Konstitutsiya – vijdon erkinligi kafolati

Jizzax politexnika institutida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 25 yilligiga bag‘ishlab o‘tkazilgan tadbir shunday nomlandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi vakillari, imom-xatiblar, ta’lim muassasalari rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etgan tadbirda Bosh qomusimizda hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanishi, har bir inson xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega ekani, diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmasligi belgilangani ta’kidlandi.

Prezidentimizning BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasi va Islom hamkorlik tashkilotining Fan va texnologiyalar bo‘yicha birinchi sammitida so‘zlagan nutqlarida ham diniy ma’rifatning umuminsoniy madaniyatda tutgan o‘rniga yuksak baho berildi.

Darhaqiqat, Konstitutsiyamizda mustahkamlab qo‘yilgan vijdon erkinligi har bir fuqaroga biror dinga e’tiqod qilish yoki birorta dinga e’tiqod qilmaslik huquqini kafolatlaydi. Ammo dunyoning hozirgi globallashuv jarayoni, ayniqsa, yoshlarni «ommaviy madaniyat» niqobi ostida yurtimizga kirib kelayotgan turli g‘ayriaxloqiy, buzg‘unchi g‘oyalar ta’siridan asrashni har qachongidan dolzarb vazifa qilib oldimizga qo‘ymoqda. Shu bois yoshlarning diniy bilimini boyitish, dunyoqarashini to‘g‘ri shakllantirishning ahamiyati tobora ortayotir.

– Viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklar, jumladan, diniy oqimlarga qo‘shilib qolish holatlarining oldini olishga qaratilgan tarbiyaviy ishlarga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari E.Ismatov. – Ammo bu yo‘nalishdagi tarbiyaviy ishlar ko‘lamini faqat ta’lim muassasalari doirasida chegaralab bo‘lmaydi. Yoshlarning dunyoqarashi, tarbiyasini shakllantirishda ota-ona, qo‘ni-qo‘shni, mahalla-ko‘yning mas’uliyatini oshirish maqsadida sektorlar doirasida mahallalar, oilalardagi muhitni yaxshilashga ustuvor ahamiyat berilmoqda.

Tadbir ishtirokchilari bugun turli diniy ekstremistik oqimlar o‘zining buzg‘unchi g‘oyalarini tarqatishda axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan keng foydalanayotgani, yoshlar ongiga ta’sir o‘tkazuvchi internet sahifalari orqali eng chekka hududlargacha yetib borayotganiga e’tibor qaratdi. Bu xatarning oldini olish uchun targ‘ibot-tashviqot, tarbiyaviy tadbirlarni tashkil etishda chekka hududlardagi yoshlarni keng qamrab olishga qaratilgan aniq takliflar bildirildi.

Shu mavzudagi targ‘ibot tadbirlari viloyatning barcha tuman va shaharlarida o‘tkazilmoqda.


Toshqul Beknazarov, O‘zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.