Konstitutsiya – fuqarolarning erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qilmoqda

Har birimiz Konstitutsiyamizning mustaqil O‘zbekiston davlatchiligi tiklanishi va rivojlanishidagi beqiyos o‘rni va ahamiyatini yuksak qadrlaymiz.

Darhaqiqat, Asosiy qonunimiz o‘zining tamoyillari va qoidalari bilan mamlakatimiz taqdiri, har bir insonning huquq va erkinliklarini belgilashda muhim hujjat hisoblanadi. U tenglik, qonuniylikni ta’minlash, inson huquqlari mutlaq ustuvorligiga asoslangan zamonaviy o‘zbek davlatchiligining fundamental asoslarini aniqlab beradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning muqaddimasidan tortib, yakunlovchi qoidalariga qadar inson, uning farovonligi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik g‘oyalari singdirilgan.

Konstitutsiyamizning birinchi moddasida O‘zbekiston ijtimoiy davlat deb e’lon qilindi. Shuningdek, davlatning ijtimoiy majburiyatlariga oid normalar qariyb uch baravarga ko‘paydi.
Jumladan, aholi sog‘lig‘ini saqlashga oid normalar 4 barobar ko‘paytirildi. Xususan, Konstitutsiyamizning 48-moddasida har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. Bundan tashqari,O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqlidir, davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi hamda davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, deb mustahkamlab qo‘yildi.

Ushbu norma aholi salomatligi uchun muhim ijtimoiy ko‘mak hisoblanadi. Qolaversa, fuqarolar sog‘lig‘ini ishonchli muhofaza etishning kafolatlaridir. Fuqarolar zarur paytlarda sifatli tibbiy xizmat uchun davlatga suyana olishi esa, alohida ahamiyatga ega. Chunki, aholining ayrim qatlamlari pulli asosda yoki xususiy shifoxonalar xizmatidan foydalanishga imkoniyati yetmasligi mumkin. Ana shunday vaziyatda davlat fuqarolarni kafolatlangan tibbiy xizmat bilan ta’minlash majburiyatini o‘z zimmasiga olishi muhim ahamiyat kasb etadi. Konstitutsiyadan o‘rin olgan ushbu norma aynan mazkur jihatlarni ko‘zda tutadi.

Har bir mamlakatda sifatli tibbiyot tizimi mavjudligi juda muhim ahamiyatga ega. Bu o‘z navbatida, aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish borasida sog‘lom raqobat muhitini yaratadi va fuqarolarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifati va samaradorligini oshirish qulayligini ta’minlashga, xizmat qiladi.

Shu bilan bir qatorda, mamlakatimizda aholi salomatligini asrashda kasalliklarning oldini olish va ularni erta aniqlashga, kasalliklarni keltirib chiqaruvchi omillarni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilib, so‘nggi yillarda tibbiy profilaktika, kasalliklar skriningi, sog‘lom turmush tarzi va jismoniy faollik ustuvorlik kasb etmoqda.

Zero, sog‘lom insonlar safini kengaytirish, sog‘lom jamiyatni tashkil etishda sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish muhim ahamiyat kasb etadi. To‘g‘ri, barcha hududlarda ham buning uchun yetarli sharoitlar bor deb aytolmaymiz. Shu sababli ham, sport bilan shug‘ullanish va sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun sharoitlarni yaratish Konstitutsiya darajasigacha olib chiqilib, davlat majburiyatiga aylandi. Ya’ni, davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratishi mustahkamlab qo‘yildi.

Bunday normalarning Konstitutsiya darajasiga ko‘tarilishi aholi salomatligini ishonchli muhofaza etishda muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi normalar orqali tibbiyotning nodavlat shakllarini rivojlantirish, jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanish uchun sharoit yaratishishlari yanada yaxshilanadi. Davlat tibbiyot sohasiga oid eng muhim vazifalarni o‘z zimmasiga olgani, ya’ni onalar va bolalar o‘limi, yuqumli kasalliklar tahdidini bartaraf etishda alohida ahamiyatga ega bo‘ladi.

Mamlakatimizda sog‘liqni saqlash tizimini yangi bosqichga olib chiqishga qaratilgan 300 dan ortiq qonunchilik hujjatlari qabul qilinib, hayotga tatbiq etilmoqda. Davlatimiz rahbarining bevosita rahbarligida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish samaradorligini, sifatini va qulayligini oshirish ta’minlanmoqda, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarining asosiy parametrlariga erishilmoqda.

Milliy tibbiyotimizning uch bosqichli milliy modeli – birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, shoshilinch va tez tibbiy yordam hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat tarmog‘i yaratilib, faoliyat yuritmoqda. Birgina, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimini tubdan isloh qilingani va sohaga bosqichma-bosqich davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari keng joriy etilishi hamda kafolatlangan paket ishlab chiqilgani tibbiyotdagi eng katta tarixiy qadamdir.

Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiya – Yangi O‘zbekistonning o‘z oldiga qo‘ygan ustuvor maqsadlarini amalga oshirishga, jamiyatni yanada taraqqiy ettirishga, fuqarolarning erkinliklari, huquqlari va qonuniy manfaatlari to‘laqonli ta’minlanishiga xizmat qilmoqda.

So‘nggi bir yil mobaynida tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilgan 20 dan ortiq Prezident farmoni va qarorlari qabul qilindi.

Jumladan, Prezidentimizning qabul qilingan «Sog‘liqni saqlash sohasini kompleks rivojlantirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori sohada o‘tkazilayotgan islohotlar jarayonida butunlay yangi davrni boshlab beradi.

Ya’ni, sog‘liqni saqlash rahbariyatining asosiy faoliyat yo‘nalishlari belgilandi. Ilgarigidan mutlaqo farq qiladigan yangi boshqaruv tizimi joriy qilindi.

Qarorda belgilangan vazifalardan eng muhimi, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inini yuqori darajada samarali tashkil etishdir. Yangi joriy etilayotgan boshqaruv tizimiga asosan sog‘liqni saqlash vaziriga tizim va idoraviy mansub tashkilotlar faoliyatiga umumiy rahbarlik qilish, ularning ishini samarali tashkil etish, fan-ta’limni rivojlantirish, vazirning birinchi o‘rinbosariga oilaviy shifokor punktlari, oilaviy poliklinika, tuman, shahar ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika va shifoxonalarida tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish sifati, ularni jihozlash hamda tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, vazirning raqamlashtirishga mas’ul o‘rinbosariga tibbiyot sohasini raqamlashtirish, moliyalashtirish, davlat-xususiy sheriklikni joriy qilish va rivojlantirish, yana bir vazir o‘rinbosariga respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot va ko‘p tarmoqli viloyat shifoxonalarini isloh qilish, ularni birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalari bilan bog‘lash yuklatildi.

Shuningdek, homilador ayolning kompleks kuzatuvi yagona ma’lumotlar bazasini yaratish, perinatal va skrining markazlari hamda birlamchi tibbiy-sanitariya muassasalaridagi onalar va bolalar salomatligiga mas’ul tuzilmalar tomonidan yagona ma’lumotlar bazasiga zarur ma’lumotlarni kiritish, homilador ayollarning tibbiy kartasini yuritish va shakllangan ma’lumotlarga asosan homilador ayollarga zarur maslahatlarni berish yo‘lga qo‘yildi.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ayollar orasida onkologik kasalliklarni nazorat qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Qarorga ko‘ra, tibbiyotning birlamchi bo‘g‘inida 30-65 yoshdagi ayollarning elektron bazasi (ro‘yxati) shakllantiriladi, ularni tibbiy ko‘rikka taklif qilish tizimi yaratiladi.
Har yili 30-50 yoshdagi ayollarda bachadon bo‘yni saratoni skriningi odam papillomasi virusini polimeraza zanjirli reaksiya tekshiruvi usuli orqali aniqlash hamda suyuqlik sitologiyasi usulida tekshirish yo‘li bilan amalga oshiriladi. 30-65 yoshdagi ayollar har 2 yilda bir marotaba tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi saralashdan o‘tkaziladi.
Skrining natijasida onkologik kasallikka chalinganligi aniqlangan bemorlarni tashxislash va davolash bilan bog‘liq xarajatlar byudjet hisobidan moliyalashtiriladi.

Mamlakatimizda aholi sog‘lig‘ini saqlashga oid olib borilayotgan ushbu islohotlar, o‘z-o‘zidan sog‘lom raqobatni oshiradi. O‘z navbatida, aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatning ham sifati, ham samaradorligi oshadi.

Shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joizki, hozir O‘zbekiston tibbiyotida keng ko‘lamli transformatsiya jarayonlari davom etmoqda. Aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini jahon standartlari darajasiga olib chiqish – eng asosiy talablardan biri. Buning uchun esa, birinchi navbatda, xalqaro tajribani chuqur o‘rganish va amaliyotga samarali tatbiq etish talab etiladi.

Ana shu ehtiyojdan kelib chiqib, Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan turkiyalik mutaxassislar guruhi jalb etildi. Hozir xorijlik ekspertlar yurtimiz vakillari bilan hamkorlikda barcha bo‘g‘indagi tibbiyot muassasalarida o‘rganishlar olib bormoqda. Turkiyalik mutaxassislar yettita yo‘nalish – birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini takomillashtirish, tibbiy sug‘urta tizimini joriy etish va tizimni raqamlashtirish, shifoxonalarda tibbiy xizmatlar samaradorligini oshirish, tibbiy xizmatlarni rejalashtirish, farmatsevtikani rivojlantirish va dori vositalari ta’minoti, tibbiy asbob-uskunalar samaradorligini oshirish, shoshilinch va tez tibbiy yordamni rivojlantirish bo‘yicha ish olib bormoqda.

Bugungi kunda, tibbiyot muassasalari faoliyatiga zamonaviy texnologiyalar joriy etib borilmoqda. Hozirda tibbiyot muassasalari elektron poliklinika axborot tizimiga ulangan. Tibbiyot sohasida olib borilayotgan raqamlashtirish siyosati birinchi navbatda aholiga qulayliklar yaratish bilan birga, sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirishga, tibbiy xizmat sifatini tubdan yaxshilashga, natijada mamlakatimiz tibbiyotini jahon standartlari darajasiga olib chiqishga xizmat qilmoqda.

Umida Yuldoshbekova,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudining eksperti

Qiziqarli ma'lumotlar
AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi.