Fuqarolarning burch va majburiyatlari
1. Konstitutsiyada fuqarolarning qanday burchlari mavjud?
Jamiyat va davlatda insonlarning birgalikda yashashi ular ortasida ‘o‘zaro huquq va qonuniy majburiyatlarning mavjudligini nazarda tutadi va ular birgalikda shaxsning huquqiy maqomini tashkil etadi. Bu esa, o‘z navbatida, har qanday davlatning asosiy qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarida e'lon qilingan huquqlarga tegishli majburiyatlar mos kelishini anglatadi. Ya’ni, davlatda fuqarolarning huquqiy holati faqat ularning huquqlari mavjudligi bilangina emas, balki ularning aniq belgilangan burchlari mavjudligi bilan ham belgilanadi. Burch - ijtimoiy hayotning zarur kategoriyasidir, ayniqsa, fuqaro va davlat munosabatlarini to‘g‘ri tashkil etishda, manfaatlar mushtarakligini ta’minlashda burch zarur bo‘lib, u davlatga ham, fuqarolarga ham tegishli bo‘ladi. Burchlar jamiyat, fuqarolar, davlat manfaatidan kelib chiqib har bir mamlakat qonunlarida fuqarolarning huquqlari buzilmasligi, davlat manfaatlariga ziyon yetmasligi maqsadida o‘rnatiladi. Burch, asosan davlat tomonidan belgilanadi va ixtiyoriy bajarilishga havola qilinadi, ammo bajarilmaganda javobgarlikka sabab bo‘ladi. Burchni bajarish barcha uchun majburiy bo‘lsada, lekin ayrim burchlar fuqaroning huquqiy maqomidan kelib chiqishi mumkun. Masalan, ba’zi davlatlarda harbiy xizmatni o‘tash burchi chet davlat fuqarosi va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga taalluqli emas. Xuddi shuningdek, qonunda belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni hech qanday daromadga ega bo‘lmagan shaxslar to‘lamaydi. Fuqarolarning aksariyat burchlari Konstitutsiyada belgilanib, ular jamiyat va davlat hayoti uchun umumiy va eng zarur, qilinishi majburiy yoki bajarilishi lozim bo‘lmagan xatti-harakatlardir. Shunjng uchun ular mazmuni, amal qilish doirasi, ahamiyati nuqtai nazaridan asosiy burchlar deb ataladi va fuqarolarning «konstitutsiyaviy burchi» yoki «asosiy burchi» deganda ular bir ma’noda ishlatiladi va tushuniladi. Shaxsning majburiyatlarini konstitutsiyaviy-huquqiy tartibga solish, umuman olganda, boshqa sohalardan farqli oʻlaroq, ikki tomonlama rolni oʻynaydi. Birinchidan, huquqning barcha sohalari singari, u konstitutsiyaviy-huquqiy munosabatlar subyekti sifatidagi shaxsning majburiyatlari doirasini – shaxsning saylovchi, deputat, turli davlat va mahalliy hokimiyat organlarining aʼzosi, boshqa koʻplab konstitutsiyaviy va huquqiy maqomlarning egasi sifatidagi burchlarini belgilaydi. Ikkinchidan, konstitutsiyaviy yoki asosiy huquq va majburiyatlar yagona huquqiy tizimning ajralmas qismini tashkil etadi. Konstitutsiyalarda fuqarolarning muayyan doiradagi huquq va majburiyatlarining alohida boʻlimda ajratilishi ularning boshqa huquq va majburiyatlardan farqi bilan emas, balki asosiy qonun normalarini tizimlashtirish talabi bilan izohlanadi. Tan olish kerakki, zamonaviy konstitutsiyalar avvalgidan koʻra fuqarolarga kamroq masʼuliyat yuklaydi. Ular koʻproq huquq va erkinlik toifalariga urgʻu beradilar. Shu bilan birga, asosiy majburiyatlarni belgilamasdan huquqlarni amalga oshirilishini kafolatlab boʻlmasligi aniq, chunki ularni amalga oshirish jamiyatning normal tarzda ishlashini taʼminlaydi.
Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan har qanday burch fuqarolar uchun bajarilishi shart boʻlgan majburiyatdir. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 59-moddasida: “barcha fuqarolar Konstitutsiyada belgilab qoʻyilgan burchlarini bajaradilar”, deb belgilangan, bu qoida esa konstitutsiyaviy burchlarning bajarilishi shart ekanligini koʻrsatib, barcha burchlarning bajarilishini taʼminlashga qaratilgan umumiy va rahbariy qoida hisoblanadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 60-moddasida esa, bu burch yanada aniqlashtirilgan, ya’ni “fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majburdirlar”. Konstitutsiya va qonunlar ustunligining taʼminlanishi huquqiy davlatning muhim belgilaridan biri boʻlib, u Oʻzbekistonda davlat-huquqiy qurilishining eng asosiy prinsipi hamdir, chunki qonuniylikni hukm surishi –jamiyatdagi tartib va barqarorlikning asosi, davlat hayotida tinchlik va osoyishtalik garovidir. Shu sababli, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etish majburiyati huquqiy munosabatlarning barcha subyektlari uchun umumiy, universal talab hisoblanadi. Konstitutsiya va qonunlarda fuqaro, jamiyat va davlatning oʻzaro munosabatlari, siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy asoslari o‘z aksini topgan boʻladi, shu sababli ularga hamma qatʼiy rioya etishi shart. Bu oʻz navbatida, nafaqat Konstitutsiya va qonunlarni buzmaslikni, balki ularning tamoyil va normalarini real voqelikka aylantirishni talab etadi. Chunki har qanday rivojlangan demokratik davlatning muhim shartlaridan biri jamiyatda inson huquq va erkinliklari kafolatlanganligi hisoblanadi. Konstitutsiya va qonunlarga rioya qilmaslik esa davlat tomonidan belgilangan qoidalarning buzilishiga, inson shaʼni va qadr-qimmatining toptalishiga olib kelishidan tashqari, javobgarlik masalasiga ham sabab boʻladi. Shuning uchun koʻp mamlakatlarning Asosiy qonuni fuqarolarni Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa insonlarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishga majbur qiladi. Qonunning hayotga izchil tatbiq etilishi, uning ustuvorligini taʼminlash Oʻzbekistonda huquqiy davlat barpo etishning eng muhim shartlari va asoslaridan biridir. Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish majburiyati eng umuminsoniy majburiyatlardan biri boʻlib, uning bajarilishi barcha toifadagi shaxslarga yuklanadi. Konstitutsiya talablarining bajarilishi mamlakatda konstitutsiyaviy tuzum barqarorligini va fuqarolarda qonunga qatʼiy itoatkorlik mavjudligini koʻrsatadi. Konstitutsiyaviy normalarga rioya qilish talabi barcha huquq subyektlariga, shu jumladan, davlat hokimiyati organlariga, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga, fuqarolar va ularning birlashmalariga, chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga qaratilgan.
Mamlakatning qudrati faqat moddiy va iqtisodiy boyliklardangina iborat boʻlmay, u oʻz ichiga maʼnaviy va madaniy merosni ham qamrab oladi. Shu sababli tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosni asrash Konstitutsiya va qonunlarda asosiy burchlardan biri etib belgilanadi va madaniy hayotda ishtirok etish va madaniy boyliklardan foydalanish konstitutsiyaviy huquqi bilan bevosita bogʻliqdir. Hozirgi kunda ushbu burch koʻp davlatlarning qonun hujjatlarida aks ettirilgan, chunki inson nafaqat oʻzining biologik hayoti uchun zarur boʻlgan tabiiy muhitda, balki uning axloqiy va maʼnaviy hayoti uchun zarur boʻlgan madaniy muhitda ham yashaydi. Shu bois madaniy boyliklarni muhofaza qilish va ulardan ehtiyotkorona foydalanish davlat va uning organlari, jamoat tashkilotlari va barcha fuqarolarning ustuvor vazifasi hisoblanadi. Madaniy qadriyatlar insoniyat taraqqiyotining tarixiy yoʻlining moddiylashtirilgani dalili boʻlib, xalqlarning maʼnaviy boyligini ochib beradi va oldingi avlodlarning tarixiy tajribasi manbayi hisoblanadi. Maʼnaviy-madaniy merosni asrab-avaylab, kelajak avlodlarga yetkazish oʻtgan zamondagi madaniyat, qudrat, aql-zakovat mevalarini ularga taqdim etish xalqqa oʻzligini anglashga imkon beradi. Oʻzbekiston ham olamga mashhur tarixiy yodgorliklarga boy, maʼnaviy-madaniy qadriyatlari kuchli shakllangan mamlakat hisoblanadi. Oʻzbekistonning oʻtmishda yaratilgan moddiy va maʼnaviy qadriyatlari, obidalari, tarixiy-madaniy hududlari hamda boshqa obyektlari jahon sivilizatsiyasi rivojlanishiga oʻz hissasini qoʻshgan. Masalan, YUNESKO Umumjahon madaniy merosi roʻyxatiga Oʻzbekistondagi 4 ta meʼmoriy majmua – Xiva, Buxoro, Samarqand va Shahrisabz shaharlarining tarixiy markazlari kiritilgan. YUNESKOning Insoniyat nomoddiy madaniy merosining reprezentativ roʻyxatiga esa, mamlakatimiz nomoddiy madaniy merosining 8 ta obyekti (Boysun madaniy makoni, Shashmaqom mumtoz musiqasi, Katta ashula, Askiya sanʼati, Navroʻz, Palov madaniyati va anʼanalari, Margʻilon hunarmandchilikni rivojlantirish markazi: adras va atlas tikish, Xorazm raqsi – Lazgi, kiritilgan. Shuning uchun ularni saqlash va kelajakka taqdim qilish maqsadida Konstitutsiyaning 61-moddasida “fuqarolar Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart” degan konstitutsiyaviy burch belgilab qoʻyilgan. Konstitutsiya normasidan kelib chiqib, har bir fuqaro madaniy, tarixiy, maʼnaviy, madaniy, ilmiy yodgorliklardan oʻzining turli ehtiyojlarini qondirishda foydalanar ekan, ularga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishi, ularni saqlashi nafaqat konstitutsiyaviy majburiyat, balki avlodlar oldidagi burchi ekanligini unutmasligi kerak.
Tabiatning har bir elementi inson hayoti uchun zarur manbadir. Insonlarning va kelajak avlodlarning sogʻligʻiga, hayotiga tabiiy muhit ham taʼsir qiladi, atrof-muhitning sogʻlom boʻlishi esa nafaqat davlatning zimmasidagi vazifa, balki har bir kishining burchidir. Shuning uchun Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida: “Fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar”, – degan qoida mustahkamlangan. Insoniyatning omon qolishi uchun tabiatning buzilishi, havo, yer va suvning ifloslanishidan kattaroq xavf yoʻq. Shu munosabat bilan atrof-muhitni asrash jahon hamjamiyati tomonidan nafaqat har bir davlat, balki sayyoramizdagi har bir inson – tabiatning asosiy “isteʼmolchisi”ning birlamchi vazifasi va burchi sifatida eʼtirof etilmoqda. Shu munosabat bilan fuqarolarning asosiy burchlaridan biri konstitutsiya darajasida belgilangan. Alohida taʼkidlash joizki, Asosiy Qonunimizda tabiat – jamiyat tizimidagi oʻzaro munosabatlarni tartibga soluvchi maxsus normalar ham belgilangan boʻlib, ular ekologik huquqiy munosabatlar poydevorini tashkil etadi. Konstitutsiyamizning bir nechta moddasida tabiatni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarimizdan oqilona foydalanish bilan bogʻliq ekologik-huquqiy normalar mustahkamlangan. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 62-moddasida tarixda sinalgan umumbashariy qadriyatlar mujassam boʻlib, unga koʻra, fuqarolar atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishga majburdirlar. Taʼkidlash joizki, atrof muhitga ehtiyotkorlik bilan munosabatda boʻlish ajdodlarimiz uchun ham oʻta ahamiyatli masala hisoblangan, uni har qanday tajovuzdan himoya qilish qoidalarini esa koʻp tarixiy-huquqiy manbalarda uchratish mumkin. Ushbu normaning ahamiyati shu bilan belgilanadiki, unda atrof tabiiy muhit tushunchasining yuridik mazmunidan kelib chiqib, Konstitutsiyaning ushbu normasi nafaqat fuqarolarning tabiatni muhofaza qilish, balki tabiiy resurslardan oqilona foydalanish majburiyatini ham nazarda tutadi. Bundan tashqari, Asosiy qonunning 66-moddasida, mulkdor mol-mulkdan foydalanishda atrof-muhitga zarar yetkazmasligi, boshqa shaxslarning, jamiyat va davlatning huquqlarini hamda qonuniy manfaatlarini buzmasligi kerak deb belgilangan. 68-moddasida esa yer, yer osti boyliklari, suv, oʻsimlik va hayvonot dunyosi hamda boshqa tabiiy resurslar umummilliy boylikdir, ulardan oqilona foydalanish zarur va ular davlat muhofazasida ekanligi, shuningdek, yer qonunda nazarda tutilgan hamda undan oqilona foydalanishni va uni umummilliy boylik sifatida muhofaza qilishni taʼminlovchi shartlar asosida va tartibda xususiy mulk boʻlishi mumkin ekanligi taʼkidlangan. Ushbu konstitutsiyaviy normaning ahamiyati shundaki, u mustaqilligimizning moddiy asosini tashkil etuvchi tabiiy boyliklarning xalqimiz mulki ekanligii, tabiiy resurslardan faqat oqilona foydalanish zarurligi, respublikamiz tabiati davlat muhofazasiga olinganini, yaʼni ekologik-huquqiy munosabatlar davlat tomonidan kafolatlanishi kabi muhim tamoyillarni mustahkamlaydi.
Fuqarolarning asosiy burchlaridan biri soliqlarni to‘lash. Soliqlar va yigʻimlar har qanday mamlakatda iqtisodiyotning eng muhim tartibga soluvchi asosi, iqtisodiy qudrati, oddiy til bilan aytganda, davlat budjeti hisoblanadi va davlat daromadlari tarkibida eng salmoqli oʻrinni egallaydi. Budjetning asosiy qismini esa soliqlar tashkil etadi. Soliqlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligi va davlat hokimiyatining mahalliy organlari tomonidan belgilangan, hududning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga xizmat qiluvchi yigʻimlardir. Yaʼni soliqlar deganda, muayyan miqdorda muntazam undiriladigan, qaytarib berilmaydigan va begʻaraz xususiyatga ega boʻlgan, budjetga yoʻnaltirilgan majburiy pul toʻlovlari tushuniladi. Boshqa majburiy toʻlovlar deganda, Soliq kodeksida belgilangan davlat maqsadli jamgʻarmalariga majburiy pul toʻlovlari, bojxona toʻlovlari, shuningdek, vakolatli organlar hamda mansabdor shaxslar tomonidan yuridik ahamiyatga molik harakatlarni toʻlovchilarga nisbatan amalga oshirish uchun, shu jumladan, muayyan huquqlarni yoki litsenziyalar va boshqa ruxsat beruvchi hujjatlarni berish uchun toʻlanishi lozim boʻlgan yigʻimlar, davlat boji tushuniladi. Oʻz navbatida, davlatlar jamiyat va barcha fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab, ularni taʼminlash va strategik muammolarni hal etish maqsadida Asosiy qonunda fuqarolarning soliq va yigʻimlarni toʻlash majburiyatini belgilab qoʻyadi. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 63-moddasiga koʻra, fuqarolar qonun bilan belgilangan soliqlar va yigʻimlarni toʻlashi shart. Oʻz navbatida, soliq va yigʻimlar adolatli boʻlishi hamda fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini amalga oshirishiga toʻsqinlik qilmasligi kerak. Soliqlar va yigʻimlarni joriy etishda yoki ularni oshirishda soliq toʻlovchilarning iqtisodiy ahvoli va mulkiy manfaatlari adolatli tarzda eʼtiborga olinishi va muhofaza etilishi zarur. Shu bilan birga, davlat ham fuqarolar uchun ortiqcha va ogʻir boʻlgan soliqlar yoki boshqa yigʻimlarni joriy etmaslik boʻyicha kafolat berishi, bu kafolat esa qonun bilan mustahkamlanishi kerak, bu esa oʻz navbatida, barcha soliq toʻlovchilarning qonun oldida tengligini taʼminlashga, ijtimoiy adolat prinsipining qaror topishiga, soliqlarni yigʻish darajasining oshishiga, tadbirkorlik faoliyatini yanada qoʻllab-quvvatlashga xizmat qiladi. Soliq toʻlovchi qonun hujjatlariga muvofiq soliq toʻlashga majbur boʻlgan shaxs bo‘lib, u soliq toʻlovchi tashkilot yoki oddiy shaxs boʻlishi mumkin. Har bir soliq toʻlovchiga yagona kod – soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR) beriladi. Ushbu kod tufayli Davlat soliq qoʻmitasida soliq toʻlovchi va uning majburiyatlari haqidagi barcha maʼlumotlar mavjud boʻladi. Soliq bilan bogʻliq boʻlgan huquqiy munosabatlar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksi orqali tartibga solinadi. U mamlakatdagi soliq tizimining asoslarini belgilaydi.
Konstitutsiyaviy majburiyatlardan yana biri, Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish burchi va qonunda belgilangan tartibda harbiy xizmatni oʻtash majburiyatidir. Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 64-moddasida Oʻzbekiston Respublikasini himoya qilish Oʻzbekiston Respublikasi har bir fuqarosining burchi deb eʼlon qilingan. Bu nafaqat qonuniy majburiyat, balki maʼnaviy talab, har bir fuqaroning oʻz vataniga nisbatan vijdonan bajariladigan axloqiy burchidir, unga rioya qilmaslik nafaqat jazo, balki jamoatchilik tanbehiga ham olib keladi. Vatanni himoya qilish, harbiy va muqobil xizmatni oʻtash bitta burch deb qaraladi. Aslida, ular farqlanadi. Masalan, Vatanni himoya qilish barcha fuqarolarga tegishli va davomiy bo‘lsa, harbiy xizmatni oʻtash shu ishga yaroqli fuqarolarga tegishli boʻlib, u maʼlum vaqt doirasi bilan chegaralanadi. Vatanni himoya qilish muqaddas burch boʻlib, u fuqarolarning jinsi, yoshi va boshqa xususiyatlaridan qatʼi nazar barcha fuqarolarga taalluqli bo‘lib uning amal qilish vaqti chegaralanmagan, toki vatan borki u doimiy amalda boʻladi. Bundan tashqari, shuni ta'kidlash joizki, Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida “burch” toifasining qoʻllanilishi fuqaroning boshqa huquqiy majburiyatlari qatorida vatanni himoya qilish majburiyatining alohida oʻrin tutishini koʻrsatadi. Burch toifasi vatanni himoya qilishning konstitutsiyaviy majburiyatida huquqiy va axloqiy tamoyillarning birligini aks ettiradi, vatanni himoya qilish burchining maʼnaviy mazmuni esa Asosiy qonunning qonuniy talablari bilan mustahkamlanadi.
2. Fuqaro va chet el fuqarosining majburiyatlari oʻrtasida qanday farqlar mavjud?
Majburiyatlar tabiatan har xil. Ulardan baʼzilari shaxsning davlat fuqaroligiga mansubligidan kelib chiqsa, boshqalari esa bunday maqom bilan bogʻliq emas va hamma uchun birdir. Agar konstitutsiyaviy majburiyatlar barcha toifadagi shaxslarga, shu jumladan, aniq davlatning fuqaroligiga mansub boʻlmagan shaxslarga ham taalluqli boʻlsa, ba’zilari faqat konkret fuqarolikga ega shaxsga tegishli hisoblanadi. Har bir davlatda fuqarolar va xorijiy fuqarolarning huquqlari va majburiyatlari alohida belgilangan bo‘lib, ularning davlat oldidagi mas'uliyatlari ham farq qiladi. Masalan, Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 24-moddasida “Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar” deb belgilangan. Bunday norma Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi qonuning 5-moddasida ham o’rnatilgan. Ushbu Qonunning 25-moddasida esa Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining konstitutsiyaviy burchlari chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga ham taaluqli ekanligini ko’rsa bo’ladi. Y’ani, Oʻzbekiston Respublikasi hududida turgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar ham Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, qonunlariga va boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga rioya etishi, boshqa shaxslarning huquqlari, erkinliklari, shaʼni va qadr-qimmatini hurmat qilishi, shuningdek, Oʻzbekiston xalqining tarixiy, maʼnaviy va madaniy merosini asrab-avaylashi hamda atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda boʻlishi shartligi belgilangan. Ushbu asosiy majburiyatlarni o’rganishda, Qonunda Oʻzbekiston fuqarolarining chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar burchlari o’rtasida farqlar ham mavjudligiga guvoh bo’lish mumkun. Masalan, Qonunning 26-moddasida umumiy harbiy majburiyat Oʻzbekiston Respublikasi hududida doimiy yoki vaqtincha yashayotgan chet el fuqarolariga va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmasligi, 27-moddasida esa chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida belgilangan soliqlarni va unda nazarda tutilgan yigʻimlarni Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq toʻlashligi belgilangan. Fuqarolar va chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning majburiyatlari bir-biridan farq qilasa ham, lekin ular yashab turgan mamlakat qonunlariga hurmat bilan yondashishi, davlatning tinchligi, taraqqiyoti va barqarorligi uchun o‘z majburiyatlarini to‘liq bajarishi lozim.
3. Fuqarolar va chet el fuqarolari majburiyatlarini bajarmasa qanday huquqiy oqibatlar kelib chiqadi?
Har bir shaxs, fuqaro yoki chet el fuqarosi bo‘lishidan qat'i nazar, mamlakat qonunlari va majburiyatlariga amal qilishi shart. Agar majburiyatlar bajarilmasa, bu juda jiddiy oqibatlarga, ma'muriy yoki jinoiy jazoga olib kelishi mumkin.
Majburiyatning buzilishi davlatni oʻz faoliyatining barcha sohalarida zaiflashtiradi, ijtimoiy munosabatlar tizimida tartibsizlikni keltirib chiqaradi, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va boshqa jarayonlarni boshqarishni imkonsiz qiladi. Ushbu normalarning har qanday buzilishi davlat, jamiyat, fuqarolar manfaatlariga tajovuz qilish bilan bogʻliq. Konstitutsiyada o’rnatilgan burchlarni bajarmaslik xavfsizlikka, fuqarolar manfaatiga, davlat boshqaruviga, umuman, konstitutsiyaviy tuzumga jiddiy zarar yetkazadi. Shuning uchun konstitutsiyaviy burchlarni bajarmaslik, ularni har qanday yoʻllar bilan buzish holatlariga nisbatan turli jazo belgilanadi. Qonunlarda Konstitutsiya va qonunlardagi burchlarni bajarmaganlik uchun jazo choralarining belgilanishi konstitutsiyaviy burchlar taʼminlanishining kafolati hisoblanadi. Mazkur konstitutsiyaviy talab zamirida mamlakatda qatʼiy qonuniylik rejimini taʼminlash yotadi. Shuning uchun majburiyatini bajarmaslik yoki lozim darajada bajarmaslik aybdorlarga nisbatan davlat-huquqiy majburlov choralarini qoʻllash imkoniyatini keltirib chiqaradi. Huquqbuzarlarga nisbatan jazo choralarini qoʻllash oʻrnatilgan tartibni himoya qilishdan iborat asosiy vazifadir. Bundan tashqari, u muayyan huquqbuzarlarga nisbatan jazolovchi taʼsir koʻrsatadi va barcha fuqarolar va mansabdor shaxslar uchun tarbiyaviy ahamiyatga ega.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolarining va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning huquqiy holati toʻgʻrisida”gi qonuning 34-moddasida Oʻzbekiston Respublikasi hududida jinoyatlar, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarliklar sodir etgan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari bilan umumiy asoslarda javobgarlikka tortiladi, bundan Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida belgilangan hollar mustasno deb belgilangan. Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasida vaqtincha yoki doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslar turish qoidalarini buzganlik hamda Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa huquqbuzarliklar uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilishi mumkin degan norma mavjud. Ularga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda maʼmuriy tarzda chiqarib yuborish qoʻllanilishi, Oʻzbekiston Respublikasi hududiga kirishi uchun taqiq qoʻyilishi, shuningdek ularning turish muddati qisqartirilishi ham mumkin.