Davlat xizmati, ochiqlik va qonun ustuvorligi: Konstitutsiya asosida korrupsiyaga qarshi kurashning milliy modeli

O‘zbekiston Respublikasining Yangilangan Konstitutsiyasi mamlakatda huquq ustuvorligi, davlat xizmatining shaffofligi va jamiyat oldida hisobdorlikni ta’minlashga qaratilgan korrupsiyaga qarshi milliy siyosatning eng muhim huquqiy negizi hisoblanadi. Konstitutsiyada ifoda etilgan demokratiya, ochiqlik, adolat va qonuniylik tamoyillari korrupsiyaga qarshi kurashning konseptual va institutsional poydevorini belgilab beradi.

O‘zbekiston Respublikasining Yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi davlat xizmati, ochiqlik va qonun ustuvorligi kabi tamoyillarni mustahkamlaydi. Muqaddimada «insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish» nazarda tutilgan. Konstitutsiyaning 2-moddasida «Davlat xalq irodasini ifoda etgan holda uning manfaatlariga xizmat qiladi» deyiladi, bu davlatning aholi manfaatiga xizmat qilish va jamiyat oldida mas’uliyatli ekanini ta’kidlaydi. Shuningdek, 14-moddada davlatning faoliyati qonuniylik va ijtimoiy adolat prinsiplariga asoslanganligi qayd etilgan. Konstitutsiyaning 15-moddasi qonun va konstitutsiyaning oliy huquqiy kuchga ega ekanligi belgilangan bo‘lsa, 16-modda esa qonun normalarining konstitutsiyaga zid bo‘lmasligi shart qilaradi.

Konstitutsiyada birinchi marta ochiqlik va hisobdorlik prinsiplari alohida ustuvor yo‘nalish sifatida huquqiy mustahkamlandi. Davlat byudjeti ochiqligi, ijro hokimiyati faoliyatida shaffoflik va korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rish majburiyati konstitutsiyaviy darajada belgilab qo‘yilishi – korrupsiyani bartaraf etishda huquqiy kafolatlarnining yangi bosqichiga qadam qo‘yilganini anglatadi.davlat byudjetini shakllantirish «ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida» amalga oshirilishi, davlat organlariningdek xalq oldida hisobdorligi, ijro hokimiyati faoliyatida ochiqlik va korrupsiyaga qarshi choralar ko‘rishi davlatning asosiy vazifasi etib belgilab qo‘yilgan (115-modda, 10-band). Shu bilan birga, yangi tahrirdagi Konstitutsiya davlat xizmati tizimini zamonaviy, mas’uliyatli va samarali institut sifatida shakllantirishga yo‘naltirilgan bo‘lib, korrupsiya xavflarini kamaytirish uchun huquqiy, tashkiliy va ma’muriy mexanizmlarning mustahkamlanishiga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 5 mart kunidagi Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi yig‘ilishidagi nutqida “Islohotlar yo‘lidagi eng katta to‘siq va g‘ov — bu korrupsiyadir. Buni dunyo tajribasi ham to‘liq tasdiqlaydi. Korrupsiya oqibatida jahon iqtisodiyoti yiliga 3 trillion dollar zarar ko‘rayotgani bu global xavf ekanidan dalolat. Korrupsiya shunday yovuz illatki, u xalqning davlatga, Konstitutsiya va qonunlarga ishonchiga putur yetkazadi, barqaror rivojlanish va xavfsizlik uchun jiddiy tahdidga aylanadi”, deya alohida ta’kidlab o‘tdilar.

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatning uzoq muddatli barqaror taraqqiyotini ta’minlashga qaratilgan konseptual dastur bo‘lib, unda inson manfaatlari, davlat boshqaruvi samaradorligi va qonun ustuvorligini kuchaytirish ustuvor yo‘nalish sifatida belgilangan. Ushbu strategiya nafaqat iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni qamrab oladi, balki davlat boshqaruvida shaffoflik, hisobdorlik va adolat tamoyillarini mustahkamlash orqali korrupsiyaga qarshi tizimli kurashni ham nazarda tutadi.

Strategiyaning 89-maqsadi — “Korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish ishlarini jadal davom ettirish” — mamlakatda amalga oshirilayotgan huquqiy islohotlar tizimida fundamental ahamiyat kasb etadi. Bu maqsad milliy taraqqiyotning barcha sohalarida halollik, ochiqlik va qonun ustuvorligini ta’minlashni strategik vazifa sifatida belgilaydi.

Maqsadning ilmiy-qonunshunoslik jihatdan ahamiyati shundaki, u korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat siyosati va jinoyat-huquqiy tizimning eng ustuvor yo‘nalishlarini belgilab beruvchi metodologik asos bo‘lib xizmat qiladi. Xususan, unda belgilangan vazifalar — “Transparency International” tashkiloti tomonidan e’lon qilinadigan Korrupsiyani qabul qilish indeksida (CPI) kamida 50 pog‘onaga ko‘tarilish;
davlat xaridlarida shaffoflikni ta’minlash va to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar orqali mablag‘larni talon-toroj qilish holatlarini ikki barobarga kamaytirish;
barcha normativ-huquqiy hujjatlarni “korrupsiyadan xoli qonunchilik” tamoyili asosida ishlab chiqish —ham ilmiy-tadqiqot nuqtai nazaridan, ham huquqiy amaliyotda tadqiq etish uchun muhim manba hisoblanadi.

So‘nggi yillarda korrupsiyaga qarshi islohotlar doirasida huquqiy bazani takomillashtirishga katta e’tibor qaratilgan. 2017-yilda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun korrupsiya tushunchasini aniqlab, jinoyat va huquqbuzarliklar bilan muvofiqlikni belgilaydi. Shu bilan birga, ishni muvofiqlashtiruvchi qator Prezident farmon va qarorlari qabul qilindi: 2017-yilda Prezident farmoni bilan islohot dasturi tasdiqlanib, amalga oshirish choralari belgilandi; 2019 va 2020 yillarda korrupsiya tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha yangi farmonlari qabul qilindi. 2020 yil 29 iyunda Prezident qarorlari bilan maxsus korrupsiyaga qarshi kurashuvchi organ – Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ta’sis etildi.

Yangi O‘zbekistonda korrupsiyaga qarshi davlat siyosati ustuvor mavzulardan biri hisoblanadi. Prezident Sh.Mirziyoyevning 2023–2025 yillardagi chiqishlarida korrupsiyaga qarshi kurash yuqori darajada muhimligi alohida ta’kidlanayotgani kuzatiladi. Xususan, barcha davlat idoralarida komplayens-chiqish va raqamli tortish tizimlari joriy etilgan, davlat xaridlari to‘liq raqamlashtirilgan ekanligi alohida qayd etildi.

So‘nggi yillarda korrupsiyaga oid jinoyatlar va qonuniy jazolash jarayoni aniq raqamlar bilan aks ettirilmoqda. Xususan, 2024 yilda mamlakat bo‘yicha sudlar tomonidan 4 649 ta jinoyat ishi bo‘yicha jami 7 354 nafar shaxs korrupsiyaga oid qilmishlar uchun javobgarlikka tortilgan va shu faoliyat oqibatida davlat manfaatlariga 2,812 trln so‘m miqdorida zarar yetkazilganligi ma’lum qilindi. Ushbu jarayonlarda ishga joylashtirish, bank kreditlari ajratish yoki byudjet mablag‘larini taqsimlash kabi ishlar bilan bog‘liq jinoyatlar aniqlanganligi qayd etilgan (masalan, ishga joylashtirish bilan bog‘liq 123 ta, kreditlar bilan bog‘liq 292 ta, byudjet bilan bog‘liq 640 ta holat).

Umuman olganda, korrupsiyaning ijtimoiy xavfliligi shundaki, u:
Fuqarolarning teng huquqlilik prinsipini buzadi;
Mansab yoki xizmat mavqeidan foydalanib sodir etiladi;
G‘arazgo‘ylik maqsadida moddiy yoki nomoddiy foyda olish maqsadida sodir etiladi;
Davlat va jamiyat hayotining muhim sohalariga ziyon yetkazadi.

Yuqoridagi tahlillar asosida tavsiya qilinadi:
Xulosa qilib aytganda, umumiy maqsad – korrupsiya sababli kelib chiqishi mumkin bo‘lgan salbiy oqibatlarni oldini olishga qaratilgan islohotlardir. Bular huquqiy, institutsional va amaliy chora-tadbirlar birdamligida natijali amalga oshiriladi. Qonun ustuvorligi va ochiqlikni ta’minlash borasidagi konstitutsiyaviy kafolatlardan kelib chiqqan holda, korrupsiyaga qarshi kurash davlat siyosati barcha sohalarga qamrovli qilib olib borilishi kerak.

Go‘zalxon Nurmuhammedova,
Jamoat xavfsizligi universiteti dotsenti

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.