“Political Events”: O‘zbekistonda 2023-yilgi referendum konstitutsiyaviy islohotlarni qo‘llab-quvvatladi

Hindistonda chop etiladigan “Political Events” tahliliy jurnalining navbatdagi sonida O‘zbekistonda 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan konstitutsiyaviy referendum yakunlariga bag‘ishlangan maqola e’lon qilindi.

“Ushbu voqea O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qonun ustuvorligi va ijtimoiy davlat tuzilmasi bilan bir qatorda inson huquqlari, erkinliklari va sha’nini munosib ta’minlash yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar mutlaq qo‘llab-quvvatlanayotganini namoyish etdi, - deb qayd etgan maqola muallifi. - Shuningdek, yangi Asosiy qonunda gender tengligi, iqtisodiy o‘sish va farovonlik masalalariga urg‘u berilgan. Ko‘pchilik o‘zbekistonliklar, ayniqsa, ayollar va yoshlar bu o‘zgarishlarni tez o‘zgarib borayotgan mamlakatda uzoq vaqtdan beri kutilgan qadam sifatida baholamoqda”.

Yangi Konstitutsiyada O‘zbekiston “suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat” deb e’lon qilingan, ushbu prinsipial qoidalarni o‘zgartirib bo‘lmasligi qat’iy ta’kidlangan. Konstitutsiyada belgilangan maqsadlarga erishish uchun davlat kambag‘allikni qisqartirish, aholi bandligini ta’minlash va ishsizlikdan himoya qilish bo‘yicha qator yangi majburiyatlarni olgan va shu orqali davlatning ijtimoiy majburiyatlari o‘tgan davrga nisbatan qariyb uch barobar oshgan, deb so‘z yuritilgan nashrda.
Muallif yangilangan Konstitutsiya xalqparvar davlat qurish maqsadida kuchli parlament, ixcham va mas’uliyatli hukumat, mustaqil va adolatli sud tizimini shakllantirishga qaratilgani, Prezidentning ayrim vakolatlari parlamentga o‘tkazilgani, Oliy Majlisning quyi va yuqori palatalarining vakolatlari sezilarli darajada kengaytirilgani va boshqa muhim o‘zgartishlarning mazmun-mohiyati va ahamiyatini batafsil bayon qilgan.

“Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan amalga oshirilgan ma’muriy islohotlar davlat rahbariga mamlakatning ichida ham, xorijda ham katta muvaffaqiyatlar keltirdi”, deb alohida urg‘ulangan.

Maqola “Ta’kidlash joizki, Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan inson huquqlari va qadr-qimmatini hurmat qilishga ko‘rsatilayotgan qiziqish ortgani tufayli uning tashabbuslari bilan 2018-2022-yillarda BMT Bosh Assambleyasining 6 ta muhim maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Ushbu hujjatlar Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash; “Jaholatga qarshi ma’rifat” tamoyilini joriy etish asosida bag‘rikenglikni o‘rnatish, inson huquqlarini kamsitilishiga yo‘l qo‘ymaslik va hurmat qilish; Orolbo‘yi hududini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar zonasiga aylantirish; Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlash; Barqaror rivojlanish maqsadlariga (BRM) erishishni tezlashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish kabi dolzarb masalalarga qaratilgan”, degan fikrlar bilan yakunlangan.

Qiziqarli ma'lumotlar
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya'ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.