Shaxs erkinligi kafolatlari

​Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli.

Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turishning qonuniy asosi tushuntirilishi kerak.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlab berishga majbur emas.

Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.

Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega.

Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi va sudlanuvchi tergov va suddagi savollarga javob bermasdan sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin.

Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas.

O‘z isbotini topmagan aybdorlikka oid barcha shubhalar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi yoki mahkumning foydasiga hal qilinadi.

Inson o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas.

Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas.

Mahkum o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega.

Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega.

Ushbu huquqning cheklanishiga faqat sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi.

Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi.

Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi.

Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi.

Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi.

Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi.

Qiziqarli ma'lumotlar
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.