Inson va fuqarolarning iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga alohida “Iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlar” bobi kiritilgan. Mazkur IX bobda inson va fuqaroning iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik huquqlarining yuridik tabiati, mulk huquqi, mehnat huquqi, ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqi, sogʻliqni saqlash huquqi, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi, ijtimoiy taʼminot huquqi, uy-joyli boʻlish huquqi, taʼlim olish huquqi, qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqi, ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi mustahkamlab qoʻyilgan.
Iqtisodiy huquqlar – iqtisodiy sohadagi inson faoliyatini yuridik jihatdan belgilovchi huquqlarning majmuidir.
Konstitutsiyada belgilangan mulk huquqi, bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi kafolati huquqi, meros huquqi (41-modda), har bir shaxsning mehnat qilish sohasidagi huquq va erkinliklari (42–44-moddalar) iqtisodiy huquqlar hisoblanadi.
Ijtimoiy huquqlar deyilganda, insonlarning davlatdan muayyan yordam olishlariga imkon beruvchi ijtimoiy taʼminot va ijtimoiy yordam olish, munosib turmush tarzini kechirishga imkon beruvchi huquqlarning yigʻindisi tushuniladi.
Konstitutsiyada belgilangan ishsizlikdan himoyalanish huquqi (43-modda), kasbiy va qayta tayyorgarlikdan oʻtish huquqi (43-modda), dam olish huquqi (45-modda), ijtimoiy taʼminot olish huquqi (46-modda), uy-joy bilan taʼminlanish huquqi (47-modda), sogʻliqni saqlash va malakali tibbiy yordam olish huquqi (48-modda), taʼlim olish huquqi (50-modda), oʻqituvchining ijtimoiy himoyada boʻlish huquqi (52-modda) ijtimoiy huquqlar hisoblanadi.
Ma’lumot uchun: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida mulk huquqining kafolati belgilangan boʻlib, ushbu normaga koʻra, har bir shaxs mulkdor boʻlishga haqli.
Mulkchilik munosabatlari moddiy neʼmatlar (tovarlar) ishlab chiqarish va moddiy boyliklarni taqsimlash xususidagi iqtisodiy munosabatlardir.
Bu muhim! Mulkni egallash huquqi deb, mulkni qoʻlda yoki unga nisbatan oʻz huquqlarini amalga oshirishga imkon beruvchi biron joyda saqlab turishga aytiladi. Mulkni qonunga muvofiq ravishda oʻz qoʻlida yoki oʻz erki-irodasi taʼsiri ostida saqlab turgan shaxs mulkni egallash huquqiga ega.
Mulkdan foydalanish huquqi deb, mulkning foydali xususiyatlarini olishga, mulkdan iqtisodiy maʼnoda foydalanishga aytiladi. Mulkdan qonunga muvofiq ravishda foydalanuvchi shaxs shu mulkdan foydalanish huquqiga ega boʻladi.
Mulk egasi tasarruf etish huquqiga binoan mulk yuzasidan xilma-xil bitimlar, shartnomalar, chunonchi, ashyoni sotish, hadya qilish, ijaraga berish toʻgʻrisidagi shartnomalarni tuza oladi.
Konstitutsiyaning 42-moddasida shaxsning mehnat qilish sohasidagi huquq va erkinliklari va uni amalga oshirishga oid quyidagi normalar belgilandi:
birinchidan, “munosib mehnat” deganda, adolatli ish haqi toʻlanadigan ish joylari, yetarli mehnat sharoitlari va ishonchli ijtimoiy himoya koʻzda tutiladi. Shuningdek, har kim xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan, qulay mehnat sharoitlarida ishlash huquqiga ega.
ikkinchidan, inson mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq toʻlashning belgilangan eng kam miqdoridan kam boʻlmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega, degan norma nazarda tutilgan. Shu maqsadda normativ-huquqiy hujjatlar bilan mehnatga haq toʻlashning eng kam miqdori belgilanadi.
Pensiyalar, nafaqalar, ijtimoiy yordam boshqa turlarining miqdori rasman belgilab qoʻyilgan tirikchilik uchun zarur eng kam miqdordan oz boʻlishi mumkin emas (46-modda).
Ma’lumot uchun: Yoshga doir pensiya sugʻurta qilingan xodimlarga umumiy asoslarda: erkaklar oltmish yoshga toʻlgan boʻlib, umumiy mehnat staji yigirma besh yildan kam boʻlmagan taqdirda, ayollar ellik besh yoshga toʻlgan boʻlib, umumiy mehnat staji yigirma yildan kam boʻlmagan taqdirda tayinlanadi.