Eron OAV: O'zbekistonda Konstitutsiya qabul qilinganining 31 yilligi keng nishonlanmoqda

Eronning yetakchi gazetalaridan biri bo'lmish "Iran News" elektron nashrida "O'zbekiston Respublikasida Konstitutsiya qabul qilinganining 31 yilligi keng nishonlanmoqda" sarlavhali maqola e'lon qilindi.

Maqolada yozilishicha, O'zbekiston o'z mustaqilligini e'lon qilgan sanadan e'tiboran dunyo sahnida yangi, suveren davlat qaror topgan bo'lsa, birinchi Konstitutsiya qabul qilinishi barobarida bu mamlakat mustaqilligining o'z huquqiy tamal toshi o'rnatildi.

"O'zbekiston xalqi tomonidan Konstitutsiyani yangilash borasida kelib tushgan 200 mingdan ortiq takliflar va zamon talabini inobatga olgan holda 2022-yil may oyida O'zbekiston parlamentida konstitutsiyaviy komissiya tuzilib, hujjatni yangilash jarayoni boshlandi, - deyiladi nashrda. 2023-yil 30-aprel kuni O'zbekiston "Konstitutsiya to'g'risida"gi konstitutsiyaviy qonunni qabul qilish bo'yicha umumxalq referendumi o'tkazildi. Referendumda saylovchilarning 84,5 foizi ishtirok etgan bo'lib, ulardan 90,2 foizi konstitutsiyaviy qonunni qabul qilishni yoqlab ovoz berdi va "O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to'g'risida"gi konstitutsiyaviy qonun 2023-yil 1-maydan kuchga kirdi".

Ta'kidlanishicha, yangilangan Konstitutsiya Yangi O'zbekistonni barpo etish yo'lidagi huquqiy asoslarni yana-da mustahkamladi. Xususan, Konstitutsiyada davlat qurilishining yangi strategik maqsadi — ijtimoiy davlat qurish ekanligi belgilab berildi. Ijtimoiy adolat va birdamlik prinsiplari joriy etildi. Inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlarini nazarda tutuvchi konstitutsiyaviy asoslar yana-da mustahkamlandi.

Avvalgi Konstitutsiyada "davlat – jamiyat – inson" tamoyili ustuvor tamoyil sifatida belgilangan edi. Yangilangan Konstitutsiyada esa O'zbekistonda inson manfaatlari ustuvorligini o'zida ifoda etadigan "inson – jamiyat – davlat" prinsipi mustahkamlandi.

Maqola xulosasida, bugungi kunda O'zbekiston o'zining yangi qomusiga tayangan holda demokratik o'zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib borayotganiga urg'u beriladi.

Qiziqarli ma'lumotlar
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya'ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.