Inson huquqlari ustuvorligi

1. Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qilishi.

2. Inson bilan davlat organlarining oʻzaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etilishi

Inson huquq va erkinliklarini Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlash, xalqaro standartlarga muvofiqligini taʼminlash huquqiy demokratik davlatning ustuvor vazifalaridan biridir.

Hozirgi vaqtda O‘zbekiston inson huquqlari bo‘yicha 80 dan ortiq xalqaro hujjatlarga, jumladan BMTning 7 ta asosiy shartnomalari va 4 ta fakultativ protokoliga qo‘shilgan bo‘lib, ularning amalga oshirilishi yuzasidan BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi va shartnomaviy qo‘mitalariga muntazam ravishda milliy maʼruzalarni taqdim etib kelmoqda.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 19-moddasiga “O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etiladi va kafolatlanadi”, degan insonparvar norma mustahkamlandi.

Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu norma inson huquq va erkinliklarini O‘zbekiston Konstitutsiyasi va xalqaro hujjatlarga muvofiq tan olinishini, xususan, xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan umumeʼtirof etilgan normalarni amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash, milliy qonunchilik hujjatlariga singdirish va boshqa mexanizmlar orqali taʼminlashni ko‘zda tutadi. Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu norma inson huquq va erkinliklarini O‘zbekiston Konstitutsiyasi va xalqaro hujjatlarga muvofiq tan olinishini, xususan, xalqaro hujjatlarda ko‘rsatilgan umumeʼtirof etilgan normalarni amaliyotda to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash, milliy qonunchilik hujjatlariga singdirish va boshqa mexanizmlar orqali taʼminlashni ko‘zda tutadi.
Inson hamda fuqaroning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan normalariga hamda Konstitutsiyaga muvofiq eʼtirof etilishi deyarli barcha demokratik davlatlar konstitutsiyalarda belgilangan.

Inson huquqlari har bir insonga tegishli bo‘lgan, uning yashash joyi, millati, jinsi, etnik kelib chiqishi, tanasining rangi, dini, tili va boshqa belgilaridan qatʼi nazar, ajralmas, o‘zaro bog‘liq huquqlari va erkinliklaridir. Inson huquqlari qadr-qimmat, adolat, tenglik, hurmat va mustaqillik kabi umumiy qadriyatlarga asoslanadi. Ushbu qadriyatlar konstitutsiyalar, qonunlar va xalqaro shartnomalar bilan himoya qilinadi.

Yangilangan Asosiy qonunimizning 20-moddasida “Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi”, degan inson huquqlarini bevosita amalga oshirilishiga oid muhim norma mustahkamlandi.

Insonning asosiy huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi deganda, shaxsning Konstitutsiyaga bevosita asoslanib, barcha qonuniy vositalardan foydalangan holda ularni himoya qilish imkoniyati tushuniladi.

Inson asosiy huquq va erkinliklarining bevosita amal qilishi ularni to‘laqonli amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Mazkur norma, bir tomondan, shaxsning huquqiy maqomini mustahkamlash, kengaytirish va rivojlantirishni va ikkinchidan, shaxsni huquqiy himoyasi mexanizmini takomillashtirishni taʼminlaydi.

Inson huquqlarini bevosita amal qilishi prinsipining umumqabul qilingan taʼrifi bo‘lmasada, asosan inson huquqlarini amal qilishi alohida qonun, qoida qabul qilishga yoki maxsus organ tuzishga bog‘liq bo‘lmasligini nazarda tutadi.

Shundan kelib chiqib, ushbu prinsipni konstitutsiyaviy norma sifatida belgilanishi quyidagi imkoniyatlarni yaratadi: birinchidan, fuqarolarimiz uchun o‘z inson huquqlarini bevosita himoya qilish imkoniyatini beradi; ikkinchidan, sudlar inson huquqlarini himoyasiga oid muayyan ishlarni ko‘rayotganda Konstitutsiyadagi inson huquqlariga oid normalarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llash imkoniyatini yaratadi; uchinchidan, barcha darajadagi davlat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va ularning mansabdor shaxslari o‘z faoliyatida inson huqulariga bevosita amal qilishi qoidasiga rioya qilish shartligini yana bir bor eslatib turadi.

Huquqiy davlatda barcha munosabatlar qonun-qoidalar bilan tartibga solinishi lozim. Hech bir munosabat huquqiy yechimsiz qolmasligi shart. Ammo, ijtimoiy munosabatlarning doirasi juda keng bo‘lib, davlat va inson o‘rtasidagi ayrim munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarida noaniqliklar bo‘lishi mumkin. Shunday holatlarda qonunchilikdagi noaniqliklar kimning foydasiga, qanday tartibda hal etilishi va talqin etilishi muhim hayotiy ahamiyat kasb etadi.

Yangilangan Konstitutsiyamizning 20-moddasida “Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinadi”, degan insonparvar qoida mustahkamlandi.

Mazkur qoidaga o‘xshash normalar Jinoyat-protsessual, Bojxona, Soliq kodekslari, shuningdek “Xususiy mulkni himoya qilish va mulkdorlar huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi, “Maʼmuriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunlarda ham o‘z aksini topgan bo‘lib, amaliyotda qonunchilikdagi nomuvofiqliklar isteʼmolchilar, soliq to‘lovchilar, tadbirkorlik subyektlari, jinoyat protsessi ishtirokchilari foydasiga talqin etilmoqda.

Endilikda ushbu qoidaning Konstitutsiyada mustahkamlanishi uning qo‘llanish doirasini yanada kengaytirdi. Yaʼni, nafaqat jinoyat protsessi, soliq yoki tadbirkorlik sohasida, balki inson ishtirok etishi mumkin bo‘lgan har qanday ijtimoiy-huquqiy munosabatlarga tatbiq etish imkonini beradi.

Davlat va inson o‘rtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar turli tushunmovchiliklarga, inson va fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga olib keladi. Masalan, Soliq kodeksining o‘zida muayyan bir masala yuzasidan turlicha norma belgilangan bo‘lishi yoki tadbirkorlikka oid bitta qonunda boshqa norma, ikkinchi qonunda boshqacha norma belgilangan bo‘lishi mumkin. Bunday nomuvofiqlikni, tabiiyki, soliq organi davlat foydasiga, fuqaro esa o‘z foydasiga talqin qilinishini xohlaydi. Konstitutsiyaga kiritilgan norma esa shunday nomuvofiqliklar davlat emas, inson foydasiga hal etiladi, degan qatʼiy normani aniq-ravshan mustahkamlandi.

Qiziqarli ma'lumotlar
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo'lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo'yicha dunyoda 5-o'rinda turadi ($ 58,97 mlrd).