“Shaxsiy daxlsizlikni taʼminlashning sud-huquq kafolatlarini mustahkamlash sohasidagi dolzarb vazifalar: Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya
Konferensiyaning maqsadi – qiynoqlarni qoʻllashning oldini olish boʻyicha muvaffaqiyatli amaliyotlar asosida jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirishdan iborat.
2018 yil 26 oktyabr kuni “Shaxsiy daxlsizlikni taʼminlashning sud-huquq kafolatlarini mustahkamlash sohasidagi dolzarb vazifalar: Oʻzbekiston tajribasi” mavzusida xalqaro konferensiya boʻlib oʻtdi.
Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Oʻzbekistondagi loyihalari koordinatori, F.Ebert nomidagi jamgʻarmaning Oʻzbekistondagi vakolatxonasi va BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi konferensiya tashkilotchilari boʻldilar.
IMG_5595 - kichik.JPG
Konferensiyaning maqsadi – qiynoqlarni qoʻllashning oldini olish boʻyicha muvaffaqiyatli amaliyotlar asosida jinoyat-protsessual va jinoyat-ijroiya qonunchiligini yanada takomillashtirishdan iborat.
Konferensiya ishida Qiynoqlarga qarshi butunjahon tashkiloti, Qiynoqlarga qarshi Daniya instituti (Daniya), Yuristlar xalqaro assotsiatsiyasining Inson huquqlari boʻyicha instituti (Buyuk Britaniya) vakillari, hamda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati aʼzolari, huquqni himoya qiluvchi va sud organlari, fuqarolik jamiyati institutlari, yuridik ilmiy jamoatchilik, taʼlim muassasalari va OAV vakillari ishtirok etishdi.
Tadbir davomida ishtirokchilar qiynoqqa qarshi kurash boʻyicha xalqaro standartlarning milliy qonunchilikka implementatsiya qilinishini, sud- tergov jarayonida va jazoni ijro etish muassasalarida qiynoqlardan holi boʻlish huquqini taʼminlash, qiynoqlar qoʻllanganini samarali tergov qilish boʻyicha xalqaro standartlarga oʻqitish masalalarini muhokama qildilar.
Konferensiya ishtirokchilari huquqiy davlatning muhim koʻrsatkichi boʻlib davlat siyosatidagi ustuvor yoʻnalishni aniqlashga imkon beruvchi erkinlik va shaxsiy daxlsizlikning himoya qilish darajasi hisoblanishini taʼkidlab oʻtishdi.
Oʻzbekiston Respublikasi inson huquqlari va erkinliklari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini tashkillashtirishni takomillashtirish boʻyicha izchil va bosqichma-bosqich, jumladan, qiynoqlarning oldini olish uchun zarur tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining 1995 yil 31 avgustda BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasiga qoʻshilishi davlatning inson huquqlari va erkinliklarining umumeʼtirof etilgan qadriyatlariga boʻlgan intilishlarini yana bir bor tasdiqladi. Qamoqda saqlanayotgan shaxslarning huquqlariga rioya qilish boʻyicha bir qator xalqaro standartlarni tan olish, davlat jazoni ijro etish tizimini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish masalalariga eʼtiborini yanada kuchaytirdi.
2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida yurtimizda mahkumlar va hibsxonalarda saqlab turilgan shaxslarning huquqlarini taʼminlashga qaratilgan Oʻzbekiston Respublikasi jinoyat-ijro tizimini isloh qilish va liberallashtirish boʻyicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
“Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi 2017 yil 30 noyabrdagi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni sud-huquq sohasini isloh qilishda muhim hodisa boʻldi. Farmonga koʻra Oʻzbekistonda jinoyat protsessi ishtirokchilari yoki ularning yaqin qarindoshlariga nisbatan qiynoqqa solish, psixologik va jismoniy tazyiq va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoxud qadr-qimmatni kamsituvchi muomala turlarini koʻllash, jinoyat ishi doirasida noqonuniy yoʻl bilan olingan har qanday audio va video yozuv hamda boshqa materiallardan dalil sifatida foydalanish qatʼiyan man qilingan.
2018 yil 4 aprelda qabul qilingan “Sud-tergov faoliyatida fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlarini kuchaytirish boʻyicha chora-tadbirlar qabul qilinganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuniga koʻra qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllaganlik uchun masʼuliyat kuchaytirildi.
Jinoyat kodeksida qiynoqqa solish maʼmuriy qamoqqa olingan shaxsga, shuningdek gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga, guvohga, jabrlanuvchiga, jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud ularning yaqin qarindoshlariga ulardan yoki boshqa uchinchi shaxsdan biror-bir axborot olish, jinoyat sodir etganligiga iqrorlik koʻrsatuvi olish maqsadida, ularni sodir etilgan qilmish uchun oʻzboshimchalik bilan jazolash yoxud biror-bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan qoʻrqitish, urish, doʻpposlash, qiynash, azob berish yoʻli bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida sodir etilgan qonunga xilof ruhiy, psixologik, jismoniy bosim oʻtkazish yoki boshqacha tarzda bosim oʻtkazish deb belgilandi.
Qiynoq va boshqa jinoyatlar toʻgʻrisidagi daʼvolarni tezda va xolisona tekshirish uchun Prezidentimizning Xalq qabulxonalari tizimi, Prezident va Bosh vazirning virtual qabulxonalari, huquq-tartibot organlari va boshqa davlat tashkilotlarining virtual qabulxonalari. fuqarolarning shikoyatlarini oʻz vaqtida va samarali koʻrib chiqishini kuzatib boruvchi Prezidentning Fuqarolar huquqlarini himoya qilish, jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari bilan ishlashni nazorat qilish va muvofiqlashtirish xizmati yaratildi.
Ushbu chora-tadbirlar Oʻzbekistonning inson huquqlari boʻyicha xalqaro majburiyatlarni bajarayotganini tasdiqlaydi hamda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson huquqlarini himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish va qabul qilingan xalqaro majburiyatlarni bajarishda barqaror anʼanalar yaratish imkonini beradi.