Konstitutsiyaning amaliy ahamiyati

Bahriddin G‘iyosov y.f.b.f.d. (PhD), dotsent

Jahon hamjamiyatida O‘zbekistonning roli va o‘rni tobora oshib borayotgan sharoitlarda mamlakat Konstituttsiyasi ma’naviy taraqqiyotni ta’minlash ishida, asosiysi, mamlakatning izchil iqtisodiy rivojlanishi va xalq farovonligi oshishida real huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Konstitutsiyasi mustaqillik qo‘lga kiritilgandan keyin juda qisqa muddatlarda ishlab chiqilgani va qabul qilinganini alohida ta’kidlash joiz.

“Konstitutsiya” deganda biz ongu tafakkurimizning muayyan mustahkam printsiplaridan kelib chiqadigan va ijtimoiy farovonlik maqsadlariga yo‘naltirilgan, jamiyat rioya qiladigan aniq va yagona tizimiga solingan qonunlarning, qoida va odatlarning mujassamligini tushunamiz. Xalqimiz konstitutsiyaviy islohotlardan katta o‘zgarishlarni kutayotganligi sir emas, albatta. Buning isboti sifatida loyiha bo‘yicha o‘tkazilgan umumxalq muhokamasi jarayonida aholidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushganligi ham fuqarolarimiz ushbu masalaga juda katta qiziqish va e’tibor bilan yondashganligidan yaqqol dalolat beradi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustida ishlashda senatorlarimiz ham faol ishtirok etdilar.

Xususan, 19 nafar senatorlarimiz Konstitutsiyaviy komissiya tarkibida Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ustidagi ishlarda bevosita qatnashdilar. Xabaringiz bor, Konstitutsiyaviy qonun loyihasi umumxalq muhokamasida, etuk olimlar, jamoatchilik, xalqaro va xorijiy ekspertlar ishtirokidagi muhokamalarda har tomonlama tahlil qilindi va maromiga etkazildi.
Xususan, loyihani tayyorlashda va takomillashtirishda 400 dan ortiq xalqaro hujjatlar, 190 ga yaqin mamlakatlar konstitutsiyalari puxta o‘rganildi, xalqaro ekspert va mutaxassislar ishtirokida bir necha bor muhokama qilindi, shuningdek respublikaning turli hududlarida keng jamoatchilik vakillari ishtirokida jami 20 mingga yaqin muhokamalar tashkil etildi. Loyiha 10 ga yaqin xorijiy va xalqaro, shu jumladan lingvistik, yuridik, gender-huquqiy, korruptsiyaga qarshi, jamoatchilik hamda inson huquqlari bo‘yicha normalarga muvofiqligi yuzasidan ekspertizalardan o‘tkazildi. Xalqaro ekspertlar ham mazkur loyiha xalqaro huquqning umume’tirof etilgan barcha qoidalarini o‘zida mujassam etganligini ko‘rsatdi. Joriy yil 10-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi tomonidan Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumni tayinlash va uni o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Qarorda mazkur qarorning Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash uchun uni O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga yuborish tartibi ham belgilangan edi. Shunga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud joriy yil 13-mart kuni o‘z majlisini o‘tkazib, yuqoridagi qarorni Konstitutsiyaga muvofiq deb topdi.

Konstitutsiyaviy qonun loyihasida mamlakatimizning uzoq muddatli taraqqiyot strategiyalari, yurtimiz va xalqimizning ertangi farovon hayoti uchun mustahkam huquqiy asos hamda ishonchli kafolatlar o‘z ifodasini topmoqda. O‘zbekiston “huquqiy davlat” degan konstitutsiyaviy tamoyil muhrlanmoqda.

Bu barchaning qonun oldida tengligini va qonundan xech kim ustun emasligini ta’minlash, sudlar tomonidan adolatli qarorlar qabul qilish, umuman olganda davlat organlarining xalqqa xizmat qilishi uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida ilgarigi “davlat-jamiyat-inson” tamoyilini “inson-jamiyat-davlat” deb o‘zgartirish, ya’ni eng avvalo inson manfaatini har narsadan ustun qo‘yishni maqsad qilgan.

Xususan, unda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash–davlatning oliy majburiyati etib belgilanmoqda va shu munosabat bilan inson huquqlari kafolatlari jiddiy ravishda kuchaytirilmoqda. Loyihaga asosan insonning sha’ni va qadr-qimmati daxlsizdir, hech narsa ularni kamsitish uchun asos bo‘lishi mumkin emas. Insonnning huquq va erkinliklari bevosita amal qiladi hamda qonunlar, davlat organlari va mansabdor shaxslar faoliyatining mazmun-mohiyatini belgilab beradi.

Inson va davlat organlari o‘rtasidagi yuzaga kelgan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari maqsadga erishish uchun etarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanmoqda. Bu normalar huquqni qo‘llash faoliyatida inson manfaatlari ustuvor bo‘lishini amalda ta’minlashga xizmat qiladi.

Joriy yilning 4 aprel kuni Navoiy shaxridagi Navoiy viloyat Ma’naviyat va ma’rifat markazida “Ayoli e’zozlangan yurt” ma’naviy-ma’rifiy tadbiri o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda Navoiy viloyat sudi sudyasi G.Xudayberdieva qatnashib, yangi tahrirdagi Konstitutsiya loyihasida inson-jamiyat -davlat eng avvalo inson huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy majburiyati etib belgilanayotganligi va shu munosabat bilan inson huquqlari kafolatlari kuchaytiralayotganligi, inson va davlat o‘rtasidagi yuzaga kelgan noaniqliklar inson foydasiga talqin qilinishi, huquqiy ta’sir choralari maqsadga erishish uchun etarli va mutanosib bo‘lishi kerakligi belgilanayotganligi haqida fikr bildirdi.
Konstitutsiyaviy qonun loyihasi huquqiy demokratik kuchli fuqarolik jamiyatini barpo etish, erkin bozor munosabatlari va xususiy mulk ustuvorligiga asoslangan iqtisodiyotni qurish, xalqimizning tinch, obod va farovon hayotini ta’minlash, O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘-e’tiborini yuksaltirish, milliy qonunchilik tizimini shakllantirish hamda mamlakatimiz hayotining barcha sohalarida islohotlarni muvaffaqiyatli amalga oshirishda mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qiladi.[1] O‘zbekiston Konstitutsiyasi xalqimizning erkinlik sari uzoq yo‘ldagi izlanishlari natijasidir.

O‘tgan davr mobaynida mamlakatimiz parlamenti Konstitutsiya normalariga muvofiq 7 ta konstitutsiyaviy qonun, 15 ta kodeks, 600 dan ziyod qonunni qabul qildi, 200 dan ortiq ko’p tomonlama xalqaro shartnomani ratifikatsiya qildi va shu tariqa Asosiy Qonunimizni amalga oshirishning yaxlit huquqiy mexanizmi yaratildi. Uning samaradorligini vaqt o’zi ko’rsatib turibdi va bu bugun jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda. O‘zbekistonda “Kuchli davlatdan – kuchli fuqarolik jamiyati sari” printsipiga muvofiq, yuksak demokratik talablar va xalqaro huquq standartlariga mos milliy saylov tizimi yaratilgani ta’kidlandi. Ko’ppartiyaviylik asosida muntazam o’tkazilayotgan saylovlar mamlakatimiz Konstitutsiyasida fuqarolarning saylash va saylanish huquqi kafolatlanganining yorqin ifodasi bo’lib, bu ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini, jamiyat va davlat boshqaruvidagi rolini oshirishga xizmat qilayotir. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi siyosiy partiyalar, jamoat birlashmalari faoliyati uchun huquqiy sharoit hamda keng imkoniyatlar yaratib beradi.

Bunga haqiqiy demokratiyaning muhim asosi sifatida qaraladi. Shuning bilan birga, mamlakatimizda respublikaning suvereniteti, yaxlitligi va xavfsizligiga qarshi chiquvchi, urushni, milliy va diniy adovatni targ’ib qiluvchi jamoat birlashmalarini tuzilishi man etilgan. Sud-huquq tizimini erkinlashtirish borasida amalga oshirilayotgan tub islohotlar mamlakatimizning demokratik qadriyatlar tarafdori ekanining yorqin ifodasidir. Sud hokimiyati mustaqilligi ta’minlandi, sudlar ixtisoslashdi, kassatsiya instituti isloh qilindi, ishlarni qayta ko’rib chiqishning apellyatsiya tartibi, yarashuv instituti joriy etildi, sud amaliyotining barcha bosqichlarida tomonlar tengligi kafolatlandi. Konstitutsiyamizda inson, uning hayoti, erki, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas tabiiy huquq hamda erkinliklari muqaddas sanalib, ular huquqiy jihatdan kafolatlangan. Inson va fuqarolarning huquq hamda erkinliklari sohasida Konstitutsiyamiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining barcha asosiy g’oya va qoidalarini o’ziga singdirgan.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yashash huquqi har bir insonning uzviy huquqi to’g’risidagi moddasini bajarish doirasida 2008 yilning 1 yanvaridan mamlakatimizda o’lim jazosi bekor qilindi, qamoqqa olishga sanktsiya berish huquqi sudlarga o’tkazildi. Jinoyat va jinoyat-protsessual qonunchiligini yanada liberallashtirish va insonparvarlik tamoyillariga muvofiqlashtirish jarayoni davom ettirilmoqda. O‘zbekistonda inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, qo’llab-quvvatlash hamda himoya qilish borasida katta tajriba to’plangan. Inson huquqlari bo’yicha milliy institutlar tizimi tashkil qilindi, bu boradagi ishlar samaradorligi Asosiy Qonunimiz normalarining so’zsiz bajarilishiga asoslangan. Mustaqil bo’lgan bu institutlar bir-birini takrorlamasdan jamiyatimizda qonun ustuvorligi, fuqarolarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlarini himoya qilish printsiplariga rioya etilishiga xizmat qilayotir.

Mamlakatimizda axborot sohasini bosqichma-bosqich demokratik isloh etish, bu jarayonning qonunchilik asoslarini takomillashtirish, fuqarolarning fikrlash, so’z va e’tiqod erkinligi bo’yicha konstitutsiyaviy huquqlarini to’liq amalga oshirish, islohotlarning oshkoraligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligini ta’minlash, ommaviy axborot vositalarining erkinligi va iqtisodiy mustaqilligini mustahkamlash borasida aniq maqsadli kompleks ishlar amalga oshirilayotir. Natijada O‘zbekistonda faqat keyingi 10 yilning o’zida bosma ommaviy axborot vositalarining soni 1,5 barobar, elektron ommaviy axborot vositalarining soni esa 7 barobar ko’payib, bugungi kunda faoliyat ko’rsatayotgan qariyb 1250 ta ommaviy axborot vositalarining aksariyati nodavlat hisoblanadi.

Ayni paytda davlatimiz rahbari tomonidan qo’yilgan vazifalarga binoan mamlakatimiz parlamenti yangi qonunlar ishlab chiqmoqda, amaldagi qonunlarga o’zgartish va qo’shimchalar kiritmoqda. Bular, o’z navbatida, axborot sohasini yanada demokratlashtirish, ommaviy axborot vositalarini odamlar o’z fikr va g’oyalarini, sodir bo’layotgan voqealarga o’z munosabati va pozitsiyasini erkin ifoda etadigan minbarga aylantirishga xizmat qilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiq, mamlakatimizda davlat jamoat birlashmalarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini ta’minlaydi, ularga teng huquqiy imkoniyatlar yaratib beradi.

Bu prinsip hayotda ham o’z ifodasini to’liq topmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda jamiyat hayotining turli sohalarida 6 mingdan ziyod nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat yuritmoqda. Ularga davlat tomonidan subsidiyalar, grantlar va ijtimoiy buyurtmalar shaklida katta yordam ko’rsatilmoqda. Birgina 2012 yilda ushbu maqsadlarga Davlat byudjetidan 6 milliard so’majratildi. O‘zbekistonda Asosiy Qonunga binoan ijtimoiy hayotning barcha jabhalarini isloh etish va demokratlashtirish siyosati milliy iqtisodiyotimizni jadal, barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini muntazam oshirish uchun mustahkam poydevor yaratdi. Hattoki, global moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davrida ham o’tgan yillardagi kabi O‘zbekistonda yalpi ichki mahsulotning o’sish sur’atlari kamida o’rtacha 8,2 foizni tashkil qilgani shundan dalolat beradi. Konstitutsiyaning qat’iy amal qilayotgani sharofati bilan mamlakatimizda kuchli, raqobatbardosh, ijtimoiy yo’naltirilgan bozor iqtisodiyoti tarkib topdi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi jadal rivojlanmoqda. Bugungi kunda ushbu sohaning yalpi ichki mahsulotga qo’shayotgan hissasi 54 foizdan ortib borayotir, ichki va tashqi bozorda xaridorgir mahsulotlar ishlab chiqaradigan yangi korxonalar barpo etilib, yangi ish o’rinlari ochilmoqda, aholi daromadlari oshmoqda. Tarixan qisqa muddat ichida bunday ulkan iqtisodiy muvaffaqiyatlarga mamlakatimiz Konstitutsiyasining iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqligi va huquqiy jihatdan bab-baravar muhofaza etilishini, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va ustuvor bo’lib, davlat himoyasida ekanini kafolatlaydigan normalarining samarali amalga oshirilishi tufayli erishdik. Xorijlik ekspertlar mamlakatimizda tinchlik, barqarorlik, millatlararo va dinlararo totuvlikni saqlash hamda mustahkamlash istiqlol yillarida O‘zbekiston erishgan eng muhim yutuq ekanini yakdillik bilan qayd etmoqda. Bu Konstitutsiyamizda O‘zbekiston Respublikasi o’z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlashi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratishi borasida mustahkamlangan printsipga qat’iy rioya etilayotganining bevosita natijasidir.[2]

Shu o‘rinda aytishimiz mumkinki yangi konsititutsiyamiz davlatimizning huquqiy poydevori xalqimizning demokratik yo‘lidagi katta qadam va ahamiyatli ustuvoq qadam bo‘lib xizmat qiladi xususan barcha olib borilayotgan islohotlar zamirida xalqimizning kelajak avlodlarimizning hayotidagi zamin bo‘lib xizmat qiladi.

FOYDALANILGAN ADABIYOTLAR
1. Gulnafis Xudayberdiyeva Navoiy viloyat sudi sudyasi “Konstitutsiya-yangi tamoyillar va islohotlar”.
2. www.meningkonstitutsiyam.uz internet portalidan.

Qiziqarli ma'lumotlar
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.