O‘zbekiston Konstitutsiyasida inson va davlat manfaati
Xusanov Ozod Tillaboyevich
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi
Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi
professori, yuridik fanlar doktori
Annotatsiya: Mazkur maqolada inson va davlat manfaatlarining nisbati ustida fikr yuritiladi. Konstitutsiya davlatning asosiy qonuni sifatida vujudga kelib, davlat hokimiyatini qonun doirasida cheklar ekan, davlat va inson manfaati o‘rtasida mutanosiblikni (tenglikni) o‘rnatishni nazarda tutgan. Jamiyat rivojlanishi va XX asrda inson manfaati ustuvor bo‘lishi haqidagi taʼlimotlar vujudga kela boshladi va bu taʼlimot (g‘oyalar) ayniqsa BMTni tashkil topishi, u tomonidan qabul qilingan hujjatlarda o‘z o‘rni topa boshladi.
O‘zbekistonning 1992-yil 8-dekabrda qabul qilingan Konstitutsiyasida ham shu masalaga eʼtibor berildi. 2023-yilda qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada bir masala — inson manfaatlarini ustuvorligini taʼminlash bo‘ldi. Shu maqsadda inson huquqlari yanada kengaytirildi, kafolatlar kuchaytirildi. Shu masala maqolani asosini tashkil etadi.
Kalit so‘zlar: Konstitutsiya. Inson va davlat manfaati. Inson huquqlarini kengayishi. Davlat masʼuliyati. Inson huquqlari kafolatlari. Shaxsiy, Siyosiy, Iqtisodiy, Ijtimoiy, Madaniy, Ekologik huquqlar. Milliy institutlar.
Dastlabki konstitutsiyalar — jumladan AQShning 1787-yilgi konstitutsiyasida asosiy masala hokimiyat masalasini to‘g‘ri tashkil qilish natijasida davlat (hokimiyat) bilan inson manfaatlari o‘rtasida mutanosiblikni o‘rnatish edi. Shu maqsadda u konstitutsiyaning bosh g‘oyasi hokimiyat bo‘linishi prinsipi asosida hokimiyat tizimini (qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi, sud hokimiyati) tashkil etish bo‘lgan. Konstitutsiyada inson huquqlari masalasi ko‘zda tutilmagan. Bu tez orada inson huquqlarini konstitutsiyaviy asosda o‘rnatmay turib, davlat va inson manfaatlarida mutanosiblikni o‘rnatib bo‘lmasligini ko‘rsatdi. Shuning uchun AQSH konstitutsiyasiga dastlabki to‘rt yil davomida inon huquqlariga taalluqli o‘nta qo‘shimcha kiritildi.
XX asrda qabul qilingan Konstitutsiyalarda inson huquqlariga jiddiy eʼtibor berilib ko‘plab normalar bag‘ishlandi. 1917-yildan va II jahon urushidan so‘ng jahon siyosiy hamjamiyatida katta o‘zgarishlar bo‘lib, kommunistik g‘oyaga asoslangan sotsialistik tuzum vujudga keldi. U tuzum ishchi, dehqon, mehnatkashlarning manfaatlarini himoya qilishni daʼvo qilib chiqdi. Sobiq Sovet ittifoqi va uning tarkibidagi Respublikalar, jumladan, O‘zbekiston konstitutsiyalarida inson huquqlariga katta o‘rin berildi.
Lekin eʼtiborli jihati shunda ediki, ularning konstitutsiyalardagi inson huquqlariga yondashuv — huquqlarni belgilash, sinfiy xarakterda edi.
Bu bir jamiyatning o‘zida insonlarni toifalarga bo‘lish, kimgadir huquq, imtiyoz berish, kimnidir huquq va erkinliklaridan mahrum qilish yoki cheklash ruhida edi. Bir mamlakatda turli shaxslar huquqi turlicha belgilanar edi. 70-yillardan boshlab huquq va erkinliklarni sinfiy mansublikka qarab belgilash barham topa boshladi, kishilarni ishchi, dehqon, mehnatkash degan tushunchalarga bo‘lish bekor bo‘lib umumxalq degan tushunchalar paydo bo‘ldi.
Lekin konstitutsiyalarda inson va davlat manfaatini belgilashda, davlat manfaati ustuvor bo‘lib qolaverdi. Fuqarolarga konstitutsiyada berilgan ayrim huquqlardan faqat
Sotsialistik tuzimni mustahkamlashda foydalanish kerakligi Konstitutsiyaning o‘zida belgilab qo‘yildi. Masalan SSSRning 1977-yilgi Konstitutsiyasi 56-moddasida fuqarolarga “so‘z, matbuot, yig‘ilishlar, mitinglar, ko‘chalarda namoyishlar qilib yurish” erkinliklari berilib, bu huquqlardan faqat sotsialistik tuzumni mustahkamlash va rivojlantirish uchun foydalanilishi yozib qo‘yilgan edi. Umuman Konstitutsiyada sotsialistik tuzumni ustuvorligi, sotsialistik mulkni ustuvorligi aniq belgilangan edi.
Jahon miqyosidagi o‘zgarishlar, BMTni tashkil topishi (1945-yil), uning Ustavi, BMT tomonidan qabul qilingan “Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi”, “Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro Pakt”. “Shu Paktga Fakultativ protokol”, “Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro pakt” kabi hujjatlar konstitutsiyalarda inson va davlat manfaatlarini belgilashda mutanosiblikdan, inson manfaatlarini ustunligini taʼminlash davr talabi ekanligini ko‘rsatdi.
O‘zbekiston mustaqil davlat bo‘lib, 1992-yil 8-dekabrda Konstitutsiya qabul qilib inson huquqlarini belgilashda yuqorida qayd qilingan hujjatlar qoidalarini eʼtiborga oldi.
2023-yilgi yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasini ishlab chiqish va qabul qilishda, yana shu xalqaro hujjatlarga eʼtibor berib, undagi muhim jihatlar, qoidalar eʼtiborga olindi. Natijada davlat va inson o‘rtasidagi munosabatda inson manfaatlarining ustuvorligi taʼminlandi.
Bularni quyidagi holatlarda ko‘rishimiz mumkin.
Konstitutsiya muqaddimasida Konstitutsiyani qabul qilishdan maqsad — inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni va qadr-qimmati oliy qadriyat hisoblanadigan insonparvar demokratik davlatni, ochiq va adolatli jamiyatni barpo etish ko‘zda tutilganligi va bu g‘oya Konstitutsiyaning 13-moddasida konstitutsiyaviy norma sifatida mustahkamlanganligi inson, uning manfaati ustuvor bo‘lishini ko‘rsatadi.
Konstitutsiyaning ko‘plab normalarida, inson manfaati — davlat manfaatlaridan ustun turishi, davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar inson uchun xizmat qilishi belgilangan.
Bu masalaga 2016-yildan alohida urg‘u berilib, shu qoidani hayotiy qoidaga aylantirishga alohida eʼtibor berildi. O‘zbekiston Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilishda mamlakat Prezidenti “Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak”1, deb qatʼiy ko‘rsatma berdi. Bu davlat va inson munosabatidagi muvozanatning inson foydasiga o‘zgarishini bildiradi.
Bu g‘oyani faoliyatimiz mezoniga aylanib borayotganligi, Prezidentimiz Oliy Majlisga 2017-yil
22-dekabrdagi Murojaatnomasida alohida taʼkidladi2. Bu hayotbaxsh g‘oya faqat taʼkidlash, eʼtirof etish bilan cheklanmay, uni real voqelikka aylantirish uchun ko‘plab chora-tadbirlar belgilandi va ishlar qilindi. Bu masala alohida mavzu. Konstitutsiyaning 2-moddasidagi “Davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi. Davlat organlari va mansabdor shaxslar jamiyat va fuqarolar oldida masʼuldirlar”, 54-moddadagi “Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir.
Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini taʼminlaydi”, — degan qoidalar, davlatni inson oldidagi konstitutsiyaviy majburiyati bo‘lib, bu inson va davlat munosabatida inson manfaatini ustuvorligini taʼminlaydi.
Bular Konstitutsiyadagi inson manfaatlarining ustuvorligini taʼminlovchi umumiy, rahbariy qoidalar bo‘lsa, Konstitutsiyaning ko‘plab moddalarida inson manfaatlarini taʼminlovchi aniq qoidalar ham mavjud.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada avvalgi Konstitutsiyada uchramagan mutlaqo yangi qoidalar kiritildiki, ular inson va davlat munosabatida mutlaqo yangi holatlarni, aniqrog‘i, bu munosabatda inson manfaati ustuvorligini taʼminlaydi.
Konstitutsiyaning 20-moddasi, uchinchi qismi “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi” — degan normadan iborat. Bu degani inson manfaatlarining ustuvorligidir. Har qanday qonunlar mazmun-mohiyati inson manfaatidan kelib chiqishi va unga xizmat qilishini ko‘rsatadi.
Konstitutsiyaning 20-moddasi beshinchi qismi, davlat va inson munosabatlarida inson manfaatlari ustuvorligini yanada aniqroq ko‘rsatuvchi qoidadan iborat. Unga asosan, “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi”.
Inson manfaatlarini ustuvorligini Konstitutsiyaning 21-moddasi, birinchi qismidagi qoida ham ko‘rsatadi. Unga asosan — “Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas”.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklarining kafolatlari ham kengaytirildi va kuchaytirildi.
Avvalgi Konstitutsiyada inson huquq va erkinliklari kafolatlari 4 ta normadan iborat 4 ta moddada belgilangan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada kafolatlar 14 ta normadan iborat 5 ta moddada mustahkamlab qo‘yildi.
Konstitutsiyaviy kafolatlar sifatida yangitdan quyidagi qoidalar belgilandi:
− Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqliligi;
− Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanishi;
− Har kim O‘zbekiston qonunchiligiga va xalqaro shartnomalarga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lgan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat qilishga haqliligi;
− Har kim davlat organlarining yoki ularning mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga egaligi.
Avvalgi Konstitutsiyada faqat sudga murojaat qilish huquqi mavjudligiga eʼtibor bersak, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada kafolatlar son jihatdan ham, sifat jihatdan ham ancha kengaytirildi va kuchaytirildi.
Bundan tashqari yangi tahrirdagi Konstitutsiyada, inson huquqlarini himoyasida milliy institutlarni o‘rni alohida ko‘rsatildiki, bu ham kafolatlarni kuchaytirilganligini ko‘rsatadi. Shuningdek ijtimoiy himoyaga muhtoj kishilarni davlat va jamiyat hayotida to‘laqonli ishtirokini taʼminlovchi, ularga turli sharoit yaratuvchi qoidalar ham Konstitutsiyada o‘z ifodasini topdi.
Avvalgi Konstitutsiyada faqat “Xotin-qizlar va erkaklar teng huquqqa ega” — degan qoida mavjud bo‘lgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada “Davlat xotin-qizlar va erkaklarga jamiyat hamda davlat ishlarini boshqarishda, shu jamiyat va davlat hayotining boshqa sohalarida teng huquq va imkoniyatlarni taʼminlaydi” — degan keng maʼnoli norma paydo bo‘ldi.
Inson va fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklarini taʼminlovchi, ro‘yobga chiqaruvchi kafolatlar faqatgina Konstitutsiyaning inson huquqlari kafolatlari bo‘limida emas, Konstitutsiyaning boshqa bob va moddalarida ham mavjud. Konstitutsiyaning 108-moddasida O‘zbekiston Prezidentining qasamyodi matni berilgan bo‘lib, unda Prezident fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga qasamyod qiladi. Bu eng kuchli kafolatdir.
Bundan tashqari, Konstitutsiyaning 133-moddasida, Konstitutsiya normalari bilan belgilangan tartibda fuqarolar o‘z konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish uchun Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqiga egaligi belgilab qo‘yilib, huquq va erkinliklarning konstitutsiyaviy kafolati yanada kuchaytirildi.
1. Sh.Mirziyoyev. Milliy taraqqiyot yo‘limizni katʼiyat bilan davom ettirib, yangi bosqichga ko‘taramiz. T., “O‘zbekiston”, 2019-yil, 1-tom, 116-bet.
2. Sh.Mirziyoyev. Xalqimizning roziligi bizning faoliyatimizga berilgan eng oliy bahodir. T., “O‘zbekiston”, 2018-yil, 2-tom, 72-73-betlar.