Konstitutsiya – davlatning asosiy qonuni
Konstitutsiya va uning ahamiyati. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining tuzilishi.
Konstitutsiya – davlatning oliy yuridik kuchga ega asosiy qonunidir. Konstitutsiya shaxsning konstitutsiyaviy huquq, erkinliklari va burchlari, davlat hokimiyati organlari tizimi, davlat hokimiyatini tashkil etish bilan bogʻliq hamda shaxs, jamiyat va davlat oʻrtasidagi munosabatlarni tartibga soladi.
Konstitutsiya normalari oliy yuridik kuchga ega boʻlishi bilan birga, ular toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladi. Boshqacha qilib aytganda, uning normalarini hayotga tatbiq qilish uchun qoʻshimcha maxsus qonunlar yoki qonun osti hujjatlar qabul qilish shart emas. Shu bois Konstitutsiyaning 15-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, toʻgʻridan toʻgʻri amal qiladi va yagona tashkil etadi”, – degan norma belgilangan.
Konstitutsiyaning toʻgʻridan toʻgʻri amal qilishi – davlat organlari, ularning mansabdor shaxslari, shu jumladan, sudlar tomonidan Konstitutsiya normalarini huquqni qoʻllash amaliyotida bevosita qoʻllagan holda qarorlar qabul qilish, fuqarolarning Konstitutsiya normalaridan toʻgʻridan toʻgʻri foydalanishi va rioya etishini koʻzda tutadi. Fuqarolar esa kundalik hayotda Konstitutsiyada belgilangan normalarga murojaat qilgan holda oʻz huquq va erkinliklarini amalga oshiradi. Masalan, Oʻzbekiston Konstitutsiyasining 47-moddasiga asosan sudning qarorisiz uy-joydan mahrum etishga yoʻl qoʻyilmaydi. Mazkur huquq buzilsa, fuqaro ushbu moddada mustahkamlangan konstitutsiyaviy normaga tayangan holda oʻz huquqini tiklashni talab etishi mumkin.
Konstitutsiyaning xususiyatlari orqali uning yuridik tabiati ochiladi. Xususiyatlar umumiy, yaʼni umuman Konstitutsiyaga tegishli yoki alohida, yaʼni ayrim mamlakatlarning Konstitutsiyalariga tegishli boʻlishi mumkin. Konstitutsiyalar maʼlum taraqqiyot mahsuli, maʼlum mamlakatda yashayotgan xalqning ongi, dunyoqarashi mahsulidir. Unda tarixiy taraqqiyot tajribasi, milliy qadriyatlar, xalqning maʼnaviy va axloqiy turmush tarzi, albatta, aks etadi, bu har bir mamlakat konstitutsiyalarida umumiylik bilan birga, oʻziga xos xususiyatlar boʻlishini taqozo etadi.
Konstitutsiyalarning xususiyatlari uning huquq tizimidagi alohida oʻrni, ijtimoiy munosabatlarni konstitutsiyaviy tartibga solish mexanizmida aks etadi. Bu xususiyatlarga quyidagilarni kiritish mumkin.
1. Konstitutsiya maxsus subyektlar tomonidan alohida tartibda qabul qilinadi (legitimlik). Konstitutsiyalar odatda xalq nomidan yoki uning vakillari nomidan qabul qilinadi. Konstitutsiya bevosita xalq nomidan referendum orqali yoki alohida, maxsus, faqat shu maqsadda tashkil qilinadigan organ yoki
qonunchilik organi – parlament tomonidan qabul qilinadi.
2. Oʻzining tub mohiyati va falsafasi, maqsadi va gʻoyalariga koʻra yangi hujjatdir. Konstitutsiya normalari taʼsis etuvchi kuchga ega. Konstitutsiya konstitutsiyaviy tuzum asoslarini belgilaydi, bular shaxsning huquqiy holati asoslari, konstitutsiyaviy tuzum asoslari, uning prinsiplari boʻlib, shunday normalar boshqa yuridik normalarni yoki munosabatlarni keltirib chiqaradi. Jumladan, Oʻzbekiston Konstitutsiyasida belgilangan “xalq davlat hokimiyatining birdan bir manbayidir” degan qoida davlat hokimiyatining vujudga kelishi uchun asos, taʼsis xarakteriga ega. Xuddi shuningdek, “hokimiyatning boʻlinishi prinsipi” mustahkamlangan
11-moddada hamda “inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati oliy qadriyat” ekanligi belgilangan 13-moddaning qoidalarida ham taʼsis etuvchi xususiyatni yaqqol koʻrsa boʻladi.
3. Konstitutsiyaning tartibga solish doirasi keng va xilma-xildir. Konstitutsiyaning tartibga soluvchi predmeti doirasining kengligi uning yuridik xususiyatlaridan biri sifatida koʻrsatiladi. Boshqa turli qonunlar alohida bir ijtimoiy munosabatni tartibga solsa (masalan, mehnat huquqi – mehnat munosabatlarini, moliya huquqi – moliya munosabatlarini), Konstitutsiyaviy huquq tartibga soladigan munosabatlar doirasi turlicha. Masalan, u shaxs huquqiy holatini ham, hokimiyatni tashkil etish va hokimiyat faoliyatini ham, siyosiy, iqtisodiy munosabatlarni ham tartibga soladi.
4. Oliy yuridik kuchga ega, alohida tartibda qabul qilinadi va muhofazalanadi.
Konstitutsiyaning oliy yuridik kuchga egaligi, ustuvorligi uning muhim xususiyatidir. Yuqorida tilga olingan 4 ta xususiyatning oʻzi ham Konstitutsiyaning oliyligini koʻrsatadi. Konstitutsiya barcha qonunlardan yuqori turadi, uning normalariga boshqa qonunlar zid boʻlmasligi kerak. Konstitutsiyaning oliyligi, ustunligi uni qabul qilish va unga oʻzgartirish kiritish alohida tartibda oʻrnatilganligida ham koʻrinadi. Boshqa qonunlar oddiy koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinsa, Konstitutsiya mutlaq koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi va oʻzgartirish kiritiladi.
Konstitutsiyani himoyalash, muhofaza qilishning alohida tartibi, mexanizmi oʻrnatiladi. Buning uchun hokimiyat tizimida maxsus organlar tuziladi. Masalan, Konstitutsiyaviy sud. Uning asosiy vazifalaridan biri Konstitutsiyani muhofaza qilish hisoblanadi.
5. Huquq tizimi poydevori hisoblanadi. Har bir Konstitutsiya alohida mamlakatda vujudga keladi. Uning vujudga kelish sharoitlari har xil boʻlishi mumkin. Milliy qadriyatlar, xalq oʻtmishi, madaniyati, tili ham konstitutsiyalarda aks etadi. Shuning uchun har bir mamlakatning konstitutsiyasi yuqoridagi yuridik xususiyatlarga zid boʻlmagan holda, maxsus xususiyatlarning boʻlishini ham taqozo etadi. Bu xususiyatlar mavjud masalalarning mohiyatini buzmagan holda turlicha belgilanishda, talqin qilinishda koʻrinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining qabul qilinishi. Oʻzbekistonda yangi Konstitutsiya ishlab chiqish gʻoyasi mustaqillik eʼlon qilinguncha, hali ittifoq mavjud vaqtdayoq vujudga kelgan edi. Shu davrdayoq yangi Konstitutsiyani qabul qilish uchun maʼlum sabablar, yangi ijtimoiy munosabatlar vujudga kela boshlagan edi. Jumladan, Oʻzbekistonda prezidentlik instituti vujudga keldi, saylov tizimi oʻzgartirilib, muqobil saylovlar oʻtkazila boshlandi, markaz bilan Respublika munosabatida yangi holatlar vujudga keldi, kommunistik partiya hukmronligiga barham berildi.
Mustaqillik uchun qoʻyilgan shaxdam qadam sifatida eʼtirof etiladigan, 1990-yil 20-iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasi yangi Konstitutsiya yaratish uchun ham asos boʻldi. Deklaratsiya qabul qilingan Oliy Kengash sessiyasida shu hujjat prinsiplari asosida yangi Konstitutsiya ishlab chiqish zarur, degan xulosaga kelindi. Oʻzbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti I. Karimov boshchiligida 64 kishidan iborat Konstitutsiya loyihasini tayyorlash uchun komissiya tuzildi.
1991-yil Konstitutsiya loyihasini tayyorlovchi komissiyaning birinchi majlisi oʻtkazilib, komissiya aʼzolari va yetakchi mutaxassislardan tashkil topgan, 32 kishidan iborat ishchi guruh tuzildi. Uning vazifasi sifatida loyiha tayyorlash boʻyicha barcha ishlarni muvofiqlashtirish belgilanib, Konstitutsiya boʻlimlarini tayyorlash uchun 6 ta kichik guruh tashkil qilindi. Ularning har biriga Konstitutsiyaning muqaddimasini, konstitutsiyaviy tuzum asoslarini, fuqarolarning huquqi, erkinliklari, burchlari, fuqaro va jamiyat, davlat tuzilishi, davlat hokimiyati tizimi boʻlimlarini tayyorlash yuklandi. Kichik guruhlar tarkibiga 50 nafar olim, ilmiy xodimlar, mutaxassislar jalb etildi.
Komissiya va ishchi guruhiga jalb qilinganlar tarkibi yirik olimlar, huquqshunoslar, siyosatshunoslar, iqtisodchilar, davlat va jamiyat arboblaridan iborat boʻlib, ularning oldida masʼuliyatli, sharafli, shu bilan birga, oʻta murakkab va qiyin vazifa turar edi.
Toʻgʻri, avval ham Oʻzbekiston tarixida uch marta Konstitutsiya qabul qilingan edi, lekin ular markazda tayyorlangan Ittifoq Konstitutsiyasi andozasi asosida hech oʻzgarishsiz tayyorlanib, qabul qilingan.
Konstitutsiya loyihasining birinchi varianti 1991-yilning noyabrida tayyorlab boʻlindi. 1991-yil 31-avgustda Respublikamizda Mustaqillik eʼlon qilindi. Ittifoq davrida boshlangan ishning dastlabki varianti mustaqillik davrida tugallandi. U muqaddima, 6 ta boʻlim va 158 ta moddadan iborat edi. Oʻzbekistonning mustaqillikka erishishi loyiha ustida ishlashni yanada jonlantirib yubordi. Konstitutsiyada siyosiy, iqtisodiy mustaqillik oʻz aksini topishi kerak edi. Shular asosida loyiha takomillashtirilib, 1992-yil bahorida 149-moddadan iborat ikkinchi variant tayyorlandi.
1992-yilning bahorida boʻlib oʻtgan Komissiya yigʻilishida Konstitutsiya loyihasini uzil-kesil ishlab chiqish uchun 25 kishidan iborat yangi ishchi guruhi tuzilib, uning oldiga quyidagi vazifalar qoʻyildi:
– Oʻzbekistonning demografik va ijtimoiy-siyosiy turmush tarzi, uning taraqqiyot tajribasini, turli ijtimoiy guruhlar madaniy-maʼrifiy markazlari hamda mulohaza va takliflarini umumlashtirish;
– Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolaridan tushgan takliflarni koʻrib chiqish va loyihaga oʻzgartirish kiritish.
Tayyorlangan loyiha Komissiya qaroriga asosan 1992-yil 26-sentabrda ommaviy axborot vositalarida umumxalq muhokamasiga eʼlon qilindi.
Umumxalq muhokamasi oʻtgan davr aholining faolligi kuchaygan davrga toʻgʻri kelganligi bilan xarakterlanadi. Ittifoqning tarqalib ketishi, mustaqillikning qoʻlga kiritilishi xalqning faolligiga ijobiy taʼsir qildi.
Ommaviy axborot vositalarida, yigʻilishlarda har xil fikrlar bayon qilishga keng imkoniyat yaratildi. Loyiha boʻyicha koʻplab takliflar tushdi. Shular asosida loyiha qayta ishlanib, takomillashgan loyiha 1992-yil 21-noyabrda ikkinchi marta umumxalq muhokamasi uchun matbuotda eʼlon qilindi.
Loyiha takomillashtirilgandan soʻng, Konstitutsiyaviy komissiya 1992-yil 7-dekabrda boʻlib oʻtgan majlisda uni koʻrib chiqishga Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi sessiyasiga kiritish haqida qaror qabul qildi.
1992-yil 8-dekabrda Oliy Kengashning XII chaqiriq XI sessiyasi boʻlib oʻtdi. Bu sessiya tarixiy sessiya boʻlib, tarixiy ahamiyatga ega masalani muhokama qildi. Sessiyada loyihaga 80 ga yaqin oʻzgartirish, qoʻshimcha, aniqliklar kiritildi. Ayrim takliflar asosli tarzda rad etildi.
Loyihaning har bir moddasi, bobi, boʻlimlari alohida-alohida muhokama qilinib, tegishli asosli takliflar inobatga olinib, oʻzgartirishlar kiritilgandan soʻng, qabul qilinish uchun ovozga qoʻyildi. Deputatlar muqaddima, 6 ta boʻlim, 26 ta bob va 128 ta moddadan iborat Konstitutsiyani qabul qildilar.
Konstitutsiyaviy rivojlanish tajribasi xalqaro ahamiyatga ega. Konstitutsiyalar qaysi mamlakatda qabul qilinmasin, jahon tajribasidan foydalaniladi. Chunki ular uzoq vaqtda qoʻlga kiritilgan va hayot tajribasidan oʻtgan, xalqlar qaysi millatlarga, dinga mansub boʻlmasin, koʻpchilik manfaatiga mos tushuvchi tamoyillar, tartiblar, qoidalarga tayanadi.
Mamlakatimiz mustaqilligi va taraqqiyoti, inson huquq va erkinliklarining 1992-yildan 2023-yilgacha mustahkam kafolati boʻlib kelgan Konstitutsiyamizga jami 16 marta oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan edi.
Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinishi
Bugungi kunda rivojlangan davlatlar tajribasi koʻrsatyaptiki, insonni oliy qadriyat darajasiga olib chiqishga oid iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy islohotlarni izchil amalga oshirishda aynan jamiyat va davlatni modernizatsiya qilishning konstitutsiyaviy-huquqiy asoslarini rivojlantirish muhim ahamiyatga ega.
2021-yilgi Oʻzbekiston Prezidenti saylovi jarayonida nomzodlarning saylovchilar bilan uchrashuvlari yurtimizdagi demokratik islohotlarning ortga qaytmas tus olishi uchun konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish zaruratini koʻrsatib berdi.
Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 2021-yil 7-dekabrda Oʻzbekiston Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligiga bagʻishlangan tabrigida Asosiy qonunimizni yanada takomillashtirishning 9 ta yoʻnalishini belgilab bergan edi.
2022-yilning 20-may kuni Oliy Majlis Senati Kengashi va Qonunchilik Palatasi Kengashining qoʻshma majlisida Oʻzbekiston Konstitutsiyasiga oʻzgartirish kiritish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiya tuzildi hamda uning faoliyatini tartibga soluvchi nizom qabul qilindi. Oʻsha yilning 26-mayida esa Konstitutsiyaviy komissiyaning birinchi yigʻilishi oʻtkazildi.
Konstitutsiyaviy komissiyaning ishlash mexanizmi boʻyicha quyidagi bosqichlarni sanab oʻtsa boʻladi. Jumladan:
birinchi bosqich, Konstitutsiyani oʻzgartirish boʻyicha takliflarni qabul qilish, jamlash va tahlil qilishni tashkillashtirish;
ikkinchi bosqich, parlament tomonidan ishlab chiqilgan yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasini umumxalq muhokamasida koʻrib chiqish;
uchinchi bosqich, umumxalq muhokamasi natijasida maromiga yetkazilgan Konstitutsiyaga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qonun loyihasini referendum oʻtkazish yoʻli bilan qabul qilish.
Bu safar esa oʻzgarishlar koʻlami kattaligi sabab hujjatning yangi tahriri qabul qilindi. Yangilanish natijasida, bosh qomusdagi moddalar soni 128 tadan 155 taga, undagi normalar esa 275 tadan 434 taga oshdi.
Mamlakatimizda 2023-yil 30-aprel kuni oʻtkazilgan referendumda ishtirok etgan fuqarolarning 90,21 foizi yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini yoqlab ovoz berdi. Bu esa unda xalqimizning yangi Oʻzbekistonni barpo etish boʻyicha orzu-umidlari va intilishlari oʻz aksini topganligidan dalolat bermoqda.
Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 30-apreldagi referendumda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi toʻgʻrisida”gi Konstitutsiyaviy Qonuni 1-maydan kuchga kirdi.
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Konstitutsiyasi 6 bo‘lim, 27 bob va 155 ta moddadan iborat.
Shu kundan eʼtiboran boshqa qonunlar va qonunosti hujjatlarida keltirilgan normalar Konstitutsiyaga zid boʻlsa, Konstitutsiya qoidalariga muvofiq ish yuritish belgilandi.
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi Yangi Oʻzbekiston strategiyasini amalga oshirishning siyosiy-huquqiy asoslarini mustahkamlab, milliy davlatchilik taraqqiyotining tarixiy muhim bosqichida davlat va jamiyatni yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini belgilab berdi.