Odil sudlovni amalga oshirishning konstitutsiyaviy asoslari

1992 yil 8 dekabrda qabul qilingan mamlakatimiz Konstitutsiyasi mustqillikning o‘tgan yigirma to‘rt yillik tarixiy davrida amalga oshirilgan demokratik, liberal va insonparvar islohotlarning hamda ularning qonunchilik asoslarini yaratishning mayog‘i va bosh huquqiy asosi, inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilishning kafolati bo‘lib xizmat qilmoqda.

Demokratik huquqiy davlatning muhim tarkibiy qismi bo‘lgan sud-huquq tizimini chuqur isloh etish va inson huquqlarini ta’minlash davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilanib, uning qonunchilik asoslari ham Konstitutsiyamiz tamoyillari va qoidalari asosida tubdan qayta ko‘rib chiqilib, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsipi, insonparvarlik g‘oyalariga tayangan holda ishlab chiqildi.

Shu o‘rinda mamlakatimizda amalga oshirilgan va bugun yanada jadal davom etayotgan puxta o‘ylangan, rejali va odilona huquqiy siyosat natijasida Konstitutsiyada belgilangan sud-huquq tizimiga, inson huquq va erkinliklariga oid normalarning alohida qonun hujjatlarida mustahkamlash orqali rivojlanayotganligi hamda amaliyotda samarali qo‘llanilayotganligi xususida to‘xtalib o‘tsak.

Konstitutsiyamizda sud alohida hokimiyat, sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlardan, siyosiy partiyalardan, boshqa jamoat birlashmalaridan mustaqil holda ish yuritadi, sudyalar mustaqildirlar, ular faqat qonunga bo‘ysunadilar, sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi, deb qat’iy belgilab qo‘yildi.

Mazkur konstitutsiyaviy normalar mazmuniga muvofiq sudning mustaqilligini ta’minlash, uni inson huquq va erkinliklarini ishonchli himoya etishga xizmat qiladigan tom manodagi mustaqil davlat institutiga aylantirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Jumladan, sud tizimi butunlay ijro etuvchi hokimiyat organlarining nazorati va ta’siri ostidan chiqarildi. Sudlarning vakolatlari izchil kengaytirilib, ayni paytda o‘ziga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod etildi, jumaldan sudlar jinoyat ishini qo‘zg‘atish, jinoyat ishi bo‘yicha ayblov xulosalarini e’lon qilish vakolatlaridan soqit qilindi. Dastlabki tergov ustidan sud nazorati kuchaytirilib, prokuratura organlarining sud jarayoniga aralashuvini jiddiy cheklash bo‘yicha qonunchilik normalariga zarur o‘zgartishlar kiritildi.

Sudlarda ishlarni ko‘rib chiqishning qat’iy muddatlari belgilandi, kassatsiya va nazorat instansiyalari isloh qilindi, ishlarni qayta ko‘rib chiqishning apellyatsiya tartibi joriy etildi. Mazkur tartib birinchi instansiya sudlari tomonidan yo‘l qo‘yilgan hatolarni o‘z vaqtida tuzatish, sud faoliyatida sansalorlikka yo‘l qo‘ymaslikning muhim kafolatiga aylandi.

Shuningdek, jinoyat va fuqarolik ishlarini malakali asosda ko‘rib chiqish, inson huquq va erkinliklarini to‘la va har tomonlama himoya qilish bo‘yicha faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida umumiy yurisdiksiya sudlarining ixtisoslashuvi amalga oshirildi, fuqarolik va jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tuzildi. Shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi etib belgilandi.

Amnistiya aktini qo‘llash to‘laligicha sudlar vakolatiga o‘tkazildi. Shu o‘rinda amnistiya akti hamma davlatlarda ham qabul qilinmasligiga yoki ayrim davlatlarda 10 yoki 20 yilda bir marta qabul qilinishiga yohud amnistiya aktining faqat ma’lum toifa shaxslargagina nisbatan qo‘llanilishini e’tiborga olsak, mamlakatimizda naqadar insonparvar siyosat amalga oshirayotganligini ko‘rishimiz mumkin.

Sud tizimini malakali, yetuk kadrlar bilan ta’minlashda sudyalik lavozimiga kadrlarni tanlash va tavsiya etish bo‘yicha zamonaviy demokratik tamoyillarga asoslangan huquqiy mexanizmi yaratildi, ya’ni mustaqil Sudyalar oliy kengashi tashkil etilib, ushbu sohadagi vakolatlarni amalga oshirish unga yuklatildi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Konstitutsiyada belgilangan sud-huquq tizimiga oid qoidalar alohida qonun hujjatlarida yildan-yilga inson huquqlari ustuvorligi tamoyilining bosh omil ekanligidan kelib chiqib rivojlanmoqda.

Eng muhimi mustaqil O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakatimizda sud-huquq tizimini isloh etish hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qilish bilan bog‘liq islohotlar mayog‘i, ularning qonunchilik asoslarini yaratish va takomillashtirishning boshlang‘ich nuqtasi va asosi bo‘lib hizmat qilmoqda.

M.Bobojonov

Qiziqarli ma'lumotlar
AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi.