Konstitutsiyaviy komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Konstitutsiyaviy komissiyaning birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Konstitutsiyaviy komissiya a’zolari, ekspertlar guruhi hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Yig‘ilishda Konstitutsiyaviy komissiya oldiga qo‘yilgan maqsad va vazifalar, tamoyillar, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishga oid choralarni ko‘rish masalalari muhokama qilindi.
Bugun xalqimiz va davlat organlari, fuqarolik jamiyati institutlari hayotning barcha jabhalarini erkinlashtirish, Taraqqiyot strategiyasida belgilangan olijanob maqsadlarga erishish g‘oyasi atrofida jipslashmoqda. Xalqimiz barcha islohotlar markazida inson omili birinchi o‘ringa qo‘yilgan bir sharoitda yashash qanchalik baxt va saodat ekanini o‘z taqdiri misolida his qilayotir.
Ko‘p millatli mamlakatimiz taraqqiyotining hozirgi bosqichida ilgari surilayotgan mohiyatan mutlaqo yangi vazifalar, Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida aks etgan ezgu maqsadlar, umidbaxsh intilishlar shunga mos konstitutsiyaviy-huquqiy makon yaratilishini zarurat qilib qo‘ymoqda.
Prezidentimiz tomonidan O‘zbekistonda konstitutsiyaviy islohotning bosh g‘oyaviy ilhomlantiruvchisi, asosiy tashabbuskori xalqimiz ekanligini ta’kidlab o‘tilgan.
Bosh qomusimizdagi o‘zgarishlar “Inson qadri uchun”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyili asosida xalqimizning farovonligini yanada yuksaltirish, mamlakatimiz iqtisodiyoti tarmoqlarini transformatsiya qilish va tadbirkorlikni jadal rivojlantirish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlashga qaratilgan islohotlarni qat’iy davom ettirish uchun mustahkam poydevor bo‘lishi muhim ahamiyat kasb etadi. Zero, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish asnosida konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirish Vatanimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini yangi bosqichga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish bo‘yicha takliflarni shakllantirish hamda tegishli takliflarni ishlab chiqish borasida boshlangan ishlar muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, konstitutsiyaviy islohotlarni amalga oshirishda “inson – jamiyat – davlat”, “Yangi O‘zbekiston – ijtimoiy davlat” tamoyillarini, “Inson manfaatlari – iqtisodiy islohotlarning bosh mezoni”, “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” singari ezgu g‘oyalarni Bosh Qomusimizda aks ettirish lozim.
O‘tgan davr mobaynida Komissiyaga fan, ta’lim, madaniyat, sog‘liqni saqlash, turizm, qishloq xo‘jaligi, ekologiya, xususiy mulk himoyasi, sud-huquq va boshqa masalalarga oid ko‘plab takliflar kelib tushgani qayd etildi.
Konstitutsiyaga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga oid takliflarni olish, umumlashtirish, ularni qayta ishlash hamda belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish ishlarining muhimligi, dolzarbligi va ko‘lamini inobatga olgan holda Komissiya yig‘ilishida guruhlar faoliyati ham ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Komissiya ishini tashkil etish, uning huzuridagi ishchi guruhlar tarkibi va ularning vazifalari taqsimoti, Konstitutsiyamizga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritishga qaratilgan takliflarni olish, umumlashtirish va ularga javob qaytarish bo‘yicha ishni tashkil etish masalasiga alohida e’tibor qaratildi. Komissiya matbuot xizmatining media-rejasi muhokama qilindi.
Ayni damda Konstitutsiyaviy komissiya matbuot xizmati, Komissiyaning takliflar bilan ishlash guruhi oldida muhim vazifalar turgani aytilib, ilmiy-tadqiqot tashkilotlarining, olimlar hamda mutaxassislarning tavsiyalari, ekspertlarning xulosalari, keng jamoatchilikdan tushayotgan takliflarning umumlashtirilishi bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiya ishiga keng jamoatchilikni jalb etish, ushbu jarayonda barcha aholi qatlamining ishtirokini ta’minlash, fuqarolardan kelib tushayotgan takliflarni shakllantirish va tashkiliy chora-tadbirlarni amalga oshirish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
Shu bilan birga, komissiya Matbuot xizmati konstitutsiyaviy islohotlarning, konstitutsiyaviy yangiliklarning zaruriyati, ustuvorliklari va asosiy yo‘nalishlarini oddiy fuqaro uchun sodda va tushunarli tilda yetkazish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rishi lozimligi qayd etildi. Qolaversa, qisqa muddatda “Jamiyat – islohotlar tashabbuskori” bosh g‘oyasi asosida faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus axborot platformasi haqida ma’lumot berildi.
Yig‘ilish yakunida Komissiya faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi. Shuningdek, Konstitutsiyaviy komissiyaning ommaviy axborot vositalari vakillari va blogerlar uchun brifingi bo‘lib o‘tdi.