Davlat hokimiyatining taqsimlanishi
Davlat hokimiyatining taqsimlanishi – davlat hokimiyatini tashkil etish. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining oʻzaro munosabati.
Davlat hokimiyati tizimi har qanday demokratik jamiyatning asosi hisoblanadi. Uning to‘g‘ri tashkil etilishi fuqarolarning huquq va erkinliklarini kafolatlash, qonun ustuvorligini ta’minlash hamda hokimiyatning bir qo‘lda to‘planib ketishining oldini olishda muhim ahamiyatga ega. Shu maqsadda, demokratik davlatlarda hokimiyatni taqsimlash prinsipi amal qiladi. Bu prinsipga ko‘ra, davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlariga bo‘linadi hamda ular o‘zaro hamkorlikda, lekin mustaqil faoliyat yuritadi.
Hokimiyatni taqsimlash prinsipi: nazariy asoslar
Hokimiyatni taqsimlash g‘oyasi qadimdan mavjud bo‘lib, uni eng mukammal shaklda fransuz faylasufi Sharl Lui Monteske (1689–1755) o‘zining mashhur “Qonunlar ruhi to‘g‘risida” asarida ishlab chiqqan. U hokimiyatning uch tarmog‘i qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari bir-biridan mustaqil bo‘lishi kerakligini ta’kidlagan. Monteskening fikricha, agar hokimiyatning barcha vakolati bir qo‘lda jamlansa, bu despotizmga, ya’ni zulmga olib keladi. Shuning uchun hokimiyat tarmoqlari bir-birini muvozanatlashtirib turishi, “tormoz va muvozanat” tizimi orqali boshqaruvda adolatni ta’minlashi zarur.
Ushbu g‘oya keyinchalik AQSh Konstitutsiyasida (1787 yil) o‘z aksini topdi va butun dunyo demokratik davlatlarining siyosiy-huquqiy tizimiga asos bo‘ldi. O‘zbekiston ham mustaqillikka erishgach, shu prinsipni o‘z Konstitutsiyasida mustahkamlab, uni davlat boshqaruvi tizimining asosiy tamoyillaridan biriga aylantirdi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 11-moddasida aniq belgilangan:
“Davlat hokimiyati tizimi – qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatining o‘zaro hamkorlikda, tizimlilik asosida ishlashiga asoslanadi.”
Bu norma O‘zbekistonda hokimiyat bo‘linishi tamoyili konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanganini bildiradi. Har bir tarmoqning o‘ziga xos vakolatlari, javobgarliklari hamda ular o‘rtasidagi muvozanatni ta’minlovchi mexanizmlar belgilangan.
O‘zbekistonda qonun chiqaruvchi hokimiyat Oliy Majlisga tegishlidir. U ikki palatadan iborat:
Qonunchilik palatasi – xalq tomonidan saylanadi, qonunlar loyihasini ishlab chiqadi, muhokama qiladi va qabul qiladi;
Senat – hududlardan saylangan va Prezident tomonidan tayinlangan a’zolardan tashkil topadi, qonunlarni tasdiqlaydi hamda xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qiladi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning 98-moddasida Oliy Majlisning asosiy vakolatlari sanab o‘tilgan. Jumladan, qonunlar qabul qilish, davlat byudjetini tasdiqlash, hukumat hisobotini eshitish, xalqaro shartnomalarni ma’qullash, referendum o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilish shular jumlasidandir.
Qonun chiqaruvchi hokimiyat ijro va sud hokimiyatidan mustaqil bo‘lishi bilan birga, ular ustidan nazorat vazifasini ham bajaradi. Masalan, Oliy Majlis Bosh vazir nomzodini tasdiqlaydi, hukumat faoliyatini eshitadi va zarur hollarda ishonchsizlik votumi e’lon qilishi mumkin.
Ijro hokimiyati – davlat siyosatini amalga oshiruvchi tarmoq bo‘lib, uning boshida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi turadi.
Prezident davlat boshlig‘I (Konstitutsiyaning 105-113-moddalari) sifatida ijro hokimiyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi, Bosh vazir nomzodini Oliy Majlisga taqdim etadi, viloyat va Toshkent shahar hokimlarini tayinlaydi, hukumat qarorlarini tasdiqlaydi yoki bekor qiladi.
Vazirlar Mahkamasi esa ijro hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. Konstitutsiyaning 115-moddasiga muvofiq, u iqtisodiyot, ijtimoiy soha, moliya va tashqi siyosatning amaliy boshqaruvini amalga oshiradi. Vazirlar Mahkamasi qonunlarning bajarilishini ta’minlaydi, davlat dasturlarini ishlab chiqadi va ijro etadi.
Ijro hokimiyati qonun chiqaruvchi hokimiyat tomonidan nazorat qilinadi, biroq o‘z faoliyatini mustaqil tarzda amalga oshiradi.
Sud hokimiyati – adolatni ta’minlash, qonun ustuvorligini qaror toptirish va inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanadi. O‘zbekistonda sud hokimiyatining mustaqilligi Konstitutsiyaning 130-140-moddalarida kafolatlangan:
“Sudlar faqat qonunga bo‘ysunadilar. Hech bir boshqa organ, mansabdor shaxs sud faoliyatiga aralashishga haqli emas.”
Sud tizimi quyidagi organlardan iborat:
Konstitutsiyaviy sud,
Oliy sud,
Viloyat, Toshkent shahar va tuman (shahar) sudlari,
Harbiy sudlar.
Konstitutsiyaviy sud qonunlar va boshqa normativ hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshiradi, Oliy sud esa fuqarolik, jinoiy, ma’muriy ishlar bo‘yicha yakuniy instansiya hisoblanadi.
Hokimiyat tarmoqlari o‘rtasidagi o‘zaro munosabat
O‘zbekiston Respublikasida hokimiyat tarmoqlari o‘zaro muvozanat va tormoz tizimi asosida ishlaydi. Qonun chiqaruvchi hokimiyat qonunlarni belgilaydi, ijro hokimiyati ularni amalga oshiradi, sud hokimiyati esa ularning to‘g‘ri bajarilishini nazorat qiladi. Shu bilan birga:
Prezident qonun tashabbusi huquqiga ega;
Oliy Majlis hukumat ustidan siyosiy nazoratni amalga oshiradi;
Sudlar esa qonunlarga Konstitutsiyaviy nazorat o‘rnatadi.
Bu tizimning maqsadi – hokimiyatning bir qo‘lda jamlanishini oldini olish, davlat boshqaruvida muvozanatni saqlash va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilishdir.
Xulosa qilib aytganda, hokimiyatni taqsimlash prinsipi O‘zbekiston davlat boshqaruv tizimining konstitutsiyaviy poydevorini tashkil etadi. U Sharl Monteske ilgari surgan g‘oyalarga asoslanib, demokratik jamiyat barpo etish, qonun ustuvorligini ta’minlash va hokimiyatlar o‘rtasida muvozanatni saqlashga xizmat qiladi.
Bugungi kunda O‘zbekistonda ushbu prinsip amalda tobora takomillashib bormoqda. Qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlarining o‘zaro aloqasi va hamkorligi davlat boshqaruvining barqarorligini, fuqarolarning huquq va manfaatlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlamoqda.
Davlat hokimiyati tashkil etish haqida gap borarkan, Davlat suvereniteti tushunchasiga alohida to‘xtalib o‘tish maqsadga muvofiq. “Suverenitet” atamasi ilk bor Fransiyada (XVI asr) vujudga kelgan. Bu atama lotincha superareitas (cupra, superios) soʻzidan kelib chiqqan boʻlib, aslida “eng oliy”, “oliy hokimiyat” degan maʼnoni anglatadi. Suverenitet mustaqil davlatning umumiy va ajralmas belgisi boʻlib, uning toʻla huquqliligini hamda ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishda boshqa davlatga qaram emasligini anglatadi.
O‘zbekiston – boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Oʻzbekiston Respublikasi oʻzining milliy-davlat va maʼmuriy-hududiy tuzilishini, davlat hokimiyati va boshqaruv organlarining tizimini belgilaydi, ichki va tashqi siyosatini amalga oshiradi. Oʻzbekistonning davlat chegarasi va hududi daxlsiz va boʻlinmasdir. Oʻzbekiston Respublikasining davlat tili oʻzbek tilidir.
Konstitutsiyaning 5-moddasida "Oʻzbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan oʻz davlat ramzlari – bayrogʻi, gerbi va madhiyasiga ega» deb koʻrsatilgan.
Suverenitetning huquqiy institut sifatida vujudga kelishi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 1-moddasi Oʻzbekiston – suveren respublika ekanligini e’lon qiluvchi va qonuniy mustahkamlovchi muhim qoidani mustahkamlagan.
Mazkur tushunchaning kelib chiqish tarixiga qaraladigan boʻlsa, “suverenitet” tushunchasi fanda XVII asrda sodir boʻlgan muhim tarixiy voqeliklar ta’sirida shakllangan. Yevropada oʻrta asrlardan keyingi davrda davlat qurilishining rivojlanishi, davlat hokimiyati bilan jamiyatning diniy qatlami va Rim katolik cherkovi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar keskin oʻzgardi va milliy davlatchilikka tayanadigan milliy mafkuraning vujudga kelishiga zamin yaratdi. Bunday holatlarni soʻnggi oʻrta asrlarda Yevropaning qator davlatlarida, jumladan, Ispaniyada va Angliyada kuzatish mumkin edi.
“Suverenitet” soʻzining etimologik mazmuni fransuzcha “soveranité” soʻzidan kelib chiqib, uning oʻzagi lotincha “suprematis”, yoki “suprema potestas”, ya'ni oliy hokimiyat tushunchasini bildiradi.
“Suverenitet” tushunchasini fanga olib kelgan J.Boden uni qonundan ustun boʻlgan oliy va erkin fuqarolar bo‘ysunadigan hokimiyat (summa in cives et subditos legibusque soluta potestas) deb ta’riflagan, ya’ni uni biror bir yuqori turuvchi hokimiyat, birorta qonun, hech qanday muddat bilan cheklashi mumkin emas, hokimiyat ajralmas, oʻzgarmas va muddatsizdir. Bunday hokimiyat har qanday davlatning zururiy belgisi va muhim asosi hisoblanadi.
Suverenitet zamonaviy talqinda – fuqarolar ustidan oliy, mutloq va muddatsiz amal qiladigan hokimiyatdir.
Suverenitet tushunchasi. Suverenitet davlatga xos tushuncha boʻlib, u bilan birga vujudga keladi. Suverenitet tarixiy hodisadir. Suverenitet mazmunini ijtimoiy-siyosiy va huquqiy munosabatlar tashkil qiladi. Ushbu munosabatlar suverenitetning siyosat va huquq bilan mustahkam bogʻliqligi va bir-biriga tegishliligini namoyon qiladi, chunki bularning oʻzaro munosabatlari ham siyosatning ham huquqning mohiyatini tashkil etadi. Siyosiy va huquqiy munosabatlarning ham birligi, ham qarama qarshiligi bir kategoriyada mujassam etilgani, suverenitetning siyosiy-huquqiy tabiatini hosil qiladi.
Suverenitet davlat hokimiyatining alohida xususiyati boʻlish bilan bir paytda, davlatning muhim belgisi ham hisoblanadi. Oʻzbekistonda davlat hokimiyatini tashkil etishning eng muhim Konstitutsiyaviy tamoyillaridan biri davlat suvereniteti prinsipi hisoblanadi.
Suveren davlat ichki va tashqi siyosiy faoliyatida oʻzining mustaqil va oliy davlat hokimiyatiga ega boʻladi. Shuning uchun, biz suverenitet haqida gapirganimizda va uni davlat hokimiyati bilan bogʻlaganimizda, davlat hokimiyatini faqat bir ma’noda - oliy hokimiyat sifatida koʻramiz.
Suverenitet, avvalo, davlat tomonidan uning ichki funksiyasini amalga oshirishda namoyon boʻladi. U, ayniqsa, davlatning suveren huquqlarida bevosita koʻzga tashlanadi. Jamiyatda huquqiy tartib oʻrnatish, mansabdor shaxslarga, jamoat birlashmalariga va fuqarolarga huquqlar berilishi hamda majburiyatlar yuklatilishi – bularning hammasi davlat hokimiyatining boshqa hokimiyatlardan yuqori ekanligini bildiradi. Faqat davlat hokimiyatigina nufuzli ta’sir oʻtkazishga, zarur boʻlganda esa jamiyat hayotining hamma tomonlariga ta’sir koʻrsatishga qodir. Bu uning keng qamrovli ekanligini, chindan ham mustaqilligini koʻrsatadi.
Mamlakat ichkarisidagi davlat hokimiyatining suvereniteti uning tashqarisidagi mustaqilligi bilan chambarchas bogʻliq. Davlat suvereniteti uni xalqaro munosabatlarda ham mustaqil ekanligini bildirib, bunda davlat xalqaro huquqning toʻla huquqli subyekti sifatida maydonga chiqadi. Oʻzbekistonning tashqi siyosati uning Konstitutsiyasida belgilab qoʻyilganidek, davlatlarning suveren tengligiga va xalqaro huquqning umume'tirof etgan boshqa qoidalari va normalariga asoslanadi. Davlatlarning suveren tengligi prinsipi xalqaro huquqning umum tan olingan prinsiplaridan biri sifatida BMT Ustavida ham mustahkamlangan.
Xalq hokimiyatchiligi. Ma’lumki, har qanday Konstitutsiya konstitutsiyaviy tuzumning asosiy shartlaridan biri bo‘lmish xalq hokimiyatchiligi prinsipini mustahkamlab beradi. Ilk bor yunon shahar-davlatida paydo bo‘lgan “demokratiya” atamasi butun dunyoga tarqalgan va siyosiy lug‘atdan mustahkam o‘rin olgan. Jahondagi demokratik davlatlarning konstitutsiyalari “butun hokimiyat xalqqa tegishli” yoki “butun hokimiyat xalq tomonidan amalga oshiriladi” degan tushunchani o‘zida mujassamlashtirgan.
O‘zbekiston - demokratik davlat. Bu xalq hokimiyati amal qilishini bildiradi. Davlat siyosiy hokimiyatini amalga oshirar ekan, xalqdan vakolat oladi. Konstitutsiyaning “Xalq hokimiyatchiligi” bobida “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir”, - deb belgilangan (7-modda).
Konstitutsiya istiqlol yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotir. Aynan Konstitutsiyamizga tayanib, Prezidentimiz boshchiligida mamlakatimizda avvaliga Harakatlar strategiyasi, keyinchalik Taraqqiyot strategiyasi qabul qilindi va Yangi O‘zbekistonni barpo etish bo‘yicha keng ko‘lamli konstitutsiyaviy islohotlar amalga oshirildi.
O‘tgan qisqa davrda jamiyatimizning siyosiy-huquqiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma’rifiy manzarasi butunlay o‘zgardi. Erkinlik va ochiqlik, qonun ustuvorligi, jahon hamjamiyati bilan o‘zaro manfaatli hamkorlik davlatimiz siyosatining asosiy yo‘nalishiga aylandi. Konstitutsiyada muhrlab qo‘yilgan huquqiy demokratik davlat va erkin fuqarolik jamiyatini qurish g‘oyasiga sodiq qolib, shu yo‘lda keng ko‘lamli ulkan ishlar amalga oshirildi, katta tajriba to‘plandi. “Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir” degan konstitutsiyaviy qoidadan kelib chiqib, xalq bilan doimiy muloqot o‘rnatildi, davlat idoralari rahbarlari fuqarolar oldida hisobot beradigan samarali tizim yo‘lga qo‘yildi. Davlat organlari faoliyatida ochiqlik va oshkoralik tobora kengayib bormoqda. Senator va deputatlar, vazir va hokimlar, barcha mansabdor shaxslar quyi bo‘g‘inga, mahalla darajasiga tushib, aholi bilan bevosita uchrashib, ularning muammolarini joyida hal etmoqda.
Demokratik jamiyat hisoblanuvchi O‘zbekistonda hokimiyat xalqqa tegishli. Ana shu hokimiyat samarali ishlashi, undan barcha manfaatdor bo‘lishi uchun u to‘g‘ri tashkil qilinishi kerak. Xalq hokimiyatini to‘g‘ri va samarali tashkil qilish vositalaridan eng samaralisi va sinovdan o‘tgani hokimiyatni davlat hokimiyati orqali amalga oshirishdir. Chunki davlat uzoq yillar davomida hokimiyatni amalga oshirish bilan shug‘ullanadi va katta tajriba to‘plagan. Bu faoliyatni yaxshiroq amalga oshirish maqsadida davlat faoliyati, tuzilishi takomillashtirib boriladi.
Insoniyat tajribasi demokratiyaning ikki asosiy shaklini ishlab chiqqan: to‘g‘ridan-to‘g‘ri, ya’ni bevosita demokratiya hamda vakillik demokratiyasi – organlar, avvalo vakillik va boshqa saylab qo‘yiladigan organlar orqali amalga oshiriladigan demokratiya, ya’ni saylov demokratiyasi. Demokratiyaning mazkur shakllarini bir-biriga aslo qarshi qo‘ymaslik lozim, chunki bu ikkala shakl o‘ziga xos ahamiyatga ega va o‘zaro uzviy bog‘liqdir.
To‘g‘ridan-to‘g‘ri demokratiya – insonning davlat ishlarini hal qilishda yashirin ovoz berish orqali yoki boshqa shaklda bevosita ishtirok etishi. Vakillik demokratiyasi deb insonning davlat ishlarini hal etishda o‘zi saylagan vakillari, ya’ni deputatlar yoki boshqa saylab qo‘yiladigan lavozimlar orqali ishtirok etishiga aytiladi.
Bevosita demokratiya – (asosiy qarorlar fuqarolar tomonidan referendum, yig‘in kabi tashkiliy-huquqiy shakllarda qabul qilinadi) va bilvosita demokratiya (qarorlar saylab qo‘yiladigan muassasalar – parlament yoki boshqa organlar tomonidan qabul qilinadi) farqlanadi. Demokratiya institutlari huquqiy davlatda to‘la rivojlanadi.
Darhaqiqat, demokratiyani fuqarolarning saylovlarda to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘zlari xohlagan va munosib deb topgan nomzodlariga yoki siyosiy partiyalarga ovoz berishlarida ko‘rishimiz mumkin.
Eramizdan oldingi V asrda yashagan Perikl ham demokratiyani shunday tavsiflagan: “Bu tuzum demokratiya deb ataladi. Chunki ozchilikning emas, ko‘pchilikning manfaatlariga asoslanadi. Xususiy manfaatlar uchun esa qonunlarimiz hammaga bir xil huquq beradi”. Shuningdek, yana bir yunon faylasufi Aflotun (Platon) o‘zining ilk asarlaridan bo‘lgan “Musohabalar”idayoq demokratiyaga “yaxshilar hokimiyati” deya ta’rif bergandi: “Birovlar uni demokratiya deyishadi, boshqalar yana nimadir deb atashar – kimning ko‘ngli nimani tusasa, shunday, aslida bu – yaxshilarning xalqning vakolati bilan boshqaruvidir”.
Demokratiya o‘zining sof ko‘rinishida fuqarolarga o‘zlari va mamlakatlari taqdiriga doir davlatona qarorlar chiqarish jarayonida to‘g‘ridan-to‘g‘ri, masalan, referendumlar orqali ishtirok etish imkonini beradi. Bu bevosita demokratiya demakdir. Bunday imkoniyat O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 9-moddasida (jamiyat va davlat hayotining eng muhim masalalari referendum orqali hal etilishi belgilangan) va 36-moddasi (fuqarolar davlat va jamiyat hayotini boshqarishda bevosita yoki o‘z vakillari orqali ishtirok etishlari belgilangan) ham ko‘zda tutilgan.
Fuqarolar o‘z nomlaridan faoliyat yurituvchi va qaror qabul qiluvchi vakillarini saylaydi. Bu vakillik demokratiyasi yoki, boshqacha aytganda, bilvosita demokratiya deb ataladi. Vakillik demokratiyasining asosida doimiy o‘tkaziladigan, haqqoniy, halol va muqobil saylovlar yotadi. Bunday saylovlarning izchil o‘tkazilishi hokimiyatni xalqqa bog‘lab turadi.
Demokratiya sharoitida hukumat hokimiyat boshqaruvini xalqning roziligi bilan oladi va mabodo, xalq hukumatga ishonchini yo‘qotsa, uni tinch, demokratik yo‘l bilan almashtira oladi. Zero, ingliz faylasufi Jon Lokk “hokimiyat haqida”da yozganidek, “har bir inson o‘z hayotining hakamidir” va u o‘ziga bekligidan voz kechib, o‘zining ustidan hokimiyat saylar ekan, uning faoliyatidan hisobdor va xabardor bo‘lishga haqlidir.
Demokratiya shunday tuzumki, unda insonni imkon qadar kam boshqaradilar, imkon qadar kam chegaralaydilar, imkon qadar kam bezovta qiladilar. Ammo bu inson ko‘ngliga kelgan boshboshdoqlikni qilaveradi, chegaradan chiqaveradi degani emas, chunki boshqa insonlar ham uning kabi ozoddir, ular ham erkinlik, halovatni xohlaydi. Bir insonning halovati boshqa insonga behalovatlik keltirsa, bu halovat, erk chegaralanadi, har qanday halovat va erk faqat boshqaning erkiga xavf solmaydigan darajada bo‘lmog‘i lozim.
Garchi demokratiya azaliy qadriyat bo‘lsa-da, faqat XX asr o‘rtalariga kelib umuminsoniy qadriyat sifatida e’tirof etildi va bugun – XXI asrda umumjahon maqomiga ega bo‘lmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 36-moddasiga ko‘ra, “O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi.” deb belgilangan.
Fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarida, shuningdek, qonun loyihalarini muhokama qilishdagi ishtiroklari normativ-huquqiy hujjatlarda bevosita o‘z ifodasini topgan. Jumladan, “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasi to‘g‘risida”gi Qonunda fuqarolarning qonun loyihalarini muhokama qilishdagi ishtiroklari bevosita ko‘rsatib o‘tilgan. Mazkur qonunning 7-8-moddalariga ko‘ra, “Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida fuqarolarning ishtirok etishi ixtiyoriydir hamda fuqarolarni qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishga majburlash taqiqlanadi. Qonun loyihalarining umumxalq muhokamasida ishtirok etishda fuqarolar teng huquqqa egadirlar”.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakat strategik taraqqiyotining yo‘nalishlarini, insonning siyosiy huquqlarini xalqaro andozalar miqyosida belgilab beradi, xalqaro huquq ustunligini, hokimiyatlar taqsimlanishini, davlat hokimiyati organlari va mahalliy o‘zini-o‘zi boshqarish organlarining saylanishini, ko‘p partiyaviylikni, mafkuraviy plyuralizmni o‘zida aks ettiradi.
Xalq davlat hokimiyatini Konstitutsiya asosida bevosita yoki o‘zi saylab qo‘yadigan organlari orqali amalga oshiradi. Xalq ijtimoiy va davlat ishlarini boshqarishda, qonunlar qabul qilishda umumxalq muhokamasi va referendumlar orqali konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, hokimiyatning vakillik organlarini tashkil etish, mamlakat Prezidentini saylash yo‘li bilan doimiy ravishda ishtirok etib boradi.
Fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy huquqlari va erkinliklari hamda ularning konstitutsiyaviy kafolatlangani jamiyatimizning demokratik mohiyatini ifodalaydi. Shu bilan birga, demokratiya shaxsga imkon qadar ko‘p erkinlik beradi va shunga yarasha katta mas’uliyat ham yuklaydi, u insonni o‘z taqdirining egasiga aylantiradi hamda qadr-qimmatini ko‘taradi.
Konstitutsiya va qonunning ustunligi. Mamlakatimizda Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi soʻzsiz tan olinadi. Konstitutsiyaning birorta qoidasi Oʻzbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas.
Qonunlarning sifati va huquqiy tartibga solishning samaradorligi ko‘p jihatdan ularda prinsiplarning qanday shakllantirilganligi va yoritilganligi bilan bog‘liq. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining III bobi “Konstitutsiya va qonunning ustunligi”, – deb nomlanib, mazkur bob Konstitutsiyamizning 1-bo‘limida joylashgan.
Konstitutsiya va qonun ustunligi prinsipi uchta jihatda ko‘rib chiqilishi mumkin:
– huquq tizimining prinsipi sifatida, uning ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi yetakchi rolini anglatadi;
– davlat prinsipi sifatida, normativ-huquqiy hujjatlar iyerarxiyasida ustuvorligini anglatadi;
– qonuniylik talabi va huquqiy prinsip sifatida.
Konstitutsiya va qonunning ustunligi davlat prinsipi sifatida demokratik, huquqiy, ijtimoiy davlatning konstitutsiyaviy prinsipi bo‘lib, davlat suverenitetini himoya qilishga, jamoat hayotini tashkil etishga, qonuniylik va huquqiy tartibotni ta’minlashga, inson va fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilishga qaratilgan ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdagi ustuvorligini anglatadi. Konstitutsiya va qonun ustunligi mazmunan butun davlat hududida to‘liq hokimiyatga ega bo‘lgan suverenitetdan kelib chiqadi. Demokratik va huquqiy davlatda bu prinsipning belgilanishi huquqning rolini oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi.