Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari

Insoniyat o‘z hayoti davomida davlat hokimiyati, individual manfaat va ehtiyojning uyg‘unligini maqsadga muvofiq tarzda to‘la ravishda hisobga olib borish usullarini doim izlab kelgan. Davlat qanchalik kuchli, qudratli va uyushgan bo‘lmasin, kishilar manfaati va ehtiyojlarini mamlakat miqyosida muvofiqlashtirishni uning kuchi bilangina deyarli amalga oshirib bo‘lmaydi.

Ijtimoiy sohaga oid masalalarni hal etish, inson huquqi va erkinliklarini ta’minlash, muttasil ravishda o‘zgarib turadigan manfaatlarni hisobga olish uchun eng ko‘p imkoniyatlar mahalliy sharoitlarda mavjud bo‘ladi. Davlat o‘z fuqarolarining manfaati va ehtiyojlarini muayyan tarixiy, madaniy, geografik va boshqa o‘ziga xos tomonlarni hisobga olgan holda aynan mahalliy sharoitlarda ta’minlab borishi mumkin. Bunda davlat hokimiyati organlari tizimi bilan qonuniy jihatdan muvofiqlashtirilgan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish tizimi yordamga keladi.

Yurisprudensiya tarixida fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish institutiga ko‘plab ta’rif va izohlar berilgan. Masalan, Germaniyalik mashhur davlatshunos G.Ellinek mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish deganda “davlatning professional mansabdor lavozimiga ega bo‘lmagan shaxslar orqali boshqarilishini, bunda boshqaruvdan manfaatdor shaxslar vositasida davlatning byurokratik boshqaruv tizimiga qarama-qarshi bo‘lgan boshqaruvni” tushunadi.

N.Lazarevskiy mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishni “mahalliy organlar mustaqilligi yuridik kafolat tizimi bilan ta’minlangan, shu bilan birga real nomarkazlashtirishga asoslangan holda, davlat boshqaruv organlarining muayyan hudud va uning aholisi bilan joriy aloqasini ta’minlaydigan nomarkazlashgan davlat boshqaruvi” deydi.
Angliyalik I.Redlix mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish deganda “mahalliy aholi yoki uning saylangan vakillariga qonunchilik hokimiyati tomonidan taqdim etilgan yoxud umumiy huquqlar (common law) doirasida ularga tegishli bo‘lgan vazifa va vakolatlarni amalga oshirilishi”ni tushunadi.

Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish bo‘yicha rossiyalik nazariyotchilardan biri L.Velixovning qarashlari ushbu qarashlar asosida shakllangan. Uning ta’rifiga ko‘ra, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish – “mahalliy aholining hukmron qatlami ichidan vakillarni saylash vositasida vujudga kelgan, ma’lum bir hududda muayyan masalalar doirasidagi davlat boshqaruvi”dir.
Bizning fikrimizcha, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqaruvining mohiyati mahalliy darajada ijtimoiy hokimiyat manbai bo‘lish, kundalik hayotdagi barcha masalalar bo‘yicha mustaqil qaror qabul qilish va uning oqibati uchun shaxsan javobgar bo‘lish kabi fuqarolik huquqlarini tan olish demakdir.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi bilan davlat boshqaruvi faoliyatini o‘zaro muvofiqlashtirish, ushbu institutni rivojlantirish, uning nufuzini oshirish har qanday davlatni, agar uning asosiy maqsadi huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini qurish bo‘lsa, qudratli, barqaror, uyushgan va haqiqiy demokratik davlatga aylanishiga imkon yaratadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish instituti mavjud bo‘lgan mamlakatda shaxs manfaati, davlat manfaati, shu bilan birga mahalliy manfaatlar e’tirof etiladi va kafolatlanadi.
Har birimiz u yoki bu darajada fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi, uning tuzilmalari bilan bog‘liqmiz, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari uchun muhim qarorlarni qabul qilishda faol yoki nofaol darajada ishtirok etamiz, ya’ni har birimiz u yoki bu darajada uni boshqarishga aloqadormiz. Inson faoliyatining aynan shu turi eng murakkab va turfa bo‘lib, bir umr davom etadi. Mamlakatimizni haqiqiy demokratik, huquqiy davlat sari yetaklovchi, amalga oshirilayotgan tub islohotlarning muvaffaqiyati fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish faoliyatining samaradorligiga bog‘liq bo‘lgani bois ham O‘zbekistonda mahallaga bo‘lgan qiziqish tobora kuchayib bormoqda.

Demak, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi keng ma’noda, davlat boshqaruvining joylardagi davomidir. Ya’ni, uning faoliyat funksiyalarida davlat ildizlari mavjud. Ularni parchalamoq, ajratmoq, uzib tashlamoq juda mushkuldir. Mazkur jarayon davlat boshqaruvini uzviy to‘ldirib, uni yanada chuqurlashtiradi.

Davlatning hal bo‘lmagan muammolari yechimini ta’minlashda, shuningdek, inson va fuqaroning huquq va erkinligini ta’minlash bo‘yicha davlat vazifalarini amalga oshirishda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari vositachi bo‘lib xizmat qiladi. Qolaversa, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish g‘oyasi, umuman, davlatni jamiyatdan huquqiy jihatdan uzoqlashuviga yo‘l qo‘ymaydi. Mazkur masala asrlar bo‘yi – davlat paydo bo‘lganidan buyon kun tartibidan tushmay kelmoqda, bizning davrimizda ham uning dolzarbligi yo‘qolgan emas.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi odamlarni mas’uliyatli bo‘lishga chorlaydi. Bu esa an’anaviy paternalizmni bartaraf etish imkoniyatini beradi, fuqarolarning huquqiy madaniyatini oshiradi, faol, tashabbuskor, butun og‘irligini davlatga tashlamaydigan yangi tipdagi shaxsni shakllantiradi, erkinlik qadriyatlariga sadoqatli kishini tarbiyalaydi.
Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqaruvining o‘ziga xos tomoni ikki tomonlama siyosat yuritish tabiati bilan izohlanadi. Bir tomondan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari yagona davlat boshqaruvi mexanizmiga o‘zaro bog‘liq holda rivojlanadi. U mavjud qonun va boshqa me’yoriy hujjatlar asosida o‘z boshqaruv apparatiga ega, qonuniy mablag‘laridan foydalanish huquqi bor, mustaqil ravishda byudjetini shakllantirishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 20-moddasiga asosan inson huquq va erkinliklarini ta’minlash masalasida davlat organlari bilan bir qatorda teng mas’uliyatga ega; 40-moddaga ko‘ra fuqarolarning ariza, taklif va shikoyatlarini ko‘rib chiqib, hal qilish majburiyatini zimmasiga olgan.

Ikkinchi tomondan, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishi fuqarolik jamiyatining muhim tarkibiy qismidir. Bu holat konstitutsiyamizning 69-moddasida mustahkamlangan. Shu bilan bir qatorda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi bevosita demokratiya mexanizmi hisoblangan mahalliy uyushmani tashkil etishning huquqiy shaklidir.
Shu bilan birga uning alohida jihatlari ham mavjud:
1) davlat hokimiyati organlariga nisbatan mustaqil;
2) o‘z manfaatlarini himoya qilish va unga erishish bo‘yicha kollektiv aksiyani amalga oshiradi (masalan, hasharlarni uyushtiradi);
3) huquqiy normalar doirasida harakat qiladi.

Demak, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqaruvining dualistik tabiatini tan olmay ilojimiz yo‘q (masalaning amaliy jihatiga 3.2 paragrafda batafsil to‘xtalamiz).
Ba’zi olimlarning fuqarolar o‘zini o‘zi boshqaruvini mahalliy boshqaruvga qarama-qarshi qo‘ymaslik, aksincha, o‘zaro munosabatda, butunning bir qismi sifatida ko‘rish to‘g‘risidagi asosli qarashlari e’tiborga sazovor. Masalan, N.V.Postovoy “o‘zini o‘zi boshqarish organlari...davlatning ayrim vakolatlarini amalga oshirish huquqiga ega” ekanligini ta’kidlab, “keng ma’noda joylarda davlat boshqaruvini davom ettiradi. O‘zini o‘zi boshqaruvning davlatchilikka xos tabiati uning tomonidan bajariladigan funksiyalarda o‘z ifodasini topadi... O‘zini o‘zi boshqarishning davlat nazariyasi real hayotga eng yaqin bo‘lgan nazariya hisoblanadi. Jamiyatda davlat mavjud bo‘lgan sharoitda o‘zini o‘zi boshqarish davlatga tobe bo‘lib qoladi. Hayotning o‘zi shunday xulosa chiqarishni taqozo etmoqda. Davlat o‘zini o‘zi boshqarish to‘g‘risida qonun qabul qilsa – o‘zini o‘zi boshqarish tarmoq sifatida tartibga solinadi, agar bunday qonun qabul qilinmasa – o‘zini o‘zi boshqarish ham bo‘lmaydi”, deydi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi davlat hokimiyatning vertikal bo‘linishida, shuningdek, bir-birini tiyib turish va muvozanatda saqlash tizimida (masalan, jamoatchilik nazorati) ham o‘z ta’sir kuchiga ega. Shuning uchun ushbu organni davlat hokimiyatini amalga oshirish mexanizmidagi eng quyi bosqichda turadi, deyish ancha kamtarlik bo‘lardi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish poydevori ustida ommaviy hokimiyatning davlat ahamiyatiga ega va, shu bilan birga, mahalliy ahamiyatga molik vertikali o‘z qaddini rostlashi mumkin. Hozirgi sharoitda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish institutining muhim vazifasi O‘zbekiston davlat boshqaruv tizimini jipslashtirish, milliy davlatchilik asoslarini mustahkamlashdan iboratdir.

Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlariga davlat hokimiyati organlari tomonidan ayrim vakolatlarning o‘tkazilishi mazkur organlarga bildirilayotgan jiddiy munosabatni ifodalaydi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 69-moddasi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarini fuqarolik jamiyatining instituti sifatida e’tirof etganligiga qaramay, konstitutsiyamizning XXI bobi “Mahalliy davlat boshqaruvi. Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari” deb nomlangan. Qolaversa, “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari to‘g‘risida”gi Qonunining 8-moddasi mazkur organni davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmasligini alohida ta’kidlaydi.

Xo‘sh, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi davlat hokimiyati tizimiga kirmasligi to‘g‘risidagi tezis amalda nimani bildiradi?
Mazkur tezis tarafdorlarining eng asosiy va salmoqli dalili fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi – fuqarolik jamiyatining asosiy prinsiplarini tobora ko‘proq darajada amalga oshirish uchun zarur bo‘lgan soha hisoblanadi, degan xulosaga olib keladi. Ammo bunda zamonaviy davlat instituti (ayniqsa, bozor iqtisodiyotiga ijtimoiy yo‘naltirilgan va ommaviy hokimiyat nafaqat davlat hokimiyati, balki o‘zini o‘zi boshqarishni ham o‘z tarkibiga oladigan mamlakatlarda) ijtimoiy funksiyalarning barchasini amalga oshirishni o‘z zimmasiga olganligi fakti e’tiborga olinmaydi.

Ushbu masalani hal qilish shakli (aniqrog‘i, uni hal qilishga harakat) hamisha tortishuvga sabab bo‘ladi. Chunki, ko‘rib chiqilayotgan holatning mazmuni oxirigacha ishlab chiqilmagan: fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining ahvoli og‘ir bo‘lgan, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga transfertlar berish va moliyaviy yordamning boshqa shakllari bilan ta’minlashning ijtimoiy-iqtisodiy mexanizmi mavjud bo‘lmagan, infrastrukturaning boshqa mamlakatlarga nisbatan rivojlanmagan, mahalliy darajadagi ijtimoiy muammolar mavjud bo‘lgan bir sharoitda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarini davlatdan ajratib qo‘yish bu institutni rivojlantirish g‘oyasini xaspo‘shlashdan boshqa narsa emas, deb hisoblaymiz.

Xorijiy mamlakatlar konstitutsiyasini o‘rganish shuni ko‘rsatadiki, o‘zini o‘zi boshqarish organining davlat hokimiyati organlaridan ajratilganligi to‘g‘risidagi norma biror bir mamlakat qonunchiligida (Rossiya Federatsiyasidan tashqari) kuzatilmaydi. Hattoki, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning Yevropa Xartiyasida ham, mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish organlari davlat hokimiyati organlari tizimiga kirmaydi, degan birorta jumla yo‘q. Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarishning Yevropa Xartiyasida mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish konsepsiyasi deganda “ommaviy hokimiyatni rejalashtirish va uning ishini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish hamda ularning huquq va vakolatlarining belgilanishi; Qonun doirasida mahalliy aholi manfaatlaridan kelib chiqib, barcha mahalliy jamoat ishlarini boshqarishi va o‘zining taraqqiyotini ta’minlash uchun tashabbuskorlik huquqlari majburiyatini o‘z zimmasiga olishi” tushuniladi.

Binobarin, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan bog‘liq muammolar ko‘lami davlat hokimiyati organlariga qarama-qarshi qo‘yilib emas, balki ommaviy hokimiyat konsepsiyasini rivojlantirish doirasida ko‘rilishi (va tadqiq qilinishi) zarur.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 127-moddasiga asosan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari «shaharchalar, qishloqlar va ovullarda, shuningdek shaharlar, shaharchalar, qishloqlar va ovullardagi mahallalarda» tuziladi deb belgilandi. Ushbu normaning mazmunidan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari nafaqat hududiy birlik (mahalla), balki ma’muriy-hududiy birlik (qishloq, ovul, shaharcha) darajasida ham shakllanishi nazarda tutildi. Bir so‘z bilan aytganda, shaharchalar, qishloqlar, ovullar, shuningdek shaharlardagi, shaharchalardagi, qishloqlardagi hamda ovullardagi mahallalar fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarishining hududiy birliklaridir. Demak, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi O‘zbekiston Respublikasining butun hududida amalga oshiriladi.

Yuqoridagi paragrafda biz «mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish» va «fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi» tushunchalarini ishlatdik. Ularning orasida qnday farq bor?
Gap shundaki, «fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishi» tushunchasi O‘zbekiston Respublikasiga xos bo‘lib, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining eng quyi ma’muriy-hududiy birliklarda (shaharcha, qishloq, ovul) va hududiy birlik – mahallalarda tuzilishini e’tiborga olib shunday nomlangan, ya’ni o‘zini o‘zi boshqarishga doir huquqni amalga oshirishda fuqarolarning birlashuvi nazarda tutilgan.

«Mahalliy o‘zini o‘zi boshqarish» esa xorijiy va MDH mamlakatlariga hos tushuncha bo‘lib, aksariyat davlatlarda o‘zini o‘zi boshqarish tuzilmalari tuman, shahar yoki viloyat darajasida tuzilganligi bilan farqlanadi. Shu sababli mahalliy darajada amalga oshiriladigan barcha munosabatlar ko‘lamini nazarda tutgan.

Shu o‘rinda asosli savol tug‘iladi, «mahalla va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari», «qishloq va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari», «ovul va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari», «shaharcha va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari» tushunchalari orasida tenglik belgisini qo‘ysak bo‘ladimi? Yo‘q, albatta. Qishloq, ovul, shaharcha (ma’muriy hududiy birliklar) va mahalla (hududiy birlik) – fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqaruvi amalga oshiriladigan hudud sifatida qonunchiligimizda talqin qilinishini unutmasligimiz zarur.

Tenglik belgisini qo‘yish masalasiga kelsak, uni «fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari» va «fuqarolar yig‘ini» tushunchalari orasida qo‘yishimiz to‘g‘ri bo‘ladi. Sababi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarishini amalga oshirishga nisbatan belgilangan konstitutsiyaviy huquq aynan tegishli hududlarda istiqomat qiladigan mahalliy aholining saylanadigan vakillari orqaligina amalga oshiriladi. Mazkur vakillar yig‘ilishini qonun fuqarolar yig‘ini sifatida talqin etadi.

Fuqarolar yig‘ining huquqiy maqomi qanday?
Fuqarolar yig‘inini mahalliy davlat hokimiyatining vakillik organlariga, ya’ni mahalliy Kengashlarga tenglashtirsak bo‘ladi. Sababi fuqarolar yig‘ini ham xuddi vakillik organlari kabi:
1) mahalliy aholi tomonidan saylovlar natijasida shakllantiriladi;
2) tegishli hududda istiqomat qiladgan aholi manfaatlarini ifodalaydi;
3) aholi nomidan tegishli hudud doirasida amal qiladigan qarorlar qabul qiladi.
Fuqarolar yig‘ini jamoa fikrini ifodalashga, o‘z faoliyatini ommaviy ravishda yo‘naltirishga, nazorat qilish va baholashga xizmat qiladi.
Fuqarolar yig‘ini o‘z ishchi organlariga ega, bunda mahalliy ahamiyatga molik masalalarni hal qilish vakolatiga ega bo‘lgan organlarni nazarda tutamiz. Uning strukturasi quyidagicha:
fuqarolar yig‘ini kengashi (ijro organi);
taftish komissiyasi;
fuqarolar yig‘ini kengashining devoni.

Har biri xususida alohida to‘xtalib o‘tamiz. Fuqarolar yig‘ini kengashi fuqarolar yig‘inining qarorlarini bajarish va fuqarolar yig‘inlari oralig‘idagi davrda fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining joriy faoliyatini amalga oshirish uchun shakllantiriladi. Demak, tegishli hudud doirasidagi kundalik faoliyat aynan fuqarolar yig‘ini kengashiga bevosita bog‘liq. Mazkur organ huquqni tadbiq etuvchi, ijrochi va boshqarib turuvchi maxsus organ hisoblanadi. Uni tuzishdan maqsad iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy va ma’muriy-siyosiy hamda tartibga solib turish jarayonida fuqarolar yig‘ini qabul qilgan qaror va umummajburiy qoidalarni hayotga joriy etishdan iborat Taftish komissiyasi fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining moliya mablag‘lari, mahalla mulkining, shuningdek uni boshqarish bo‘yicha belgilangan qoidaga rioya etish nazoratini amalga oshiradi. Shuningdek, mahalla mulkining boshqa turlaridan foydalanish masalalarini, ajratilgan byudjet mablag‘larining qonuniyligi va o‘z vaqtida ajratilganligini nazorat qiladi, fuqarolar yig‘inining xo‘jalik-moliya faoliyatining nazoratini tashkil etadi va amalga oshiradi, xo‘jalik faoliyatidan olingan byudjet mablag‘laridan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilib boradi.
Tegishli hududdagi muammolarning dolzarbligiga qarab, fuqarolar yig‘ini tomonidan fuqarolar yig‘ini faoliyatining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha boshqa komissiyalar ham tuzilishi mumkin.

Fuqarolar yig‘inining o‘z ish yuritish organi mavjud, bu organ - fuqarolar yig‘ini kengashining devoni. Uning asosiy funksiyasi fuqarolar vakillarining yig‘ilishini, fuqarolar yig‘ini kengashi majlisini o‘tkazishga doir materiallarni tayyorlash, fuqarolar yig‘inining, fuqarolar yig‘ini kengashining va fuqarolar yig‘ini raisining qarorlarini ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazilishini ta’minlashdan iborat.

Fuqarolar yig‘iniga rahbarlikni rais (oqsoqol) amalga oshiradi. U fuqarolar yig‘ini tomonidan uch yil muddatga saylanadigan organ hisoblanadi. Fuqarolar yig‘ini raisini saylash tartibi «Fuqarolar yig‘ini raisi saylovi to‘g‘risida»gi 16 oktyabr 2018 yilda qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan tartibga solinadi.

Fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari vakolatlarini kengaytirish, davlat va mazkur organlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqani ta’minlash, aholining mahalladan turib barcha davlat idoralariga murojaat qilish tizimini yaratish, davlat va ijtimoiy xizmatlarni bevosita mahallada ko‘rsatish va mahallalarning joylardagi vakillik organlari bilan, xalq deputatlari Kengashlarining Oliy Majlis Senati bilan, hokimliklarning vazirliklar va ularning hududiy bo‘linmalari bilan aloqalarini mustahkamlash maqsadida har bir mahallada hokim yordamchisi, yoshlar yetakchisi, xotin qizlar faoli lavozimlari tashkil etildi (bu haqda batafsil 3.2. paragrafda to‘xtalamiz).

Qiziqarli ma'lumotlar
AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi.