Inson qadri tushunchasi Konstitutsiyada markaziy o‘ringa ko‘tarildi
Munosabat
2023-yil 30-aprel kuni umumxalq referendumi orqali qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi mamlakat hayotida tub burilish yasadi. Yangi tahrir – bu faqat so‘z yoki bandlar almashuvi emas, balki ijtimoiy shartnoma, yangi davlat siyosati modeli va inson qadri ustuvor bo‘lgan falsafiy yondashuv ifodasidir.
Agar 1992 yilgi Konstitutsiya mamlakat mustaqilligining huquqiy asosini belgilagan bo‘lsa, yangi tahrirdagi asosiy Qonun – bu demokratik, kuchli fuqarolik jamiyati va adolatli, ijtimoiy davlat sari yo‘lni belgilaydigan qonunlar yuksakligi poydevoridir. Xususan, inson qadri tushunchasi Konstitutsiyada markaziy o‘ringa ko‘tarildi. Chunki, oldinlari Konstitutsiyada inson huquqlari umumiy ravishda kafolatlangan, lekin “inson qadri” tushunchasi ochiq ifodalanmagan edi.
Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqib aytish mumkinki, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bilan O‘zbekistonda yangi ijtimoiy-siyosiy muhit shakllandi, davlat o‘ziga ulkan ijtimoiy-iqtisodiy majburiyatlarni oldi. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari tatbiq etildi. Davlat hokimiyatini tashkil etishning samarali yangi modeli joriy qilindi.
Birgina misol, Konstitutsiyamizda muayyan me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinganligi yoki qilinmaganligidan qat’i nazar, Bosh qomusimiz qoidalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri amal qilishini ta’minlash orqali demokratiya, inson huquqlari va erkinliklarini kafolatlash mexanizmlari mustahkamlandi. Qolaversa, Inson huquqlari va erkinliklariga oid aniq normalar soni uch barobardan ziyodga ko‘paydi. Fuqarolarning shaxsiy huquqlari keng ko‘lamli masalalarni qamrab olgan normalar bilan yanada mustahkamlandi.
Parlamentning demokratik qiyofasi tubdan o‘zgardi. Jumladan, parlament palatalarining vakolatlari qayta ko‘rib chiqildi. Unga ko‘ra, Qonunchilik palatasi va Senatning vakolatlari sezilarli darajada kengayib, ikki palata ishidagi takrorlanishlar bartaraf etilib, har birining mas’uliyat sohasi aniq belgilab qo‘yildi.
Xususan, Qonunchilik palatasining mutlaq vakolatlari amaldagi 5 tadan 12 taga, Senatda esa 14 tadan 18 taga ko‘paydi. Hukumatni shakllantirish va uning faoliyatini nazorat qilish, davlat byudjeti ijrosiga oid masalalar Qonunchilik palatasining vakolatiga, hududlar manfaati va ularni rivojlantirish, yangi vazirliklar tashkil qilish to‘g‘risidagi farmonlarni tasdiqlash masalalari esa Senat vakolatlari doirasiga taalluqli ekanligi mustahkamlanganligi shular jumlasidandir.
Ijtimoiy davlat yo‘nalishidagi yana bir eng muhim tashabbus bu – ta’lim va fanga ustuvor munosabatning shakllanganligidir. Buni maktabgacha ta’lim majburiy va bepul ekani konstitutsiyaviy normaga aylanganligida ham ko‘rish mumkin. Qolaversa, ilmiy taraqqiyot, akademik erkinlik va pedagogning huquqlari alohida moddalarda aks etdi. Bu ta’lim sohasidagi islohotlarni mustahkam qonuniy asosga ko‘tardi.
Shu bilan birga, ilk bor kelajak avlodlar manfaati, ekologik xavfsizlik, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish konstitutsiyaviy kafolatga ega bo‘ldi. Endilikda, davlat har bir fuqaroning sog‘lom muhitda yashash huquqini tan oladi va himoya qiladi. Umuman olganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda fuqarolarning hayot sifati, huquqlari va kelajakdagi imkoniyatlarini aniq kafolatlaydigan bu kabi ijobiy o‘zgarishlarga yuzlab misollar keltirish mumkin.
Qisqa qilib aytganda, yangi tahrirdagi Konstitutsiya bu – xalq irodasini, ijtimoiy talablarni va inson qadrini o‘z ichiga olgan mukammal hujjat deb aytish mumkin. U davlatni fuqarolarga yaqinlashtirib, jamiyat faollashuvi va adolatli boshqaruvga yo‘l ochadi. Chunki, uning asosida faqat qonun emas, balki inson hayoti, qadri va farovonligi turibdi.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining
Ekologiya va atrof-muhitni
muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi a’zosi.
O‘zA