Turkiyaning nufuzli gazetasida mamlakatimiz Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan referendum yakunlariga bag‘ishlangan maqola bosilib chiqdi

Turkiyada nashr etiladigan “Türkiye” gazetasida O‘zbekiston Konstitutsiyaviy qonuni loyihasi bo‘yicha bo‘lib o‘tgan referendum yakunlariga bag‘ishlangan “Mening Konstitutsiyam” referendumida O‘zbekiston xalqi “Ha” dedi” sarlavhali maqola bosilib chiqdi.

Siyosatshunoslik doktori, professor, Anqara inqirozlarni o‘rganish va siyosiy tadqiqotlar markazining rahbari Sayfiddin Erol qalamiga mansub ushbu maqolada joriy yil 30-aprel kuni mamlakatimizda bo‘lib o‘tgan referendumda jami saylovchilarning 84,54 foizi ishtirok etib, 65 foiz yangilangan Konstitutsiya 90,21 foiz ovoz bilan qabul qilinganiga doir tafsilotlar o‘z ifodasini topgan.

“Shu tariqa O‘zbekiston Konstitutsiyasiga “dunyoviy va ijtimoiy davlat” ta’rifi kiritildi, o‘zbek xalqining farovon kelajagini ta’minlashga qaratilgan erkin bozor iqtisodining asoslari mustahkamlandi, Prezidentning ayrim vakolatlarini Parlamentga taqdim etish orqali demokratlashuv jarayoni jadallashtirildi, intellektual mulkdan tortib inklyuziv ta’limgacha bo‘lgan muhim huquqlar kafolatlandi. Ushbu konstitutsiyaviy referendum bilan xalq va davlat o‘rtasidagi “Ijtimoiy kelishuv” yangilandi va yana-da mustahkamlandi”, deb yozadi gazeta.

Mazkur maqolada mamlakatimiz Markaziy saylov komissiyasi 2023-yil 1-may kuni referendumning yakunlaniy natijalarini hisobga olib, yangi Konstitutsiya kuchga kirganini ma’lum qilgani alohida qayd etilgan.

Unda bundan buyon yangi O‘zbekiston o‘zining yangi Konstitutsiyasida ijtimoiy davlat sifatida belgilanib, kuchli ijtimoiy himoya va muhtojlarga g‘amxo‘rlik davlat siyosatining muhim yo‘nalishiga aylangani, mamlakatimiz huquqiy davlat deb ta’riflangani holda inson huquq va erkinliklari konstitutsiyaviy darajada kafolatlangani, ta’lim olish huquqi va imkoniyati kengaytirilib, o‘qituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega bo‘lgani hamda fuqarolarning oliy ta’lim muassasalarida davlat granti hisobidan o‘qishi hukuqi konstitutsiyaviy darajada belgilab ko‘yilgani singari va boshqa muhim yangilanishlarning mazmun-mohiyati turkiyalik gazetxonlarning e’tiboriga havola qilingan.

“O‘zbekiston xalqi referendumga bo‘lgan katta e’tibori bilan “Mening Konstitutsiyam” shiorini o‘z qalbiga chuqur singdirgani, tizimga va referendum jarayoniga katta ishonch bildirgani, bardavom taraqqiyotni tanlagani holda siyosiy barqarorlik va porloq kelajak uchun ovoz berganini namoyon etdi. Mazkur referendum bilan o‘zbek xalqi “Yangi O‘zbekiston” g‘oyasining huquqiy poydevori bo‘lgan hamda xalq-davlat hamjihatligini mustahkamlagan Konstitutsiyaning qabul qilinishiga baralla qo‘llab-quvvatlagani holda “Ha” dedi”, deb yozadi gazeta.

Qiziqarli ma'lumotlar
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.