Izlash natijalari
Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli. Davlat sog‘liqni saqlash tizimini, uning davlat va nodavlat shakllarini, tibbiy sug‘urtaning har xil turlarini rivojlantirish, aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligini ta’minlash choralarini ko‘radi. Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. |
Har kim qariganda, mehnat qobiliyatini yo‘qotganda, ishsizlikda, shuningdek boquvchisini yo‘qotganda va qonunda nazarda tutilgan boshqa hollarda ijtimoiy ta’minot huquqiga ega. Qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam iste’mol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas. |
Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi ta’minlanadi. Davlat uy-joy qurilishini rag‘batlantiradi va uy-joyga bo‘lgan huquqning amalga oshirilishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan ta’minlash tartibi qonun bilan belgilanadi. |
Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. |
Har bir shaxs mulkdor bo‘lishga haqli. Bank operatsiyalarining, omonatlarning va hisobvaraqlarning sir tutilishi, shuningdek meros huquqi qonun bilan kafolatlanadi. |
Har kim dam olish huquqiga ega. Yollanib ishlovchilarga dam olish huquqi ish vaqtining davomiyligini, dam olish va ishlanmaydigan bayram kunlarini, haq to‘lanadigan har yilgi mehnat ta’tilini belgilash orqali ta’minlanadi. Voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg'iz keksalarning huquqlari davlat himoyasidadir. |
Har kim bevosita o‘zi va boshqalar bilan birgalikda davlat organlariga hamda tashkilotlariga, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga, mansabdor shaxslarga yoki xalq vakillariga arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat qilish huquqiga ega. Arizalar, takliflar va shikoyatlar qonunda belgilangan tartibda va muddatlarda ko‘rib chiqilishi shart. |
O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga egadirlar. Siyosiy partiyalarda, jamoat birlashmalarida, ommaviy harakatlarda, shuningdek davlat hokimiyati vakillik organlarida ozchilikni tashkil etuvchi muxolifatchi shaxslarning huquqlari, erkinliklari va qadr-qimmatini hech kim kamsitishi mumkin emas. |
Fuqarolar o‘z ijtimoiy faolliklarini O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq mitinglar, yig‘ilishlar va namoyishlar shaklida amalga oshirish huquqiga ega. Hokimiyat organlari faqat xavfsizlik nuqtai nazaridangina bunday tadbirlar o‘tkazilishini to‘xtatish yoki taqiqlash huquqiga ega. |
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari davlat xizmatiga kirishda teng huquqqa egadirlar. Davlat xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish huquqiga ega. Bunday ishtirok etish o‘zini o‘zi boshqarish, referendumlar o‘tkazish va davlat organlarini demokratik tarzda shakllantirish, shuningdek davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazorati vositasida amalga oshiriladi. Davlat organlarining faoliyati ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish tartibi qonun bilan belgilanadi. |
Hamma uchun vijdon erkinligi kafolatlanadi. Har kim xohlagan dinga e’tiqod qilish yoki hech qaysi dinga e’tiqod qilmaslik huquqiga ega. Diniy qarashlarni majburan singdirishga yo‘l qo‘yilmaydi. |
Davlat organlari va tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, ularning mansabdor shaxslari har kimga o‘z huquqlari hamda qonuniy manfaatlariga daxldor bo‘lgan hujjatlar, qarorlar va boshqa materiallar bilan tanishish imkoniyatini ta’minlashi shart. |
Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega. Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. |
Hech kim rasmiy e’lon qilinmagan qonun asosida hukm qilinishi, jazoga tortilishi, mol-mulkidan yoki biron-bir huquqidan mahrum etilishi mumkin emas. Hech kim ayni bir jinoyat uchun takroran hukm qilinishi mumkin emas. |
Har kim fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi huquqiga ega. Har kim istalgan axborotni izlash, olish va tarqatish huquqiga ega. Davlat Internet jahon axborot tarmog‘idan foydalanishni ta’minlash uchun shart-sharoitlar yaratadi. Axborotni izlash, olish va tarqatishga bo‘lgan huquqni cheklashga faqat qonunga muvofiq hamda faqat konstitutsiyaviy tuzumni, aholining sog‘lig‘ini, ijtimoiy axloqni, boshqa shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilish, jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek davlat sirlari yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan boshqa sir oshkor etilishining oldini olish maqsadida zarur bo‘lgan doirada yo‘l qo‘yiladi. |
Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi. Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning so‘roq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga ega. Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. |
Qonuniy asoslarda O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lib turgan har kim mamlakat bo‘ylab erkin harakatlanish, turar va yashash joyini tanlash huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. Har kim O‘zbekistondan tashqariga erkin chiqish huquqiga ega, bundan qonunda belgilangan cheklovlar mustasno. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi O‘zbekistonga to‘sqinliksiz qaytish huquqiga ega. |
Jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan shaxs uning aybi qonunda nazarda tutilgan tartibda oshkora sud muhokamasi yo‘li bilan isbotlanmaguncha va sudning qonuniy kuchga kirgan hukmi bilan aniqlanmaguncha aybsiz deb hisoblanadi. Ayblanuvchiga o‘zini himoya qilish uchun barcha imkoniyatlar ta’minlanadi. Aybdorlikka oid barcha shubhalar, agar ularni bartaraf etish imkoniyatlari tugagan bo‘lsa, gumon qilinuvchining, ayblanuvchining, sudlanuvchining yoki mahkumning foydasiga hal qilinishi kerak. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas. Agar shaxsning o‘z aybini tan olganligi unga qarshi yagona dalil bo‘lsa, u aybdor deb topilishi yoki jazoga tortilishi mumkin emas. Ozodlikdan mahrum etilgan shaxslar o‘ziga nisbatan insoniy muomalada bo‘linishi hamda inson shaxsiga xos bo‘lgan sha’ni va qadr-qimmati hurmat qilinishi huquqiga ega. Shaxsning sudlanganligi va bundan kelib chiqadigan huquqiy oqibatlar uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘lishi mumkin emas. |
Har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqiga ega. Hech kim qonunga asoslanmagan holda hibsga olinishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi, qamoqda saqlanishi yoki uning ozodligi boshqacha tarzda cheklanishi mumkin emas. Hibsga olishga, qamoqqa olishga va qamoqda saqlashga faqat sudning qaroriga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Shaxs sudning qarorisiz qirq sakkiz soatdan ortiq muddat ushlab turilishi mumkin emas. Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart. |