O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi – muvaffaqiyatli hamkorlikning huquqiy asosi

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi xalqaro demokratik prinsiplarga mosligi, barcha soha o‘z ifodasini topgani bilan mamlakatimiz fuqarolarining huquq va manfaatlarini ta’minlamoqda. Buni xorijliklar ham alohida e’tirof etmoqda.

Jong Vey Siang, “Sinotrans Landbridge Transportation” kompaniyasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi menejeri (Xitoy):

– Kompaniyamiz Xitoy to‘qimachilik korxonalariga paxta tolasi yetkazib berish bilan shug‘ullanadi. Bu borada O‘zbekiston bilan faol hamkorlik qilib kelamiz. Shu maqsadda Toshkentda o‘z vakolatxonamizni ochganmiz. O‘zbekistonda barcha sohalar qatori paxtachilik va to‘qimachilik sanoati ham izchil rivojlanayotgani, sohaga eng zamonaviy texnologiyalar joriy etilayotganini alohida ta’kidlashni istardim. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik har sohada yuksak sur’atlarda rivojlanib borayotgani bizni quvontiradi.

Inson qaysi mamlakatda bo‘lsa, o‘sha davlatning qonun-qoidalarini bilishi va ularga rioya etishi lozim. Men ham O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini, faoliyatimiz sohasiga oid huquqiy hujjatlarni yaxshi o‘rgandim. O‘zbekiston Bosh qomusida chet el fuqarolarining huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanishi belgilangan. Bu mamlakatingizda inson manfaatlari ulug‘langani, xalqaro aloqalarga keng yo‘l ochilganidan dalolatdir.

Kim Yun Suk, “Shindong Enerkom” kompaniyasi prezidenti, “Koreya Respublikasi – O‘zbekiston” do‘stlik assotsiatsiyasi raisi (Janubiy Koreya):

– O‘zbekistonda biznesimizni 1991-yilda yo‘lga qo‘yganmiz. Mamlakatingizdagi iqtisodiy rivojlanish bosqichlariga bevosita guvohmiz. O‘zbekistonda Prezident Islom Karimov rahnamoligida erkin bozor iqtisodiyotiga bosqichma-bosqich o‘tish borasida g‘oyat oqilona siyosat yuritildi.

O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida mamlakatingizda tinchlik-totuvlik, teng huquqlilik ta’minlanmoqda. Hamma erkin kasb tanlab, o‘z reja va maqsadlarini amalga oshirishga muvaffaq bo‘lmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston iqtisodiyoti barqaror rivojlanmoqda.

Konstitutsiyada kafolatlangan mulkdorlik huquqi, qonun bilan mustahkamlangan imtiyoz va preferensiyalar xorijiy investorlarning mamlakatingiz iqtisodiyotiga qiziqishini oshirmoqda. Mamlakatingizda amalga oshirilayotgan xususiylashtirish va korporativ boshqaruvni rivojlantirish, iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, ishlab chiqarishni modernizatsiyalash va diversifikatsiyalash jarayonlari natijasida O‘zbekiston iqtisodiyoti yanada jadal taraqqiy etishiga ishonamiz.

Viteliya Koppola, advokat (Italiya):

– O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 46-moddasida “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqlidirlar”, deb belgilangan. Mamlakatingizda xotin-qizlarga katta e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilishidan dalolat beruvchi ushbu modda ularning jamiyatdagi nufuzini oshirishda, ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlardagi faoliyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilayotir.

Natijada tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar safi muttasil kengayib, ular mamlakatning iqtisodiy rivojlanishiga o‘z hissasini qo‘shmoqda. O‘zbekiston xotin-qizlari siyosiy jarayonlarda ham faol ishtirok etmoqda. Mamlakatingizda siyosiy partiyalardan ko‘rsatilgan deputatlikka nomzodlar umumiy sonining kamida o‘ttiz foizini xotin-qizlar tashkil etishi lozimligi to‘g‘risidagi qonunchilik normasi ham alohida e’tiborga loyiq. Bu jihatlar O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida uzoqni ko‘zlab belgilangan me’yor va qoidalar samarasidir.

Muhammad Al-Mandil, “ManCapita” kompaniyasi rahbari (Bahrayn):

– O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik, mulkdorlik huquqlariga alohida e’tibor qaratilgani ahamiyatlidir. Unda har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli ekani, mulkdor mulkiga o‘z xohishicha egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish huquqiga ega ekani belgilangani mamlakatingizda mulkchilik qonun bilan himoya qilinishining hamda bu yerda faol biznes yuritish uchun erkin yo‘l ochib berilganining yana bir yorqin isbotidir. Ishbilarmonlik sohasida qator qonunlar qabul qilish orqali mustahkam huquqiy asos yaratilgan va ular hayotda o‘z amaliy ifodasini topmoqda. Bu O‘zbekiston iqtisodiyotining chet ellik sarmoyadorlar uchun jozibadorligini tobora oshirmoqda.

Kompaniyamiz investitsiya sohasida ish yuritadi. Qator mamlakatlarda, jumladan, Toshkentda ham o‘z vakolatxonamizga egamiz. O‘zbekiston bilan muqobil energetika, oziq-ovqat mahsulotlari ishlab chiqarish va eksport qilish hamda sanoat sohasida yaqin hamkorlik qilmoqdamiz. Kelgusida O‘zbekistonda boshqa istiqbolli sohalarga ham sarmoya kiritishni maqsad qilganmiz. Zotan, bu zaminda biznes uchun barcha qulay sharoit, tinchlik va barqarorlik mavjud.


Manba: O'zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.