Yangi tahrirdagi Konstitutsiya – irqiy kamsitishga barham berish kafolati

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimizning yaqin va uzoq istiqboldagi barqaror taraqqiyoti, xalqimiz farovon hayotining mustahkam huquqiy asosi va ishonchli kafolatidir. Bosh qomusimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar mustahkamlangan.

Jumladan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 19-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar” degan insonparvar norma mustahkamlangan.

1965-yil 21-dekabrda qabul qilingan va 1969-yil 4-yanvarda kuchga kirgan “Irqiy kamsitishning barcha shakllarini tugatish to‘g‘risida”gi Xalqaro konvensiya insoniyat tarixidagi eng muhim huquqiy hujjatlardan biridir. O‘zbekiston Respublikasi mazkur Konvensiyani ratifikatsiya qilgan va 2025-yil 28-oktabrda kuchga kirgan.

Ushbu konvensiyaning maqsadi irq, teri rangi, nasab, milliy yoki etnik kelib chiqishga asoslangan har qanday kamsitishni bartaraf etish, millatlararo tenglik va bag‘rikenglikni mustahkamlashdir. Xususan, Konvensiyaning 6-moddasi “Ishtirokchi davlatlar har bir odamga ushbu Konvensiyani buzib inson huquqlari va asosiy erkinliklariga, shuningdek huquqlariga qasd qilinganda irqiy kamsitishning har qanday harakatlari sodir etilgan holda vakolatli milliy sudlar va boshqa davlat institutlari orqali samarali himoyani hamda himoya vositalarini, shuningdek shu sudlarga bunday kamsitish oqibatida yetkazilgan har qanday zarar uchun adolatli va teng undirish yoki qondirish to‘g‘risida da’vo qilish huquqlarini ta’minlaydi” deb belgilanganligi inson huquqlarini himoyalashning asosiy mexanizmlarini nazarda tutib, irqiy kamsitish uchragan har bir shaxsning huquqlarini himoyalashning huquqiy asoslarini belgilab beradi.

Demak, mazkur norma 3 ta huquqiy kafolatni belgilaydi:
1. Irqiy kamsitishdan jabrlangan shaxs sudga murojaat qilish huquqiga ega ekanligini;
2. Sud va davlat organlari orqali himoya qilinishini;
3. Huquqni tiklash choralari kafolatlanishini.

Xalqaro standartlar ko‘ra har bir huquqi buzilgan shaxsga beriladigan huquqiy kafolatlar ishtirokchi davlatlar tomonidan milliy huquq tizimiga joriy qilish majburiyat hisoblanadi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 55-moddasi esa har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqini kafolatlaydi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya oliy yuridik kuchga ega ekanligidan kelib chiqib, davlat organlari va tashkilotlari, shu jumladan, sud va huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida to‘g‘ridan-to‘g‘ri va so‘zsiz qo‘llaniladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilgan normalarning hayotga qat’iy hamda izchil tatbiq etilishi, xususan, sudlar tomonidan ana shu konstitutsiyaviy qoidalarning to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llanishi yurtimiz va xalqimiz tarixida inson huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari va qadr-qimmatini ulug‘lash borasida yangi davrni boshlab beradi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balandparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz, avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklarini ta’minlashni nazarda tutamiz”.

Xulosa qilib aytganda, bugun Konstitutsiyamizning normalarida asosiy e’tibor inson, jamiyat va davlatning barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilganini ishonch bilan ta’kidlash mumkin. Yangi O‘zbekiston o‘zining irqiy kamsitishga barham berish sohasidagi xalqaro majburiyatlariga qat’iy sodiqligini namoyon etmoqda.

Faxriddin Madiyev,
Odil sudlov akademiyasi dotsent v.b.

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.