari kafolati sezilarli darajada kuchaytirildi. Xususan, O‘zbekistonda o‘lim jazosi to‘liq taqiqlandi.
Konstitutsiyamiz mamlakatda har bir shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqilardan foydalanish bo‘yicha eng muhim va asosiy qoidalarni belgilab beradi. Shaxs daxlsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan. Bu ikki tushuncha mazmunini ko‘pchilik bir xil deb o‘ylasada mohiyatan bir-biridan tubdan farq qiladi. Bular shaxsning bevosita o‘ziga tegishli bo‘lgan eng muhim mutlaq huquqlari bo‘lgani bois ularning farqlanishini bilish lozim.
Shaxs daxlsizligi - Shaxsning daxlsizlikka bo‘lgan huquqi uning erkinlikda bo‘lishi bilan ifodalanadi. Shaxsning ozodligi cheklanishi yoki undan mahrum qilinishi uchun qonuniy asos bo‘lishi kerak. Masalan, jinoiy ishga jalb qilinishi, ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishda gumonlanishi kabi holatlar mavjud bo‘lishi kerak.
Ozodlikning cheklash deganda faqat qamoqda saqlash tushunilmasligi kerak. Masalan, shaxsning erkiga xilof ravishda uni biron binoga qamab qo‘yish, majburiy psixiatriya muassasalariga joylashtirish ham ozodlikdan cheklash hisoblanadi.
Konstitutsiyaning 7-bobi shaxsiy huquq va erkinliklar deb nomlanib, bir qator shaxsiy huquq va erkinliklarga oid normalar belgilangan. Jumladan, Konstitutsiyaning 25-moddasida yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqi ekanligi, u qonun bilan muhofaza qilinishi hamda inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyat ekanligi belgilab qo‘yilgan.
Shu bilan birga bunday huquqning cheklanishida belgilangan protsessual qoidalarga rioya qilinishi talab etiladi. Aks holda amalga oshirilgan harakat noqonuniy hisoblanadi. Masalan, shaxsni jinoiy qilmishni sodir etishda ayblayotib, yetarli dalillarsiz ozodlikdan mahrum qilish qonun buzilishi hisoblanadi. Bunday vaziyatda shaxs o‘z huquqini tiklash uchun shikoyat qilishi va hukmni bekor qildirishga haqli bo‘ladi.
Konstitutsiyaning 27-moddasiga quyidagi normalar kiritilgan: “Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart”.
Shuningdek, Konstitutsiyada ayblanuvchi va sudlanuvchilarga o‘ziga qarshi ko‘rsatma bermaslik (xalqaro e’tirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi ham berildi. Shu birlan birga, qonunchilikda nima uchun shaxsning ozodlikda bo‘lishini cheklash yoki mahrum etish jazo sifatida kiritilganligining yetarli sabablari ham bor. Birinchi navbatda, bundan shaxsning ijtimoiy xavfli qilmishni sodir etishiga barham berish, yetkazilishi mumkin bo‘lgan zararlarning oldini olish va bu odamni axloqan tarbiyalash kabi maqsad ko‘zlanadi.
Shaxsiy hayot daxlsizligi - Shaxsning tug‘ilishi bilan unda mavjud bo‘ladigan tabiiy huquqlaridan biri uning shaxsiy hayot daxlsizligi huquqidir. Shaxsning bevosita o‘ziga tegishli bo‘lgan ma’lumotlari, shaxsiy va oilaviy sirlari, yozishmalari uning shaxsiy hayotini tashkil etadi.
Konstitutsiyamizda shaxsning shaxsiy hayot daxlsizlik huquqlari kafolatlangan. Xususan, Konstitutsiyaning 31-moddasiga quyidagi normalar kiritilgan: “Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek, noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega.
Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi”. Ushbu moddaga asosan, shaxsiy hayot daxlsizlik huquqining cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.
Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, shaxs daxlsizligi va shaxsiy hayot daxlsizligi huquqi shaklan bir-biriga o‘xshash tuyulsada, aslida mutlaqo boshqa-boshqa tushunchalardir.
Shaxs daxlsizligi huquqi kishining jisman erkinlikda bo‘lishi imkoniyati bilan izohlansa, shaxsiy hayot daxlsizligi uning o‘ziga tegishli bo‘lgan axborotlarga nisbatan himoya huquqi mavjudligini anglatadi.
O‘zbekiston Respublikasida shaxsning daxlsizlik huquqini himoya qilish sohasidagi munosabatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan tashqari 2002 yil 12 dekabrda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni, 2019 yil 2 iyulda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonuni, shuningdek 1997 yil 1 martda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksi, 1995 yil 1 aprelda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi hamda 1995 yil 1 aprelda kuchga kirgan O‘zbekiston Respublikasi Jinoiy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi bilan ham tartibga solinadi.
O‘zbekiston Respublikasining “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonunning 13-moddasida shaxsning axborot borasidagi xavfsizligiga oid normalar belgilangan. Xususan: “Shaxsning axborot borasidagi xavfsizligi uning axborotdan erkin foydalanishi zarur sharoitlari va kafolatlarini yaratish, shaxsiy hayotiga taalluqli sirlarini saqlash, axborot vositasida qonunga xilof ravishda ruhiy ta’sir ko‘rsatilishidan himoya qilish yo‘li bilan ta’minlanadi.
Jismoniy shaxslarga taalluqli shaxsiy ma’lumotlar maxfiy axborot toifasiga kiradi. Jismoniy shaxsning roziligisiz uning shaxsiy hayotiga taalluqli axborotni, xuddi shuningdek shaxsiy hayotiga taalluqli sirini, yozishmalar, telefondagi so‘zlashuvlar, pochta, telegraf va boshqa muloqot sirlarini buzuvchi axborotni to‘plashga, saqlashga, qayta ishlashga, tarqatishga va undan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Jismoniy shaxslar to‘g‘risidagi axborotdan ularga moddiy zarar va ma’naviy ziyon yetkazish, shuningdek ularning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari ro‘yobga chiqarilishiga to‘sqinlik qilish maqsadida foydalanish taqiqlanadi.
Fuqarolar to‘g‘risida axborot oluvchi, bunday axborotga egalik qiluvchi hamda undan foydalanuvchi yuridik va jismoniy shaxslar bu axborotdan foydalanish tartibini buzganlik uchun qonunda nazarda tutilgan tarzda javobgar bo‘ladilar”.
Mamlakatimizda inson huquqlarini va shaxs daxilsizligini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi davlat tashkilotlari tizimi shakllangan. Bu tizimda an’anaviy sudlov va huquqni muhofaza qilish organlaridan iborat bo‘lgan sudlov organlari bilan bir qatorda, inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar va nodavlat tashkilotlaridan iborat bo‘lgan inson huquqlari bo‘yicha nosudlov organlari ham shakllandi.
Inson huquqlarini, shuningdek, shaxsning daxlsizlik huquqini O‘zbekiston Respublikasining sud organlari orqali himoya qilish inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish mexanizmining tarkibiy va hal qiluvchi qismidir. Chunki, sud buzilgan inson huquqlari va erkinliklarini tiklash tizimida eng muhim vosita hisoblanadi. Har bir shaxsning huquq va erkinliklarini sud tomonidan muhofaza etilishi, davlat organlari, mansabdor shaxslar va jamoat birlashmalarining noqonuniy harakatlaridan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Inson huquqlarini, shuningdek shaxslarning daxlsizlik huquqini himoya qilish, ushbu huquqlar buzilganda qonunchilikda javogarlik mavjudligini bilish ham muhim hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 100-moddasiga asosan, “fuqaro o‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar yuzasidan, basharti bunday ma’lumotlarni tarqatgan shaxs ularning haqiqatga to‘g‘ri kelishini isbotlay olmasa, sud yo‘li bilan raddiya talab qilishga haqli. Manfaatdor shaxslarning talabiga ko‘ra fuqaroning sha’ni va qadr-qimmatini uning vafotidan keyin ham himoya qilishga yo‘l qo‘yiladi”.
Raddiya berish fuqaroning sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar ommaviy-axborot vositalarida tarqatilgan bo‘lsa, ayni shu ommaviy-axborot vositalarida raddiya berilishi lozim. Bunday ma’lumotlar tashkilotdan olingan hujjatda uchrasa, bunday hujjat almashtirilishi yoki chaqirib olinishi kerak.
Cudning qoidabuzarga nisbatan chiqargan hal qiluv qarori bajarilmasa, sud qoidabuzarga qonunchilikda belgilangan miqdorda va tartibda undiriladigan jarima solishga haqlidir. Jarimani to‘lash qoidabuzarni sudning hal qiluv qarorida nazarda tutilgan harakatlarni bajarish vazifasidan ozod etmaydi.
O‘zining sha’ni, qadr-qimmati yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi ma’lumotlar tarqatilgan fuqaro bunday ma’lumotlar rad etilishi bilan bir qatorda, ularni tarqatish oqibatida yetkazilgan zararlar va ma’naviy ziyoning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqlidir.
Bu kabi inson va fuqarolarning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid huquqlari Fuqarolik kodeksidan tashqari, jinoyat qonunchiligi bilan ham mustahkamlangan. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksida inson sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan, uning shaxsiy hayotiga taalluqli ma’lumotlar tarqalib ketishiga olib keladigan, sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yadigan, asossiz ravishda unga jismoniy va ma’naviy azob-uqubat yetkazadigan harakatlar qilish yoki qarorlar chiqarish taqiqlanishi keltirib o‘tilgan.
Bundan tashqari, Jinoyat protsessual kodeksiga ko‘ra, jinoyat ishini yuritish uchun mas’uliyatli barcha davlat organlari va mansabdor shaxslar jinoyat protsessida qatnashayotgan fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilishlari shart. Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda hibsga olinishi yoki qamoqda saqlanishi mumkin emas. 2021 yil 28 iyulda qabul qiligan O‘zbekiston Respublikasi «Sudlar to‘g‘risida»gi qonunning 16-moddasida ham «Hech kim sud qaroriga asoslanmagan holda qamoqqa olinishi hamda qiynoqqa solinishi, zo‘ravonlikka, shafqatsiz yoki inson qadr-qimmatini kamsituvchi boshqa tarzdagi tazyiqqa duchor etilishi mumkin emas» deb belgilangan.
Bunda biror bir jinoyatni sodir etishda gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi himoyalanish huquqi bilan ta’minlanadi. Sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 461-moddasiga ko‘ra, shaxsning shaxsiy yoki oilaviy sirini tashkil etuvchi shaxsiy hayoti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni uning roziligisiz qonunga xilof ravishda yig‘ish yoki tarqatish bazaviy hisoblash miqdorining 10 baravaridan 40 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Agar shaxs bunday qilmish uchun ma’muriy jazo qo‘llanilganidan keyin 1 yil ichida yana shunday qilmish sodir etsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi va O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 1411-moddasiga ko‘ra, bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoxud ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari bilan jazolanadi.
Agar shaxsiy va oilaviy sirga oid ma’lumotlar shaxsning roziligisiz qonunga xilof ravishda olish, saqlash va tarqatish oqibatida og‘ir oqibatlarga olib kelgan bo‘lsa (masalan, shaxsiy siri tarqatilishi oqibatida shaxs o‘z joniga qasd qilsa), g‘arazli niyatlarda sodir etilgan bo‘lsa (shaxsiy hayotga doir ma’lumotni tarqatishda moddiy naf ko‘rishni qasd qilsa) yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 1 yildan 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Umuman olganda, har bir fuqaro Konstitutsiyani va O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini o‘z hayotida izchil tatbiq etishi, yuqori darajadagi huquqiy ongi va madaniyatni oshirishi hamda shaxsiy daxlsizlik huquqi va erkinliklarini bilishi bugungi kun talabidir.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya nafaqat bugungi tinch va farovon hayotimizni barqaror taraqqiy etishining yagona huquqiy kafolati, balki yangi O‘zbekistonda yashovchi barcha fuqarolar manfaatlarini himoya qiluvchi asosiy hujjatdir.
SHERBEK ISAKULOV,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudining
katta eksperti, 3-darajali
Adliya maslahatchisi.
O‘zA