Izlash natijalari
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi. Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilini qo‘shgan holda saylanadi. Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini besh yillik muddatga saylaydi. |
O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritadi. |
Tegishli hududdagi ijro etuvchi hokimiyatga viloyat, tuman va shahar hokimi boshchilik qiladi. Hokimlarning vakolatlari muddati — besh yil. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq ayni bir viloyat, tuman, shaharning hokimi etib tayinlanishi mumkin emas. Hokimlarning faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi: 1) samarali iqtisodiy, ijtimoiy, soliq va budjet siyosati amalga oshirilishi, ilm-fan, madaniyat, ta’lim, sog‘liqni saqlashni hamda iqtisodiyotning va ijtimoiy sohaning boshqa tarmoqlarini rivojlantirishga doir dasturlarning ishlab chiqilishi hamda bajarilishi uchun javobgar bo‘ladi; 2) barqaror iqtisodiy o‘sishni, makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, kambag‘allikni qisqartirish, aholi uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish, oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, qulay investitsiyaviy muhitni yaratish, hududlarni kompleks va barqaror rivojlantirish bo‘yicha choralar ko‘radi; 3) aholini, shu jumladan nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoya qilish tizimining samarali faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi; 4) atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy boyliklarni va biologik xilma-xillikni saqlash, iqlim o‘zgarishiga, epidemiyalarga, pandemiyalarga qarshi kurashish hamda ularning oqibatlarini yumshatish sohalarida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini ta’minlaydi; 5) yoshlarga oid davlat siyosatining amalga oshirilishini ta’minlaydi, oilani qo‘llab-quvvatlash, mustahkamlash va himoya qilish, an’anaviy oilaviy qadriyatlarni saqlash bo‘yicha choralar ko‘radi; 6) fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlarini amalga oshiradi, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish hamda ijtimoiy sheriklik dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ularning ishtirok etishini ta’minlaydi; 7) fuqarolarning iqtisodiy, ijtimoiy hamda boshqa huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi; 8) O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlari, Oliy Majlis palatalari qarorlari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlari ijrosini ta’minlaydi; 9) ijro etuvchi hokimiyat organlari ishini muvofiqlashtiradi va yo‘naltiradi, ularning faoliyati ustidan qonunda belgilangan tartibda nazoratni amalga oshiradi; 10) ijro etuvchi hokimiyat organlarining ishida ochiqlik va shaffoflikni, qonuniylik va samaradorlikni ta’minlash, ularning faoliyatida korrupsiya holatlariga qarshi kurashish, davlat xizmatlarining sifatini oshirish va ulardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish bo‘yicha choralar ko‘radi; 11) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari yuzasidan har yilgi ma’ruzalarni taqdim etadi; 12) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. |
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ijro etuvchi hokimiyatni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri, uning o‘rinbosarlari va vazirlardan iborat. Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumatining boshlig‘i Vazirlar Mahkamasi tarkibiga o‘z lavozimi bo‘yicha kiradi. Vazirlar Mahkamasi o‘z faoliyatini ijro etuvchi hokimiyat faoliyatining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan belgilanadigan asosiy yo‘nalishlari doirasida amalga oshiradi. |
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti: 1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi; 2) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi; 3) muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi; 4) o‘z huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi; 5) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalarining rahbarlarini tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi; 6) O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega; 7) vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzadi hamda tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi; 8) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi; 9) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirini, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod etadi; 10) qo‘mitalar, agentliklar va boshqa respublika davlat organlari rahbarlarini qonunchilikka muvofiq lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi; 11) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorini, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod etadi; 12) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati bilan maslahatlashuvlardan keyin O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisini lavozimga tayinlaydi va uni lavozimidan ozod etadi; 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkiblariga nomzodlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisi, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbari va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbari lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi; 14) O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislarini va rais o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi; 15) viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar hokimini tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki hokim sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli; 16) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va hokimlarning hujjatlarini to‘xtatadi, bekor qiladi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli; 17) O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini imzolaydi va e’lon qiladi; qonunni o‘z e’tirozlari bilan takroran muhokama qilish va ovozga qo‘yish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli; 18) O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati, umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qiladi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdig‘iga kiritadi; 19) alohida hollarda (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi; 20) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qo‘mondonlarini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, oliy harbiy unvonlar beradi; 21) O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorlig‘i bilan mukofotlaydi, O‘zbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi; 22) O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi; 23) amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnomalar kiritadi va O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi; 24) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashini tuzadi va unga boshchilik qiladi, o‘z vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organlarini va boshqa organlarni shakllantiradi; 25) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini bajarishni davlat organlariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini, Oliy sudini, Sudyalar oliy kengashini, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarini va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash; 2) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish hamda ma’qullash; 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish; 4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish; 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish; 6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash; 7) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish; 8) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish; 9) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitish; 10) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish; 11) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish; 12) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlarini, ular qonunchilik normalariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, bekor qilish; 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash; 14) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish; 15) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish; 16) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish; 17) Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, bundan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlar mustasno; 18) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 2) O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 3) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish; 4) O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish; 5) O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish; 6) O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash; 7) O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash; 8) bojxona, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish; 9) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 10) O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash; 11) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish; 12) O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish; 13) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish; 14) davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish; 15) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish; 16) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini va uning o‘rinbosarini saylash; 17) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash; 18) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash; 19) O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitish; 20) parlament tekshiruvini o‘tkazish; 21) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatida ko‘rib chiqiladi. |
O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi — hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi. |