Izlash natijalari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bajarilishi majburiydir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emas. |
Viloyatlar, tumanlar, shaharlar hokimlarining vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarini, Oliy Majlis palatalarining qarorlarini, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari hamda farmoyishlarini, Vazirlar Mahkamasining, yuqori turuvchi hokimlarning va tegishli xalq deputatlari Kengashlarining qarorlarini bajarish; 2) hududlarni iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy va ekologik jihatdan rivojlantirishni ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish; 3) mahalliy budjetni shakllantirish va ijro etish; 4) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. |
Xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) tegishli mahalliy budjetlarni ko‘rib chiqish va qabul qilish, ularning ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish; 2) hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholini ijtimoiy himoya qilish dasturlarini tasdiqlash; 3) hokimni lavozimga tasdiqlash, uning faoliyati to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish; 4) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi yig‘ilishida quyidagi qasamyodni qabul qilgan paytdan boshlab o‘z lavozimiga kirishgan hisoblanadi: “O‘zbekiston xalqiga sadoqat bilan xizmat qilishga, respublikaning Konstitutsiyasi va qonunlariga qat’iy rioya etishga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga kafolat berishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti zimmasiga yuklatilgan vazifalarni vijdonan bajarishga tantanali qasamyod qilaman”. |
Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. |
Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini, Oliy sudini, Sudyalar oliy kengashini, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarini va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash; 2) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish hamda ma’qullash; 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish; 4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish; 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish; 6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash; 7) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish; 8) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish; 9) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitish; 10) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish; 11) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish; 12) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlarini, ular qonunchilik normalariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, bekor qilish; 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash; 14) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish; 15) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish; 16) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish; 17) Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, bundan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlar mustasno; 18) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish; 2) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish; 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash; 4) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan, shuningdek Vazirlar Mahkamasi a’zolarining o‘z faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish; 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash; 6) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha har yilgi ma’ruzasini eshitish; 7) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish; 8) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash; 9) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish; 10) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish; 11) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish; 12) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 2) O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 3) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish; 4) O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish; 5) O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish; 6) O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash; 7) O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash; 8) bojxona, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish; 9) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 10) O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash; 11) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish; 12) O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish; 13) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish; 14) davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish; 15) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish; 16) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini va uning o‘rinbosarini saylash; 17) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash; 18) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash; 19) O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitish; 20) parlament tekshiruvini o‘tkazish; 21) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatida ko‘rib chiqiladi. |
O‘zbekiston Respublikasining Oliy Majlisi oliy davlat vakillik organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi ikki palatadan — Qonunchilik palatasi (quyi palata) va Senatdan (yuqori palata) iborat. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati vakolat muddati — besh yil. |
Kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini va manfaatlarini ifoda etadilar va himoya qiladilar. Kasaba uyushmalariga a’zo bo‘lish ixtiyoriydir. |
O‘zbekiston Respublikasida kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar hamda fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi. Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ularning faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi. |
Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi. |
Har kim dam olish huquqiga ega. Yollanib ishlovchilarga dam olish huquqi ish vaqtining davomiyligini, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarini, haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tilini belgilash orqali ta’minlanadi. Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg'iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir. |
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek davlat hokimiyati vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas. |
Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega. Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. |
Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi. Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi. |
O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatning butun hududida oliy yuridik kuchga ega, to‘g‘ridan to‘g‘ri amal qiladi va yagona huquqiy makonning asosini tashkil etadi. O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsip va normalari bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi huquqiy tizimining tarkibiy qismidir. Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida O‘zbekiston Respublikasining qonunida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasi qoidalari qo‘llaniladi. Davlat va uning organlari, boshqa tashkilotlar, mansabdor shaxslar, fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish yuritadilar. |