Oila va nikoh tushunchalarining ilmiy-falsafiy, ijtimoiy-huquqiy talqini

Rustamova Nilufar Rustamovna Toshkent shahar Chilonzor tumani 2-sonli FHDYO mudirasi

Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasining “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan XIV-bobi 76-moddasida ifodalanishicha: ”Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir” [1]. Ushbu norma mazmun-mohiyatidan anglashiladiki, oila instituti falsafiy-huquqiy, ijtimoiy-biologik va ma’naviy-ahloqiy kategoriyadir. Bu degani, xalqimizning oilaga taalluqli milliy an’ana va qadriyatlari hamda oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun davlat ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratib beradi. Oila bilan bog‘liq qoidalarga qiyosiy-tahliliy nazar shundan dalolat beradiki, Yangi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Fuqarolik va Oila kodekslari, shuningdek boshqa tegishli normativ hujjatlarimizning xalqparvarligiga, ularning milliy qadriyatlarimiz va an’analarimiz bilan uyg‘unligiga amin bo‘lamiz.

Oila serqirra va mazmuniga ko‘ra keng qamrovli institut hisoblanib, yosh avlod ta’lim-tarbiyasida, ularni sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol toptirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida muhim o‘rin tutadi. Shu bois, oila azaldan jamiyat ijtimoiy-ma’naviy, qolaversa iqtisodiy, ma’rifiy, ahloqiy, hattoki, siyosiy hayotida muhim ahamiyatga molik bo‘lgan muqaddas maskan sifatida e’tirof etiladi.

Tarixdan ma’lumki, davlat bilan oila, ularning vujudga kelishi va boshqarish mexanizmi ijtimoiy-huquqiy tusga ega. Oilaning yuzaga kelish asosi sifatida nikoh - nikohlanuvchi taraflarga er va xotin maqomini berish orqali ular zimmasiga huquq va majburiyatlar, javobgarlik (burch, vazifa, mas’uliyat) yuklashni yuridik jihatdan rasmiylashtirish jarayoni hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 3-bobida nikoh, nikoh tuzish tartibi, uning ixtiyoriyligi, nikoh yoshi kabi huquqiy jihatlari to‘la-to‘kis yoritib berilgan [2]. Aynan nikoh qayd etilganidan e’tiboran oilaviy munosabatlarni nazorat qilish, muammolarni hal qilish, nazoratga olish huquqiy jihatdan boshqarish davlat zimmasida bo‘ladi. Zero, har qanday jamiyat, davlatning ijtimoiy tanazzuli oilaning buzilishi, barbod bo‘lishi kabi illatlar bilan bevosita bog‘liq. Shuning uchun nikoh munosabatlari, yolg‘iz yashovchilar va oilaviy muammolarni o‘rganish jamiyat ijtimoiy tarkibini ijobiy rivojlanishiga xizmat qiladi. Bu yo‘nalishda bevosita faoliyat olib borayotgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi huzuridagi Oila va xotin-qizlar ilmiy tekshirish instituti hamda mahallalarning rolini alohida qayd etish joiz.

Ta’kidlash kerakki, har bir oila o‘ziga xos turmush tarziga ega bo‘lib, turmush oilaning kundalik hayoti hisoblanadi. Oila g‘oyat serqirra va murakkab ijtimoiy-huquqiy ittifoq. uyushmadir. Unda quvonchlar ham, tashvishlar ham mujassam. Agar oila a’zolari ahil, hamjihat, odob-ahloqli, nomusli, o‘z qadr-qimmatini saqlaydigan, saranjom-sarishta, tejamkor bo‘lsa, bunday xonadonda turmush shirin va maroqli o‘tadi.

O‘zbek oilasining tashqaridan sezilmaydigan o‘ziga xos ichki qonun-qoidalari, ahloqiy mezonlari borki, bunda urf-odatlar va an’analar alohida o‘rin tutadi. Jumladan, “urf-odatlar va an’analar – tarixan shakllangan va avloddan-avlodga o‘tib boradigan, ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan va doimo takrorlanib turadigan hatti-harakat, hulq-atvor normalari va ko‘nikmalaridir” [3]. Masalan, tongda barvaqt turish, yuz-qo‘l yuvilmasdan salomlashmaslik, ayollarning nonushta hozirlashlari, qizlar va kelinlarning hovli va ko‘cha supurishlari kabi bir qator fazilatlar bisyor. Buni ustiga o‘zbek oilalari bolajon. Hazrati Muxammad payg‘ambarimiz o‘z hadisi shariflarida marhamat qilib aytibdilarki, “men qiyomatda o‘z ummatlarining ko‘p bo‘lishi bilan sevinishni istayman”.

Vaholanki, oilaviy munosabatlar mustaqil hodisa bo‘lib, uning ichki ishlariga hech kim behuda aralashishga haqli emas. Shu sababli oila muqaddas va daxlsiz hisoblanadi. Ilmiy-nazariy tilda aytganda, oila o‘ziga xos muhitni shakllantirgan kichik bir davlatdir. Chunonchi, oila jamiyat ichida, uning tashqarisida emas, uning tarkibidadir. Oilaviy munosabatlar jamiyatdagi mavjud ijtimoiy, iqtisodiy va ma’naviy-ahloqiy munosabatlar bilan belgilanadi va uning bevosita yoxud bilvosita ta’siri ostida shakllanib rivojlanib boradi.

Demoqchimizki, aynan jamiyat hayoti, ruhiyati oilaning ijobiy yoki salbiy jihatlariga bog‘liq bo‘ladi. SHunga ko‘ra har bir jamiyat o‘ziga xos va mos oila turini tanlaydi va bag‘rida etishtiradi.

Jamiyatning tashkil topishida, uning davomiyligini ta’minlashda oila ijtimoiy-demografik manba hisoblanadi. Insonning dunyoga kelishi, yangi avlodning paydo bo‘lishi, avlodlar almashinuvi asosan oilada sodir bo‘ladi. Farzand tug‘ilib, kamolga etib shaxs sifatida shakllanguniga qadar lozim bo‘lgan barcha ta’lim-tarbiya oila muhitida beriladi. Insonning ota-onasi, qarindoshlari, qariyalar, atrof-muhit va tabiatga bo‘lgan munosabatlari dastlab oilada boshlanadi. Shu bilan birga, oila urf-odatlarni avloddan avlodga etkazish vositasi ham hisoblanadi [4].

Oilaning vujudga kelishida uning yuridik fakt sifatida e’tirof etilganligi va jamiyat ijtimoiy hayotidagi ahamiyati nuqtai-nazaridan nikohning huquqiy jihatlariga alohida e’tibor beriladi. Qonunda belgilanishicha, nikoh tuzish ixtiyoriy bo‘lib, bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Demak, zo‘rlash, aldash, adashish, po‘pisa qilish va boshqa noqonuniy harakatlarga yo‘l qo‘yilmaydi. Aks holda, nikohning haqiqiy emasligiga olib kelishi mumkin. Nikoh munosabatlarini o‘rnatishga doir asl ichki hohishga tayanmagan irodaning tashqi ifodasi o‘zi hech qanday vaziyatda nikohdan o‘tishga huquqiy jihatdan rozilik sifatida qabul qilinmaydi.

Nikoh faqat nikoh yoshiga etgan, balog‘at yoshiga etgan shaxslar o‘rtasida tuzilishi mumkin. Uzrli sabablar bo‘lganida, alohida hollarda nikohga kirishni xohlovchilarning iltimosiga ko‘ra nikoh davlat ro‘yxatidan o‘tkaziladigan joydagi tuman, shahar hokimi nikoh yoshini ko‘pi bilan bir yilga kamaytirishi mumkin. Nikoh yoshini kamaytirish uchun uzrli sabablarning ro‘yhati kodeksda keltirilmagan bo‘lsada, aksariyat hollarda, bu homiladorlik yoki farzandning tug‘ilishi bilan bog‘liqdir.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 15-moddasiga muvofiq O‘zbekistonda nikoh yoshi erkaklar va ayollarlar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilangan. Nikohdan o‘tish uchun ariza topshirilayotganda, nikohdan o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslarning yoshi belgilangan, ularning shaxsini tasdiqlaydigan hujjati talab etiladi. Ammo, ayrim joylarda mazkur shartni buzib, nikohlarning qayd qilinishi achinarli holdir. Amaldagi qonunchilikka muvofiq, loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikoxda turgan shaxslar o‘rtasida nikohning tuzilishiga ham yo‘l qo‘yilmaydi. Ko‘pgina mamlakatlarning qonunchiligi bir nikohlik qoidasidan kelib chiqadi. Bunday ta’qiqning kelib chiqishi hududdagi mavjud diniy an’analar va madaniyat bilan bog‘likdir.

Bugungi kunda islom diniga e’tiqod etgan va milliy tarixiy an’nalarga ega, avvallari ko‘p xotinlilikka yo‘l qo‘yadigan mamlakatimiz aholisi ham bir nikohlik qoidasiga bo‘ysungan. Ommaviy axborot vositalarida bir necha marta mazkur muammo muhokama qilindi, qonunchiligiga zid bo‘lgan ko‘p xotinlik haqida me’yoriy-huquqiy xujjatlar qabul qilish haqida so‘z bordi, ko‘p xotinlilikni qonuniylashtirish tarafdorlari paydo bo‘ldi. Ayrimlar, hattoki, mazkur ta’qiqni juda favqulodda vaziyatlarda, masalan, oilada xotinning kasalligi yoki farzandning bo‘lmasligi, ya’ni farzand ko‘rmagan hollarda bekor qilish mumkin deb hisoblaydi. Mamlakatimizda ko‘p xotinlilikka oid masala bir paytlar darhaqiqat mavjud bo‘lganligi va u milliy urf-odatlar hamda turli dinlar bilan bog‘liq bo‘lgani bois unga juda mulohazali yondashish lozim.

Nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida, shuningdek farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida ham nikohning tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq, bunda farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikoh biologik mulohazalar emas, balki ijtimoiy aloqalar tufayli ta’qiqlanadi. Farzandlikka olish ota-onalik kabi munosabatlarni yuzaga keltirishni maqsad qilib qo‘ygan. SHuning uchun farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasidagi nikoh ahloqiy va huquqiy ta’qiq ostida hisoblanadi.

Loaqal bittasining ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida ham nikohning tuzilishiga ruxsat etilmaydi. Mazkur ta’qiq tasodifiy emas. Albatta, u bir necha shartlar bilan asoslangan, ulardan biri bunday nikohda tug‘ilgan farzandlar haqida g‘amxo‘rlikni nazarda tutadi. CHunki ruhiy kasallikning nasl bo‘yicha o‘tish ehtimoli juda kattadir.

Soxta nikohning tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Soxta nikoh deb shaxsning oila qurish niyatisiz, biror bir manfaatni yoki g‘arazli maqsadni ko‘zlab tuzgan nikohigi aytiladi. Sohta nikoh tuzuvchi er-xotin doimo ma’lum bir maqsadni ko‘zlaydilar. Sohtalik har ikki tomonlama yoki faqat bir tomonlama bo‘lishi mumkin. Agar er ham xotin ham sohta nikoh tuzish niyatida bo‘lsa, nikohni sohtaligini isbotlab berish juda qiyin. Soxta nikohni hisobli nikohdan farqlash zarur, bunday nikohni haqiqiy emas deb topish mumkin emas, uni faqat tugatish mumkin.

Nikohlanuvchi shaxslardan biri tanosil kasalligi yoki odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV kasalligi) borligini ikkinchisidan yashirganda bunday nikoh ham haqiqiy hisoblanmaydi. Qonun chiqaruvchi qayd etilgan kasalliklar mavjudligi haqida ma’lum qilishga alohida ahamiyat beradi. Agar nikohlanuvchi shaxslardan biri boshqasining kasalligi haqida oldindan xabardor bo‘lsa, bunday nikohni haqiqiy emas deb topish mumkin emas.

Er-xotinning kundalik hayoti mohiyatini tashkil qiluvchi aksariyat munosabatlar huquq doirasidan tashqarida yotadi. Agar so‘zsiz nikoh-oilaviy munosabatlarga huquq vositasida ta’sir etish mumkin bo‘lmasa, ularga nafaqat oilaviy, balki boshqa ihtiyoriy huquq sohasi yordamida ta’sir o‘tkazish mumkin emasligini tan olish kerak. SHaxsiy oilaviy munosabatlarga faqat ixtilof yuzaga kelgandagina aralashish huquqi mavjud.

Oilada er va xotinning teng huquqligi shaxsning huquqiy mavqeini belgilovchi konstitutsiyaviy qoidalardan kelib chiqadi. Bunga ko‘ra har bir erkak va ayol fuqarolarning bir hil huquq va erkinlikka egaligi hamda qonun oldida tengligi; yashash va turar joylarini erkin tanlashga egaligi; o‘z faoliyatining turini va kasbini tanlashdagi erkinliklari ifodalangan. Er va xotin teng huquq va majburiyatlarga hamda o‘zaro munosabatlarda va farzandlari bilan bo‘lgan munosabatlarida, nikoh tuzish, nikoxda bo‘lish va nikohni bekor qilinishi kabi munosabatlarda bir hil javobgarlikka egadirlar.

Er-xotin o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar maxsus ahamiyatga ega, ular o‘z egalari bilan chambarchas bogliq va ulardan ajratilmaydi. Aynan shaxsiy munosabatlar nikoh asosini tashkil qiladi va er-xotin o‘rtasidagi boshqa munosabatlarga ta’sir ko‘rsatadi. Ular er-xotin munosabatlari tarzini va xususiyatini belgilaydi.

Er-xotin oilaviy turmush masalalarini birgalikda hal qilish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi 19-moddasida “Er va xotin oilada teng huquqlardan foydalanadilar va ular teng majburiyatlarga egadirlar” [5] deb belgilangan. Ya’ni, bundan er va xotin bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini birgalikda hal qiladilar, degan mazmun-ma’no kelib chiqadi.

Xulosa qilib aytganda, nikoh, oila va oilaviy munosabatlar jamiyat kesimida qaralganda muqaddas hisoblanib, juda murakkab va nozik ijtimoiy-huquqiy masalalar qatoridan haqli ravishda joy oladi.

Foydalanilgan adabiyotlar:
1. O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi. Rasmiy nashr. – Toshkent: “O’zbekiston” nashriyoti, 2023. -B. 43.
2. O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi: Rasmiy nashr - - Toshkent.: “Adolat”, 2021. –B. 8-10.
3. Milliy istitqlol g‘oyasi: asosiy tushunchalar, tamoyillar va atamalar (qisqa izohli lug‘at). Toshkent: Yangi asr avlodi. 2002. -B. 149.
4. Ro‘zieva N. YOshlar tarbiyasida o‘zbek oilalari urf-odatlarining o‘rni // “Barkamol avlod tarbiyasining ma’naviy-ahloqiy, huquqiy, ekologik, valeologik, akmeologik va iqtisodiy masalalari” Respublika ilmiy-amaliy konferensiya materiallari. -Toshkent: Falsafa va huquq instituti. 2010. -B. 318.
5. O‘zbekiston Respublikasining Oila kodeksi: Rasmiy nashr - - Toshkent.: “Adolat”, 2021. –B. 10.

Qiziqarli ma'lumotlar
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo'lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo'yicha dunyoda 5-o'rinda turadi ($ 58,97 mlrd).