“Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJda Konstitutsiya bayrami nishonlandi

Namangan viloyatidagi davlat va jamoat tashkilotlari, ta’lim muassasalarida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tmoqda.

“Namangan hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” aksiyadorlik jamiyatida korxona kasaba uyushma qo‘mitasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan shunday tadbirda viloyat energetika tizimida mehnat qilayotgan xodimlar ishtirok etdi.

Konstitutsiyamiz mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va kuchli fuqarolik jamiyati barpo etish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqimizning tinch, osoyishta va farovon hayotini ta’minlash hamda O‘zbekistonning xalqaro maydonda munosib o‘rin egallashida mustahkam huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotgani ta’kidlandi.

– Birinchi Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi va g‘oyalari asosida yaratilgan Bosh qomusimiz milliy qadriyatlarimiz va demokratik tamoyillarni o‘zida mujassam etgani bilan dunyo tajribasida o‘ziga xos o‘rin tutadi, – deydi viloyat matbuot va axborot boshqarmasi boshlig‘i Ziyoviddin Mansurov. – Masalan, Asosiy qonunimizning 66-moddasida “Voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majburdirlar” yoki 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilangan. Milliy qadriyatlarimiz asos qilib olingan shu kabi tamoyillar boshqa davlatlarning Konstitutsiyasi uchun ibrat bo‘la oladi.

Tadbirda Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi va mazmun-mohiyatidan hikoya qiluvchi videolavha namoyish qilindi. Mutaxassislarning mavzuga doir ma’ruzalari ishtirokchilarning huquqiy bilimini yanada boyitishga xizmat qildi.

Akramjon Sattorov,

O‘zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.