“O’zbekiston Konstitutsiyasi - dunyodagi eng demokratik va xalqchil hujjatlardan biri”

O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 23 yilligi munosabati bilan Hindistonning ijtimoiy-siyosiy, ekspert-tahliliy va madaniy-gumanitar doiralari vakillari tomonidan mamlakatimiz erishgan muvafaqqiyatlarda bosh qomusimizning tutgan o’rni va ahamiyati haqida fikr-mulohazalar bildirilmoqda.

Jumladan, Kalkutta shahrida joylashgan Mavlono Abul Kalam Ozod nomidagi Osiyo tadqiqotlar instituti ilmiy xodimi, doktor Aprita Basu Roy O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi inson manfaatlari, huquq va erkinliklarini o’zida mujassam etgan dunyodagi demokratik va xalqchil hujjatlardan biri ekanligini e'tirof etgani holda quyidagilarni ta'kidladi:

- Ma'lumki, dunyoda o’z konstitutsiyasiga ega bo’lmasdan turli qonunlar majmuasi bosh qomus vazifasini o’taydigan davlatlar ham mavjud. O’zbekiston o’z tarixiy, ma'naviy va madaniy qadriyatlarini, shu bilan birga, dunyoning ilg’or tajribalari hamda umumbashariy demokratik tamoyillarni o’zida mujassam etgan puxta va barcha xalqaro huquqiy me'yorlarga mos o’z konstitutsiyasini qabul qildi.

Mamlakatingiz bosh qomusining 41-moddasida “Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta'lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir”, deya belgilab qo’yilgan. Bugungi globallashuv, ayni paytda dunyoning qator burchaklarida qashshoqlik, notinchlik, jaholat va boshqa illatlar avj olayotgan bir davrda O’zbekistonda tug’ilib o’sayotgan har bir bola maktab yoshiga yetgach bepul ta'lim olishi mamlakat Konstitutsiyasi bilan himoya qilingan. Afsuski, ko’pchilikka oddiy ko’rinadigan bu hol bir qancha davlatlarda hamon hukumatning jiddiy e'tiboriga muhtoj bo’lib kelmoqda.

Shuningdek, O’zbekiston Konstitutsiyasining bir necha moddalarida mamlakat aholisining e'tiqod erkinligiga alohida to’xtalib o’tilgan va ularning mohiyati mamlakatda istiqomat qiladigan har qanday kishining e'tiqodi uning o’zi tomonidan tanlanishi belgilangan.

Shuni ishonch bilan ta'kidlash joizki, O’zbekistonning Bosh qomusi mamlakatni dunyoning ilg’or demokratik tamoyillar va fuqarolik jamiyati rivojlangan yetakchi davlatlari qatoridan joy olishiga xizmat qiluvchi muhim huquqiy poydevordir. Konstitutsiya belgilab bergan tamoyillar asosida tobora rivojlanib borayotgan O’zbekistonning jahon hamjamiyatida o’z munosib o’rniga ega ekanligi bir do’st mamlakat vakili sifatida menga mamnuniyat bag’ishlaydi.

Fursatdan foydalanib, O’zbekiston xalqini respublika Konstitutsiyasining 23 yilligi munosabati bilan samimiy muborakbod etaman. Quyoshli o’lkaning barcha aholisiga tinchlik va farovonlik, baxt-saodat tilayman!

“Asia News Agency” axborot agentligi muharriri Nitu Singx mamlakatimizda istiqlol yillarida erishilgan yutuqlar hamda ro’yobga chiqarilgan keng ko’lamli islohotlarda O’zbekiston Bosh qomusining ahamiyati beqiyos ekanligini quyidagicha baholadi:

- Dunyodagi yetakchi demokratik davlatlarning eng ilg’or tajriba va yutuqlarini o’zida mujassam etgan O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining asosi Prezident Islom Karimov tomonidan ishlab chiqilgan. Bu endigina mustaqillikka erishgan davlatning asosiy qonunini yaratishga naqadar oqilona va puxta yondashilganligi hamda uning kelajakni ko’ra bilish salohiyatiga ega bo’lgan davlat arbobi tomonidan ishlab chiqilganidan dalolat beradi.

O’tgan yillar davomida O’zbekistonda barcha sohalarni modernizatsiya qilish bilan birgalikda mahalla, parlament, saylov va sud-huquq singari tizimlar to’laqonli isloh qilinib, iqtisodiy taraqqiy etgan demokratik davlat barpo etish va fuqarolik jamiyatini rivojlantirishning asosi yaratildi.

Ana shu poydevor bugun mamlakat fuqarolarining har bir sohada erkin faoliyat yuritishiga, bilim olishiga, o’z xohish-irodalarini ifoda etishiga, bir so’z bilan aytganda, hyech kimdan kam bo’lmay, baxtiyor hayot kechirishiga xizmat qilmoqda.

Qutlug’ sana - O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 23 yilligi munosabati bilan chin qalbdan tabriklayman hamda mamlakatingizga barqaror taraqqiyot va farovonlik tilayman!


Manba: “Jahon” axborot agentligi

Qiziqarli ma'lumotlar
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo'lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo'yicha dunyoda 5-o'rinda turadi ($ 58,97 mlrd).