Foydali ma'lumotlar va qo'llanmalar

​Yangilangan Konstitutsiya mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun gʻoyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yoʻlidagi ulkan qadamdir.

Konstitutsiyada Oʻzbekiston – suveren, demokratik, huquqiy va ijtimoiy davlat ekani qatʼiy belgilab qoʻyildi.

5 ta kafolat (Yoshlar) Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi. Davlat yoshlarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Davlat yoshlarning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Davlat va jamiyat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

5 ta muhim qoida (OAV) Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi. Davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlaydi. Davlat ommaviy axborot vositalarining axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga bo‘lgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi. Ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga to‘sqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Ommaviy axborot vositalari o‘zi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.

O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati e’tirof etiladi. O‘zbekiston Respublikasida o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning ma’naviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida e’tirof etiladi. Davlat o‘qituvchilarning sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o‘sishi to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi.

Sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi. Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli. Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi. Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi.

19-modda. O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart.

20-modda. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan o‘zaro huquq va majburiyatlar bilan bog‘liqdir. Insonning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsizdir hamda ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Insonning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi. Insonning huquq va erkinliklari qonunlarning, davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari faoliyatining mohiyati va mazmunini belgilaydi. Davlat organlari tomonidan insonga nisbatan qo‘llaniladigan huquqiy ta’sir choralari mutanosiblik prinsipiga asoslanishi va qonunlarda nazarda tutilgan maqsadlarga erishish uchun yetarli bo‘lishi kerak. Inson bilan davlat organlarining o‘zaro munosabatlarida yuzaga keladigan qonunchilikdagi barcha ziddiyatlar va noaniqliklar inson foydasiga talqin etiladi.

21-modda. Har bir inson o‘z shaxsini erkin kamol toptirish huquqiga ega. Hech kimga uning roziligisiz qonunchilikda belgilanmagan majburiyat yuklatilishi mumkin emas. Inson o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda boshqa shaxslarning, jamiyat hamda davlatning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga putur yetkazmasligi shart. Insonning huquq va erkinliklari faqat qonunga muvofiq va faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash maqsadida zarur bo‘lgan doirada cheklanishi mumkin.

23-modda. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlaydi. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi yaratilishi tarixiga bag‘ishlangan hujjatli film

Konstitutsiya farovon hayotimiz garovi!

Konstitutsiyada OAVga oid 5 ta muhim qoida

Konstitutsiyada ekologiyaga oid 7 ta muhim qoida

Konstitutsiyada ta’lim olish huquqiga oid 5 ta muhim ma’lumot

Inson huquq va erkinliklari qonunlarimizning, har bir vazirlik va idora faoliyatining mazmuniga aylanishi qatʼiy talab sifatida belgildi. Bu hol davlat organlari hamda mansabdor shaxslarning faqat va faqat fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab faoliyat koʻrsatishiga asos boʻladi.

Binobarin, qonunlardagi noaniqliklar inson foydasiga hal boʻlishi shart va zarur. Bunga koʻra, inson va davlat oʻrtasida munosabatlarni tartibga soluvchi qonunchilikdagi noaniqliklar, turli tushunmovchiliklar bartaraf etiladi.

Konstitutsiyada kambagʻallikni qisqartirish, bandlikni taʼminlash, ishsizlikdan himoya qilish boʻyicha normalar belgilandi.

Xususan, Konstitutsiyada har kimning uy-joyli boʻlish huquqi belgilandi. Ushbu normaning amal qilishi har bir fuqaro, jumladan, yosh oilalarning oʻz boshpanasiga ega boʻlishini taʼminlab, kishilarning hayotdan rozilik darajasini oshiradi.

Bundan tashqari, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda (bozor qiymatida) qoplanishi taʼminlanishi kafolatlandi.

Aholi hayoti va salomatlik darajasini yaxshilashning zaruriy sharti sifatida Konstitutsiyada atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha kompleks choralar belgilandi.

Shu munosabat bilan, davlat atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash boʻyicha choralarni amalga oshiradi, fuqarolarning ekologik huquqlarini taʼminlash va atrof-muhitga zararli taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma belgilandi. Shaharlarning bosh rejalarini jamoatchilik muhokamasidan majburiy oʻtkazilishi shartligi qayd etildi.

Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati toʻgʻrisidagi ishonchli axborotga ega boʻlish huquqiga egaligi belgilandi.

Taʼlim olish huquqi va imkoniyati kengaytiriladi, oʻqituvchilar konstitutsiyaviy maqomga ega boʻladi. Jumladan, fuqarolarning oliy taʼlim muassasalarida davlat granti hisobidan oʻqish huquqi qatʼiy belgilab qoʻyildi. Asosiy qonunda fuqarolarning bepul boshlangʻich kasb-hunarga oʻqitilishi ham belgilandi.

Konstitutsiyada davlatning oʻqituvchilar shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qilish majburiyati qayd etildi. Oliy taʼlim tashkilotlariga akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish va oʻqitish erkinligi huquqi taqdim etildi.

Inson huquq va erkinliklari kafolatlari sezilarli darajada kuchaytirilmoqdi. Xususan, Oʻzbekistonda oʻlim jazosi taqiqlandi. Oʻlim jazosini taqiqlashni konstitutsiyaviy darajada belgilanishi insonni hayotdan hatto davlat ham mahrum etishga haqli emasligini kafolatlaydi.

Bundan tashqari, shaxs sudning qarorisiz 48 soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emasligi belgilandi. Yaʼni, shaxsning erkinligini cheklash bilan bogʻliq har qanday harakat faqatgina sud qarori asosida amalga oshirilishi shart. Ushbu qoida tergov organlari tomonidan insonlarni noqonuniy hibsga olish, asossiz qamoqqa olish va saqlashga yoʻl qoʻymaslikka qaratilgan. Bu orqali xalqaro eʼtirof etilgan “Xabeas korpus” institutini qoʻllanish koʻlami yanada kengaydi.

Shaxsni ushlash chogʻida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shartligi, ayblanuvchi va sudlanuvchilarga oʻziga qarshi koʻrsatma bermaslik (xalqaro eʼtirof etilgan “Miranda qoidasi”), sukut saqlash huquqi berildi.

Har kimning yozishmalari, telefon orqali soʻzlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanish huquqiga ega ekanligi belgilandi. Bunday huquqlarning cheklanishiga yoki uy-joyda tintuv oʻtkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yoʻl qoʻyilishi belgilab qoʻyildi.

Yoshlar huquqlari himoyalanishi va ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirokini ragʻbatlantirish kafolatlandi.

Jumladan,
– davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini taʼminlaydi;
– davlat yoshlarning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini ragʻbatlantiradi;
– davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi;
– davlat yoshlarning taʼlim olishga, sogʻligʻini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga boʻlgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
– davlat va jamiyat yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga boʻlgan mehr-muhabbat tuygʻularini shakllantirish toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida ommaviy axborot vositalariga oid belgilangan muhim qoidalar:
– davlat ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligini kafolatlaydi;
– davlat ommaviy axborot vositalarining axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari amalga oshirilishini kafolatlaydi;
– ommaviy axborot vositalarining faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻladi;
– ommaviy axborot vositalari oʻzi taqdim etadigan axborotning ishonchliligi uchun javobgardir.

Qiziqarli ma'lumotlar
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya'ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.