Sovrinli viktorina, “Konstitutsiya tarixi” burchagi va fotoko‘rgazmasi. “Konstitutsiya ko‘chasi”da bayram qanday o‘tdi?

2023-yil 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan umumxalq referendumida xalqimiz o‘zining yuksak siyosiy ongi, huquqiy madaniyati va dunyoqarashini namoyon etib, yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qildi.

Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi davlatchilik, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq sohalarini bundan keyin ham barqaror rivojlantirish uchun mustahkam zamin yaratdi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kunini munosib kutib olish va yuksak saviyada nishonlash maqsadida joylarda tashkiliy-amaliy hamda ma’naviy-ma'rifiy tadbirlar samarali tashkil etilmoqda.

Joriy yilning 5-dekabr kuni Toshkent shahrining Sayilgoh ko‘chasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi kuni bayrami munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan hamkor tashkilotlar bilan birgalikda “Konstitutsiya ko‘chasi” tashkil qilindi.

Tadbir Adliya vaziri A. Tashkulov tomonidan bayram tabrigi bilan ochib berildi. Adliya vaziri yurtdoshlarimizni bayram bilan tabriklar ekan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz O‘zbekiston jamiyatining evolyusion rivojlanishidan kelib chiqqan hayotiy zarurat bo‘lib, bu ish mamlakat, millat va xalq sifatida keyingi qadamlarimizni aniqlab olishimiz uchun g‘oyat ahamiyatli masala, adolatli jamiyat qurish yo‘lidagi ulkan qadam ekanligini ta’kidladi.

Tadbir doirasida fuqarolarning huquqiy bilim va ko‘nikmalarini yana-da mustahkamlash maqsadida sud, adliya, prokuratura, soliq, bojxona va boshqa o‘nlab davlat organlari tomonidan “Konstitutsiya burchaklari” tashkil etildi.

Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan o‘z soha yo‘nalishlari bo‘yicha Konstitutsiya normalari va aholiga qiziqarli boshqa qonunchilik hujjatlari bo‘yicha huquqiy maslahat va tushuntirishlar berildi.

Tadbir doirasida aholiga qulaylik yaratish maqsadida davlat xizmatlari markazlari, FXDYo organlari va notariuslar tomonidan sayyor xizmatlar ko‘rsatildi.

Shuningdek, bolalar va yoshlarga Konstitutsiyada belgilangan normalarning mazmun-mohiyatini ochib beruvchi ko‘rgazmali materiallar burchagi, Konstitutsiyaning yaratilishi, takomillashtirish bosqichlarini ifoda etadigan “Konstitutsiya tarixi” burchagi va fotoko‘rgazmasi tashkil qilindi.

Taniqli san’atkorlar ishtirokidagi gala-konsert, talaba-yoshlar tomonidan Konstitutsiya normalarini aks ettiruvchi sahna ko‘rinishlari va musiqiy chiqishlari, fleshmoblar, harbiylarning jang san’atini aks ettirgan chiqishlari tadbirlarning yana-da jonli va maroqli o‘tkazilishini ta’minladi.

Shuningdek, Konstitutsiyaga ehtiromni namoyish qiluvchi “Adliyadan – adliyagacha” shiori ostida bo‘lib o‘tgan adliya huquqiy marshi tadbirga alohida ruh baxsh etdi.

Fuqarolarning konstitutsiyaviy bilimlarini oshirishga bo‘lgan qiziqishlarini rag‘batlantirish va ularni sinovdan o‘tkazish maqsadida sovrinli viktorinalar o‘tkazildi.

Shuningdek, bayram tadbirida “Huquqiy targ‘ibot ishlari a’lochisi” ko‘krak nishoni va “Umummilliy Konstitutsiya imtihoni” g‘oliblarini taqdirlash marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirlar Asosiy qonunimizda belgilangan demokratiya, erkinlik va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalari atrofida fuqarolarni jipslashtirish, “Konstitutsiya – xalqchil davlat, barqaror taraqqiyot va farovon hayot asosi!” degan bosh g‘oyani o‘zida mujassam etgani bilan ham ahamiyatlidir.

Konstitutsiya bayrami munosabati bilan tashkil qilinadigan tadbirlar davom etmoqda.

Qiziqarli ma'lumotlar
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo'lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo'yicha dunyoda 5-o'rinda turadi ($ 58,97 mlrd).