Konstitutsiya – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining huquqiy kafolati

Davlatimiz rahbarining 2025-yil 21-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi farmoyishiga binoan yurtimiz bo‘ylab “Konstitutsiya – inson qadri, erkinlik, tenglik va adolat garovi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgan bayram tadbirlar davom etmoqda.

Toshkent davlat yuridik universitetida 8-dekabr – Konstitutsiya qabul qilingan kun munosabati bilan “Konstitutsiya – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining huquqiy kafolati” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Oliy Majlis Senati, Qonunchilik palatasi, Konstitutsiyaviy sud, Adliya vazirligi, Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Odil sudlov akademiyasi hamda boshqa oliy ta’lim muassasalarining vakillari, shuningdek, TDYUU professor-o‘qituvchilari, Vengriya, Finlandiya, Bolgariya, Hindiston, Koreya hamda Buyuk Britaniyakabi davlatlar yetakchi huquqshunos olimlari ishtirok etgan tadbirda Konstitutsiyaning o‘ziga xos jihatlari haqida fikr almashildi.

Adliya vaziri o‘rinbosari M.Allakuliyev, Toshkent davlat yuridik universiteti rektori B.Xo‘jayev, Qonunchilik palatasi qo‘mitasi raisi U.Shermatov, Kostitutsiyaviy sud raisining o‘rinbosari A.G‘afurov va boshqalar Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi –ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab qo‘yilganini ta’kidladi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari, inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangan.

Mahindra universiteti professori Prabhprit Sinx (Hindiston) O‘zbekiston Konstitutsiyasida demokratik tamoyillar ustuvorligi uning umuminsoniy qadriyatlar aks etgan xalqaro hujjatlarga mosligini ko‘rsatishini qayd etdi. O‘zbekiston va Hindiston Bosh qomuslarida o‘xshashliklar bor, ya’ni ularda so‘z erkinligi, e’tiqod erkinligi kafolatlari aks etgan.
Tadbirda yangi tahrirdagi Konstitutsiya – Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning siyosiy-huquqiy asoslarini yaratgani e’tirof etildi. Davlat va jamiyat qurilishini yanada rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilangani amalda mamlakatimiz rivojida muhim o‘rin tutmoqda.

Konstitutsiyada iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy hayotimizning turli sohalarida olib borilayotgan islohotlarni izchil davom ettirish bo‘yicha strategik maqsadlar o‘z ifodasini topgan.

Tadbir davomida yangilangan Konstitutsiya mazmun-mohiyati va “O‘zbekiston - 2030” strategiyasining asosiy ustuvor yo‘nalishlari doirasida belgilangan tub islohotlar haqida milliy va xorijiy olimlarning ma’ruzalari tinglandi.

Tadbir yakunida ma’ruzalar va muhokamalar asnosida bildirilgan takliflar umumlashtirilib, tegishli vazifalar belgilandi.
N.Abduraimova,
O‘zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.