Izlash natijalari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik, jinoiy, iqtisodiy va ma’muriy sud ishlarini yuritish sohasida sud hokimiyatining oliy organi hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan qabul qilingan hujjatlar qat’iy hisoblanadi va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida bajarilishi majburiydir. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi quyi sudlarning sudlov faoliyati ustidan nazorat olib borish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emas. |
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi: 1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; 2) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; 3) referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; 4) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; 5) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; 6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi; 7) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi; 8) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi. Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli. Konstitutsiyaviy sudning qarori rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Konstitutsiyaviy sudning qarori qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas. Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi. Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilini qo‘shgan holda saylanadi. Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini besh yillik muddatga saylaydi. |
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining mansabdor shaxslari saylangandan va organlari shakllangandan so‘ng bir oy ichida yoki Bosh vazir lavozimidan ozod etilganidan keyin yoxud Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibi iste’foga chiqqanidan keyin bir oy ichida Qonunchilik palatasi ko‘rib chiqishi va ma’qullashi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan maslahatlashuvlar o‘tkazilganidan so‘ng taqdim etiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taqdim etilgan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini taqdimnoma kiritilgan kundan e’tiboran o‘n kun ichida ko‘rib chiqadi. Bosh vazir lavozimiga nomzod O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida uning nomzodi ko‘rib chiqilayotganda Vazirlar Mahkamasining yaqin muddatga va uzoq istiqbolga mo‘ljallangan harakat dasturini taqdim etadi. Bosh vazir nomzodi uning uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining yarmidan ko‘pi tomonidan ovoz berilgan taqdirda ma’qullangan hisoblanadi. Bosh vazir lavozimiga taqdim etilgan nomzod uch marta rad etilgan taqdirda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni tayinlaydi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasini tarqatib yuborishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining a’zolari ularning nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullanganidan keyin O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan lavozimga tayinlanadi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Bosh vazirni, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining amaldagi tarkibini yoki a’zosini iste’foga chiqarishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zosining o‘z faoliyatiga oid masalalar yuzasidan hisobotini eshitishga haqli. Vazirlar Mahkamasi a’zosining hisobotini eshitish yakunlariga ko‘ra Qonunchilik palatasi uni iste’foga chiqarish to‘g‘risidagi taklifni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga ko‘rib chiqish uchun kiritishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolari parlament so‘rovlariga va Qonunchilik palatasi deputatining, Senat a’zosining so‘rovlariga qonunda belgilangan tartibda javob berishi shart. Vazirlar Mahkamasining faoliyatini tashkil etish tartibi va vakolat doirasi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini, Oliy sudini, Sudyalar oliy kengashini, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarini va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash; 2) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish hamda ma’qullash; 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish; 4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish; 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish; 6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash; 7) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish; 8) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish; 9) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitish; 10) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish; 11) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish; 12) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlarini, ular qonunchilik normalariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, bekor qilish; 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash; 14) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish; 15) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish; 16) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish; 17) Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, bundan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlar mustasno; 18) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish; 2) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish; 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash; 4) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan, shuningdek Vazirlar Mahkamasi a’zolarining o‘z faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish; 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash; 6) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha har yilgi ma’ruzasini eshitish; 7) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish; 8) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash; 9) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish; 10) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish; 11) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish; 12) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin. |
Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi. Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi. |
Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa tajovuz qiluvchi siyosiy partiyalarning, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining, shuningdek milliy va diniy belgilariga ko‘ra siyosiy partiyalarning, harbiylashtirilgan birlashmalarning tashkil etilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va birlashmalar tashkil etish taqiqlanadi. |
Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi. |
Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. |
Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi. Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi. |
O‘zbekiston Respublikasida insonning huquq va erkinliklari xalqaro huquqning umume’tirof etilgan normalariga binoan hamda ushbu Konstitutsiyaga muvofiq e’tirof etiladi va kafolatlanadi. Inson huquq va erkinliklari har kimga tug‘ilganidan boshlab tegishli bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasida barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, e’tiqodi, ijtimoiy kelib chiqishi, ijtimoiy mavqeyidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Imtiyozlar faqat qonunga muvofiq belgilanadi va ijtimoiy adolat prinsiplariga mos bo‘lishi shart. |