Konstitutsiyamizda mulkdorlarga yerni, mulkni erkin tasarruf etish huquqi berilgan

Huquq va erkinliklarimiz o‘z ifodasini topgan Konstitutsiyamizning bir necha moddasida har bir shaxsning mulkdor bo‘lishga haqliligi, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekani, mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qilishi, undan foydalanishi va uni tasarruf etishi belgilab qo‘yilgan.

Surxondaryo viloyatida ham Bosh qomusimizda mustahkamlab qo‘yilgan ushbu huquqlardan keng foydalanyotgan fermerlar yerga, mulkka egalik qilib, yurt obodligi, aholi farovonligi va dasturxonimiz to‘kinligini ta’minlashga munosib hissa qo‘shmoqda.

Viloyatda 9 ming 346 fermer xo‘jaligi faoliyat yuritib, paxta, boshoqli don, uzum, poliz va meva-sabzavot mahsulotlari yetishtirmoqda, chorva parvarishlayotir. Baliqchilik, asalarichilik, quyonchilik kabi tarmoqlarda ham fermerlar yuqori natijalarga erishmoqda.

Sho‘rchi tumanidagi “Jo‘rayeva Oysulton” bog‘dorchilik fermer xo‘jaligi tashkil etilganiga o‘n yildan oshdi. Uch gektar maydonda meva yetishtirgan tajribali fermer bog‘dagi ko‘p yillik mevali daraxtlar o‘rniga olcha, olma, nok, o‘rik kabi serhosil daraxt ko‘chatlari qadab, parvarish qilmoqda.

– Konstitutsiyamizda mulkdorlarga yerni, mulkni erkin tasarruf etish huquqi berilgani yutuqlarimiz omili bo‘layotir, – deydi O.Jo‘rayeva. – Biz hosildorlikni yanada oshirish maqsadida bog‘imizni turli mevali daraxt ko‘chatlari bilan boyitdik. Keyingi yildan bog‘imiz hosilga kiradi. Yetishtirilgan mevaning bir qismini aholiga arzon narxlarda sotamiz. Bozordan ortgan qismini eksport qilamiz. Kelgusida intensiv bog‘ barpo etish va mevani qayta ishlashni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirganmiz.

Mamlakatimizda fermerlarning huquq va qonuniy manfaatlari ishonchli himoya qilinayotgani ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari safi kengayishiga xizmat qilmoqda.

– Viloyatda ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaliklari soni 2 ming 100 taga yetdi, – deydi viloyat fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi Sh.Boyqulov. – Bosh qomusimiz va O‘zbekiston Respublikasining “Fermer xo‘jaliklari to‘g‘risida”gi qonunida belgilab qo‘yilgan huquqlar ularning turli tarmoqlarni yo‘lga qo‘yishida muhim ahamiyat kasb etayotir. Jumladan, fermerlar qishloqda zamonaviy, ixcham korxonalar barpo etib, go‘sht-sut mahsulotlarini qayta ishlamoqda. Aholiga servis va boshqa xizmatlar ko‘rsatmoqda. Intensiv bog‘ yaratib, dasturxonimizni sarxil mevalar bilan ta’minlamoqda. Baliqchilik, parrandachilik, quyonchilik va asalarichilik kabi tarmoqlar ham rivojlanayotir. O‘z hududidagi aholi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlar bandligini ta’minlab, ularning munosib turmush kechirishiga ko‘maklashmoqda. Mahsulotining bir qismini eksport qilmoqda. Bularning barchasi yer egalarining huquq va manfaatlari ta’minlanayotgani hamda mamlakatimizda fermer xo‘jaliklarini qishloqda yetakchi kuchga aylantirish borasida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar samarasidir.


Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya'ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.