Konstitutsiya – huquqiy davlat kafolati
Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining bosh maqsadi – inson qadri ulug‘lanadigan, adolat ustuvor bo‘lgan, fuqarolar farovonligi ta’minlangan huquqiy davlat barpo etishdir.
Mustaqillik tufayli xalqimiz o‘z taqdiriga o‘zi egalik qila boshladi va bu erkinlikni mustahkamlovchi milliy qonunchilik tizimi shakllandi. Shu bois Konstitutsiya – huquqiy davlat kafolati sifatida jamiyatning ilgarilab borishida hal qiluvchi o‘rin tutadi. Bugun amaliyotga joriy etilayotgan barcha islohotlar markazida inson manfaati turadi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning ishlab chiqilishi “xalq – qonunlarning yagona manbai va muallifidir” degan tamoyilga tayanadi. Bosh qomusimiz inson va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini eng oliy qadriyat sifatida belgilab, ularni himoya qilishning aniq va samarali kafolatlarini mustahkamladi.
Insonning tug‘ilganidan boshlab huquqlarga egaligi, huquq va erkinliklarning bevosita amal qilishi, nomutanosib majburiyatlar yuklanmasligi, sudlanganlikning qarindoshlar hayotiga ta’sir etmasligi kabi kafolatlar amaliyotda muhim o‘rin tutmoqda.
1992 yildan beri Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgartishlar asosan davlat boshqaruvi va jamiyat qurilishiga qaratilgan bo‘lsa, yangi tahrirdagi o‘zgarishlarning yarmidan ko‘pi bevosita inson huquqlarini himoya qilishga yo‘naltirilgan.
Shuningdek, o‘zgarishlarning 45 foizdan ortig‘i ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlarni takomillashtirishga qaratilgani har bir fuqaroga “Bu – mening Konstitutsiyam” deya ishonch bilan aytish imkonini beradi.
Amaldagi yangi Konstitutsiyamizda ilk bor insonning o‘z shaxsini erkin rivojlantirish huquqi va uning roziligisiz qonunlarda belgilanmagan majburiyat yuklanmasligi qat’iy belgilab qo‘yildi.
Huquq va erkinliklar faqat qonunga muvofiq hamda jamoat xavfsizligi, tartibi va boshqa shaxslar manfaatlarini himoya qilish maqsadida zarur darajada cheklanishi mumkinligi qayd etildi. Ijtimoiy adolat, tenglik va aholining ehtiyojmand qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlarida davlatning mas’uliyati yanada kuchaytirildi.
Davlat fuqarolarni nafaqat mamlakat ichida, balki uning tashqarisida ham himoya qilishi, ularni majburiy chiqarib yubormasligi, vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishi konstitutsiyaviy norma sifatida belgilab qo‘yildi. Bu fuqarolik daxlsizligining yanada mustahkam kafolati sanaladi.
Shaxsiy erkinlik va daxlsizlikka oid normalar ham aniq bayon etildi. Hibsga olish faqat sud qarori bilan amalga oshirilishi, shaxs sud qarorisiz 48 soatdan ortiq ushlab turilmasligi, ushlash paytida unga o‘z huquqlari tushuntirilishi shartligi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Bu qonun ustuvorligini ta’minlashda muhim qadamdir.
Amaldagi Konstitutsiyamizning yangi tahririda – aybsizlik prezumpsiyasi (aybdor emaslik tamoyili) yanada ravshan talqin qilindi: shaxsning aybi sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan tasdiqlanmaguncha u aybdor deb hisoblanmaydi.
Shu bilan birga, “Miranda qoidasi”ning konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi gumon qilinuvchining o‘z aybsizligini isbotlashga majbur emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligini kafolatlaydi. Bu normalar noqonuniy bosim, majburiy ko‘rsatma olish kabi huquqbuzarliklarning oldini oladi.
Xulosa o‘rnida shuni aytish joizki, Yangi O‘zbekistonning qabul qilingan yangi Konstitutsiyasi har bir fuqaroning sha’ni, qadri va huquqlarini himoya qiluvchi mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda. “Konstitutsiya – huquqiy davlat kafolati” ekani yana bir bor amalda o‘z isbotini topmoqda. Keng ko‘lamli islohotlar har birimizdan mas’uliyat, fidoyilik va halol mehnatni talab etadi.
Akmal Ergashev,
Jizzax viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA