Qonunlarni keng muhokama qilish tizimi takomillashtirilmoqda

Muhtaram Prezidentimiz Sh.Mirziyoyev joriy yil 12 iyul kuni Oliy Majlis palatalari, siyosiy partiyalar hamda O‘zbekiston ekologik harakati vakillari bilan bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida “Qonunlarni qabul qilishda jamoatchiligimiz, saylovchilarning keng ishtiroki sezilmayapti. Qonunlar qabul qilinishi bilan xalqimizning og‘iri yengil bo‘ldimi, uning hayotidagi muammolar hal bo‘ldimi, degan savollar bilan, afsuski, hech kim qiziqmayapti” deb ta’kidlab o‘tgan edi.

Darhaqiqat, qabul qilinadigan qonunlar xalqimiz fikriga hamohang, real hayotga, bugungi kun talabiga mos bo‘lishiga ko‘proq e’tibor qaratishimiz zarur. E’tirof etishimiz kerak, ayrim qonunlar birinchi o‘qishda qabul qilingandan keyin joylarda uchrashuvlar o‘tkazilib, partiya, uning elektorati, davlat organlari, tadbirkorlar va boshqalar bilan uchrashilganda qator asosli takliflar bildirilgan. Biroq, bunday usuldan samarali va kengroq foydalanish, eng asosiysi doimiy asosda tizimli tashkil etish orqaligina biz kutilgan natijaga erishishimiz mumkin.

Shu maqsadda, Prezidentimizning ma’ruzalaridan so‘ng, Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun loyihalari bo‘yicha asoslantirilgan takliflar tayyorlash va shu orqali qonunlarni puxta bo‘lishini ta’minlashda partiya tashkilotlarining ishtirokini kengaytirish mexanizmi ishlab chiqilmoqda. Endilikda Qonunchilik palatasiga kelib tushgan qonun loyihalarini siyosiy partiyalarga, siyosiy partiyalar tomonidan eng quyidagi partiya tashkilotlarigacha yetkazilish amaliyoti joriy etiladi. Bunda, barcha darajadagi partiya tashkilotlari birinchidan, parlamentda ko‘rilayotgan masalalar, qonunlar bo‘yicha ma’lumotga va tushunchaga ega bo‘lsa, ikkinchidan, partiyaga maqsad va vazifalaridan kelib chiqib, o‘zining aniq takliflarini ishlab chiqish va taqdim etish imkoniyati yaratiladi.

Eng asosiysi, bunday amaliyotning joriy etilishi tegishli partiya fraksiyasining qabul qilinayotgan qonun loyihasi bo‘yicha umumiy pozitsiyasini shakllantirishda hisobga olinadi va qonun loyihasini takomiillashtirishga xizmat qiladi. Bundan tashqari, muhim ijimoiy-iqtisodiy ahamiyatga ega bo‘lgan qonun loyihalarini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida joylarda fuqarolar bilan keng muhokama qilish, ularning taklif va mulohazalarini o‘rganish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha amaliy ishlar olib borilmoqda.

Bugun parlamentning qonun ijodkorligi borasidagi faoliyati yangi bosqichga chiqmoqda. Deputatlarning har oyda 10-12 kun davomida o‘zlari saylangan viloyatga tashrif buyurib, odamlar turmush tarzi bilan tanishayotganligi qonunlarning eng quyi tizimda qanday bajarilayotganligi, fuqarolarimiz qonunlarimizdan qanchalik xabardor ekanligi bilan tanishish imkonini bermoqda.

O‘ylaymizki, qonunlarni muhokamasi doirasini qanchalik kengaytirsak, ular shuncha puxta ishlab chiqiladi. Fuqarolarimiz, keng jamoatchilikning davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi fuqarolik pozitsiyasi ham yuksalib boradi.

O‘tkir Tursunov,
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati.

Qiziqarli ma'lumotlar
Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Birlashgan Qirolligi davlatining konsitutsiyasi 300ga yaqin qonun hujjatlaridan iboratdir, ya'ni bu davlatda yagona konstitutsiya hujjati mavjud emas.