Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – O‘zbekistonda qonun ustuvorligi garovi

To‘liq ishonch bilan aytish mumkinki, mamlakatimiz erishayotgan muvaffaqiyatlar mustaqil demokratik-huquqiy davlatchilikni shakllantirish va rivojlantirishning huquqiy poydevori hisoblanmish Konstitutsiya bilan chambarchas bog‘liq.

Konstitutsiya qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar orasida tartibga solinadigan ijtimoiy munosabatlar ahamiyati bilan ajralib turadi. Ushbu hujjatda davlatning asosiy institutlari, fuqaroning maqomi, davlat tomonidan kafolatlanadigan huquq hamda erkinliklar belgilanadi. Shu bois konstitutsiyaviy normalar boshqa normativ-huquqiy hujjatlar va me’yorlar uchun asos bo‘lib xizmat qiladi, qonunlar mazmun-mohiyatiga, qonunchilikni tartibga solish usullariga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.

2023-yil 30-aprelda bo‘lib o‘tgan referendumda qabul qilingan, yangilanishning tashabbuskori va tom ma’nodagi muallifi xalqimiz bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi yangilangan Konstitutsiyasi “Inson qadr-qimmati uchun”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyillariga asoslanib amalga oshirilgan islohot mazmun-mohiyatining mantiqiy davomi sifatida Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlash mexanizmini, mamlakatimizni demokratik yangilash, inson huquqi va erkinligini ishonchli himoya qilishning eng muhim kafolatini sezilarli darajada mustahkamladi.

Konstitutsiyaning ustunligi qomusimizda mustahkamlangan davlat huquqiy tizimi birligi va yaxlitligini kafolatlovchi mustaqil tamoyil sifatida amaldagi qonunchilikda konstitutsiyaviy normalar mohiyati buzilishi, turlicha talqin qilinishi va qo‘llanishiga yo‘l qo‘ymaslikni nazarda tutadi. Faqat shu yo‘l bilan har qanday Konstitutsiyaning asosiy maqsadi – inson huquqi va erkinligini kafolatlash, davlat hokimiyati demokratik faoliyat yuritishini ta’minlash mumkin.

Yangilangan Asosiy qonunda inson huquqi va erkinligi kafolati kuchaytirilgan. Normalarda inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni va qadr-qimmati eng oliy qadriyat sifatida belgilangan, inson qadr-qimmati va sha’nining daxlsiz hisoblanishi, buzilishiga hech nima asos bo‘la olmasligi ta’kidlangan.

Konstitutsiya normalariga muvofiq, inson bilan davlat idoralari o‘rtasidagi munosabatda yuzaga keladigan har qanday ziddiyat va noaniqlik inson foydasiga talqin etilishi lozim, huquqiy choralar huquqiy maqsadga erishish uchun yetarli va mutanosib bo‘lishi zarur.

Masalan, ilk bor yozishma, telefon suhbati, pochta jo‘natmasi, elektron xabar va boshqa axborotlar daxlsizligi huquqi faqat sud qarori bilan cheklanishi mumkinligi belgilandi. Ayni vakolat prokuraturadan sudga o‘tkazilishi, shuningdek shaxs sudlangani asosida qarindoshlari huquqi cheklanishi mumkin emasligi Konstitutsiyada mustahkamlanishi shaxsiy hayot, konstitutsiyaviy huquq va erkinlik daxlsizligi ta’minlanishining yangi prinsipial shartlaridan biridir.

Yangilangan Konstitutsiyada inson huquqi va erkinligi sezilarli darajada kengaytirilgan. Ekologik huquq, erkin harakatlanish, turar va yashash joyini erkin tanlash, qulay mehnat sharoitida ishlash va adolatli ish haqi olish, davlat xizmatiga kirishda tenglik, uy-joyga nisbatan egalik qilish va mahrum etilganlik uchun kompensatsiya olish, shaxsiy ma’lumotni himoya qilish, ish haqi olish, tanlov asosida davlat hisobidan bepul oliy ma’lumot olish, malakali yuridik yordam olish, jumladan qonunda nazarda tutilgan hollarda – davlat hisobidan qoplanishi, bank amaliyoti va hisob varag‘i maxfiyligini ta’minlanishi, qonunchilik takliflari kiritish, gender tenglik va boshqa vositalar bilan to‘ldirildi.

15-modda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari ustunligi so‘zsiz tan olinishi, qomus huquqiy makonda Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi e’lon qilinishi qonunlar yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganda Konstitutsiyaning prinsip va normalariga zid bo‘lmasligi belgilandi. Shu tariqa asosiy qonunimiz har qanday demokratik davlat Konstitutsiyasiga xos, to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat xususiyatiga ega bo‘ldi.

Konstitutsiyaga to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qiluvchi hujjat kuchi berilishi, konstitutsiyaviy tartibga solish sohasi ko‘lami kengaytirilishi va mustahkamlanishi dunyo konstitutsiyaviy rivojlanishining ustuvor yo‘nalishlariga mos kelishi bilan birga Konstitutsiyaning ustunligini ta’minlash, inson huquqi va erkinligi hamda jamiyatdagi ijtimoiy barqarorlik kafolatini ishonchli himoya qilishning asosiy garovi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Konstitutsiyaviy normalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri, bevosita amal qilishi, ustuvorligi ta’minlanishda ko‘plab davlat idoralari ishtirok etadi. Huquqiy tartibot holati uchun nazorat organiga alohida vazifa va mas’uliyat yuklanganadi, hokimiyat tarmoqlarining qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi idoralar tomonidan Konstitutsiya norma va qoidalariga rioya etilishini ta’minlash funksiyasi boshqa organlardan farqli ravishda asosiy hisoblanadi.

Odil sudlovning asosiy prinsiplaridan biri – Konstitutsiya ustuvorligiga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud faqat qomusga amal qilgan holda ishni tashkil etadi va xulosa beradi, butun faoliyatini Konstitutsiya ustunligini ta’minlashga qaratadi.

Fuqarolarning huquqi va erkinligi, qonuniy manfaatini himoya qilishning yangi mexanizmi, shu bilan birga konstitutsiyaviy odil sudlovni yangi sifat bosqichiga olib chiqishning huquqiy asosi – konstitutsiyaviy darajada konstitutsiyaviy shikoyat instituti mustahkamlanishidir.

Konstitutsiyaning 133-moddasiga ko‘ra, fuqarolar va yuridik shaxslar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan holatda sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llangan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli.

Ko‘rsatib o‘tilgan konstitutsiyaviy norma agar qonun fuqarolar va yuridik shaxslarning fikricha, ularning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklarini buzayotgan bo‘lsa, sudda ko‘rilishi tugallangan muayyan ishda qo‘llanilgan bo‘lsa qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish to‘g‘risidagi shikoyat bilan Konstitutsiyaviy sudga murojaat etish huquqini berilishi, birinchi navbatda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishga, Konstitutsiyaviy sudga muayyan hujjatning Konstitutsiyaga muvofiqligi, uning Konstitutsiyada mustahkamlangan inson huquq va erkinliklariga muvofiqligini ko‘rib chiqishda inson huquqlarini himoya qilish funksiyasini ham amalga oshirish imkonini berishga qaratilgan.
Konstitutsiyaviy shikoyat instituti har bir insonning huquqi va erkinligi sud tomonidan himoya qilinishi, konstitutsiyaviy odil sudlovdan foydalanish huquqi kafolatlanishiga oid konstitutsiyaviy normani ta’minlab, qonunlarning sifati va samaradorligini oshirish, konstitutsiyaviyligini ta’minlash hamda davlat va jamiyat hayotini yanada demokratlashtirishning huquqiy mexanizmi bo‘lib xizmat qiladi.

Ta’kidlash kerak, shikoyatni ko‘rib chiqishda Konstitutsiyaviy sud faqat qonunning Konstitutsiya prinsipi va normalariga muvofiqligini o‘rganadi, umumiy yurisdiksiya sudi chiqargan hujjatlarning qonuniyligi va asosliligiga baho bermaydi. Aks holda, bu umumiy yurisdiksiya sudlarining mustaqilligining buzilishiga olib kelgan bo‘lar edi. Masalan, Konstitutsiyaviy qonunning 4-moddasiga ko‘ra, “Konstitutsiyaviy sud o‘z vakolatlarini amalga oshirishda boshqa sudlar yoki o‘zga organlarning vakolatiga kiradigan barcha hollarda haqiqiy holatlarni aniqlash va tekshirishdan o‘zini tiyadi” degan norma belgilangan.

Konstitutsiya ustunligini ta’minlashda maxsus konstitutsiyaviy sudlov jarayoni sifatida, xuddi shuningdek normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish bo‘yicha ish yuritish doirasida ham Konstitutsiyaviy sud tomonidan amalga oshiriladigan Konstitutsiya normalariga sharh berish instituti alohida ahamiyatga ega, chunki huquqiy munosabatlarning barcha sub’ektlari tomonidan konstitutsiyaviy tuzumga oid barcha konstitutsiyaviy prinsiplarini bir xilda tushunmay turib konstitutsiyaviy tuzum barqarorligini ta’minlanishi mumkin emas. Konstitutsiyaviy sud tomonidan konstitutsiya normalariga sharh berish jarayonida uning mazmuniga nisbatan o‘rnatiladigan yagona standartlari, nafaqat, huquqni qo‘llash amaliyotining bir-xilligini ta’minlash balki buning natijasida huquq ustuvorligi prinsipini ham ta’minlaydi.

Referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa berishga oid vakolatni Konstitutsiyaviy sudga berish bilan bog‘liq yangi konstitutsiyaviy norma Konstitutsiyaviy sudning Konstitutsiya ustunligini ta’minlash borasidagi faoliyatini yanada kengaytirishga qaratilgan.

Nazorat institutini yanada demokratlashtirish, shikoyat institutini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlash, sudlov ishini takomillashtirish Konstitutsiya ustunligini ta’minlash vositasi sifatida jamiyat barqarorligi va mamlakat taraqqiyotini ta’minlashning muhim shartlaridan biridir. Qabul qilinayotgan qonunlar ijrosi ustidan amalga oshirilayotgan parlament nazorati sifatini oshirish, shuningdek davlat rahbari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishi kafili sifatidagi funksiya amalga oshirilishi to‘g‘risida Konstitutsiyaviy sud tomonidan ish yuritish amaliyotini umumlashtirish natijasi yuzasidan har yili Oliy Majlis palatalari va Prezidentga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylik holati to‘g‘risida axborot taqdim etib boriladi.

J.Balkibayeva, K.Davletova,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudi sudyalari

Qiziqarli ma'lumotlar
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo'lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo'yicha dunyoda 5-o'rinda turadi ($ 58,97 mlrd).