Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalqdir
8-dekabr – Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun
Har bir xalqning tarixida uning taqdirini belgilab beradigan muhim hujjatlar bo‘ladi. O‘zbekiston xalqi uchun bunday hujjat bu Konstitutsiyadir. Zero, Konstitutsiya nafaqat davlatning Bosh qonuni, balki butun jamiyatning ma’naviy poydevori, inson qadri va huquqlarining ishonchli kafolati sifatida e’tirof etiladi. Shu bois O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Konstitutsiya kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuksak saviyada tashkil etish haqidagi farmoyishida ham asosiy maqsad xalqimizni Konstitutsiyada mujassam bo‘lgan ezgu qadriyatlar atrofida birlashtirishdir. “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oya aynan shu birlik, shu yuksak mas’uliyatning ifodasidir.
Bugun Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning markazida aynan inson turadi. “Avval inson, keyin davlat va jamiyat” degan tamoyil inson qadr-qimmati, huquq va erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida mustahkamlab bermoqda. Bu jarayonda xalqning siyosiy faolligi, fuqarolik pozitsiyasi va davlat qurilishidagi ishtiroki tobora ortib, Konstitutsiyaning asl mohiyati ya’ni uning yagona manbai va muallifi xalq ekanligi yana bir bor namoyon bo‘lmoqda.
Darhaqiqat, Konstitutsiya xalq irodasidan quvvat oladi, xalqning orzu-intilishlarini huquqiy me’yorlar shaklida aks ettiradi. Shu ma’noda u nafaqat tarixiy hujjat, balki zamon bilan hamnafas yashaydigan, jamiyat taraqqiyoti bilan birga takomillashib boradigan tirik qonundir. O‘zbekiston xalqining siyosiy madaniyati, tafakkuri va ongidagi yuksalish esa ushbu qonun qadrini yanada ulug‘lamoqda.
Konstitutsiyaning xalq irodasiga tayanuvchi ushbu mohiyati, avvalo, uning yaratilish tarixida yaqqol namoyon bo‘ladi. Mustaqillikning ilk yillarida, davlat mustahkam huquqiy asos yaratish zarurati tug‘ilgan paytda O‘zbekiston xalqi o‘z kelajagini o‘zi belgilashga bel bog‘ladi. Shu tariqa yaratilgan Konstitutsiya yangi tarixiy bosqichga o‘tayotgan xalqning bunyodkor tafakkurini, adolat va taraqqiyotga bo‘lgan qat’iy intilishini o‘zida mujassam etdi.
Bugun esa ushbu jarayon yanada keng miqyosda, zamon talablari asosida davom etmoqda. Konstitutsiyaviy islohotlar xalqning davlat boshqaruvidagi o‘rni va ta’sirini kuchaytirishga qaratilgan ezgu maqsadning ifodasidir. So‘nggi yillarda fuqarolarning fikri, taklifi va tashabbuslari qonun ijodkorligi jarayonining ajralmas bo‘lagiga aylandi. “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”, degan yondashuv Konstitutsiyaning amaliy ruhiga chuqur singmoqda.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 33 yilligi arafasida Prezident farmoyishida belgilangan bunday keng ko‘lamli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar ham bejiz emas. Ularning maqsadi Konstitutsiya qoidalarini hayotga tatbiq etish bilan birga, har bir fuqaroning konstitutsiyaviy ongini yuksaltirish, unda davlat taqdiriga daxldorlik tuyg‘usini mustahkamlashdir. Zero, Konstitutsiya faqat bir hujjat emas, u xalqning o‘z kuchiga bo‘lgan ishonchi, kelajakni mustaqil belgilashga qodir ekanining ramzi.
Xalqning Konstitutsiya yaratilishidagi o‘rni faqat tarixiy fakt sifatida emas, balki bugungi siyosiy hayotimizning amaliy haqiqatiga aylangan. Referendumlar, keng jamoatchilik muhokamalari, ochiq eshituvlar va tashabbusli qonunchilik jarayonlari bularning barchasi Konstitutsiyaning yagona manbai va muallifi xalq ekanining isbotidir. Fan, ta’lim, ijtimoiy himoya, ekologiya, mahalliy boshqaruv kabi sohalarda konstitutsiyaviy kafolatlarning kengaytirilishi ham ana shu xalq irodasining huquqiy ifodasi sifatida namoyon bo‘lmoqda.
Shu o‘rinda yana bir haqiqatni alohida ta’kidlash kerak, Konstitutsiya jamiyatning har bir a’zosi uchun teng imkoniyat va adolat tamoyillariga asoslangan mustahkam poydevor yaratadi. Unda belgilangan “inson qadri yuqori bosh tamoyil” bugungi islohotlarning asosiy mezoniga aylangan. Bu esa fuqarolarning erkin yashashi, o‘z fikrini erkin bildirish, halol mehnat qilish, ta’lim olish va munosib turmush kechirish huquqlarini ta’minlashga qaratilgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarga turtki bermoqda.
Yangi O‘zbekistonda islohotlar jadallik bilan rivojlanar ekan, aslida biz o‘zimizni o‘zgartiryapmiz tafakkurimiz, dunyoqarashimiz, kelajakka bo‘lgan munosabatimiz yangi bosqichga ko‘tarilmoqda. Xalq ishtiroki, xalq ovozi, xalqning davlat boshqaruvidagi o‘rni kuchaygani sayin asosiy qonunimiz yanada hayotiy, yanada mazmunli bo‘lib bormoqda. Zero, xalqning fikri tinglanadigan, taklifi inobatga olinadigan, har bir fuqarosi o‘zini davlatning teng huquqli bunyodkori sifatida his qiladigan jamiyat – haqiqiy fuqarolik, demokratik jamiyatdir.
Bugun Konstitutsiyaмизнинг har bir bandi, normasi xalq farovonligi, adolat, erkinlik va tenglik uchun xizmat qilmoqda. U bizni birlashtiradi, yo‘l ko‘rsatadi, ertangi kunga ishonch bag‘ishlaydi. Shuning uchun ham Konstitutsiyani chuqur anglash, unga hurmat bilan qarash va uning ustuvorligini hayotimizda mustahkamlash har birimizning fuqarolik burchimiz.
Xalq yaratgan Konstitutsiya – xalqning eng buyuk yutug‘i. Uni asrash, rivojlantirish va hayotga tatbiq etish esa kelajakka bo‘lgan mas’uliyatimizdir. Chunki xalq irodasidan kuch olgan qonun adolatli jamiyatning eng mustahkam tayanchi.
Bahodirjon Shermuhammadov,Farg‘ona davlat universiteti rektori.
O‘zA