Gulistonda Konstitutsiyamizning hayotimizdagi o‘rni va ahamiyatiga bag‘ishlangan tadbir o‘tkazildi

Sirdaryo viloyati prokuraturasi, viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi, xotin-qizlar qo‘mitasi va boshqa tashkilotlar hamkorligida Prezidentimizning joriy yil 20-iyundagi «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoyishi ijrosi doirasida tashkil etilgan tadbirda Guliston davlat universiteti professor-o‘qituvchilari, talabalar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ishtirokchilarga Konstitutsiyamizning yaratilish tarixi, uning demokratik huquqiy davlat barpo etish va inson manfaatlarini ta’minlashdagi ahamiyati, Bosh qomusimizning xalqchilligi, xalqaro huquq normalariga mosligi haqida atroflicha ma’lumot berildi. “Konstitutsiya – huquq va erkinliklarimiz, farovonligimiz kafolati”, “O‘zbekiston Konstitutsiyasi – barqaror Konstitutsiya” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

– Bosh qomusimiz inson huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamiyat hayotining barcha sohalarini izchil liberallashtirish va modernizatsiya qilish, ta’lim, fan, madaniyat hamda ma’naviyat rivojida muhim huquqiy asos bo‘lib xizmat qilayotir, – deydi Guliston shahar prokurori S.Bozorov. – Bugungi tadbirda mazkur hujjatda mamlakatimizda istiqomat qilayotgan millati, tili, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’i nazar, barcha fuqarolarning huquq va erkinliklari kafolatlangani, yoshlarning ongi va qalbida Konstitutsiyamizga hurmat, Vatan taqdiriga daxldorlik, mas’uliyat hissini yanada kuchaytirish masalalari xususida erkin suhbat qilindi. Ana shu g‘oyalarni yoshlarimizga singdirish barobarida ularning huquqiy madaniyatini yuksaltirish har birimizning burchimiz bo‘lmog‘i lozim.


Abdujalol Qayumov, O‘zA

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.