Izlash natijalari
Fuqarolar davlat ta’lim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy ma’lumot olishga haqli. Oliy ta’lim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega. |
Har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega. Davlat fuqarolarning ekologik huquqlarini ta’minlash va atrof-muhitga zararli ta’sir ko‘rsatilishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida shaharsozlik faoliyati sohasida jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Shaharsozlik hujjatlarining loyihalari qonunda belgilangan tartibda jamoatchilik muhokamasidan o‘tkaziladi. Davlat barqaror rivojlanish prinsipiga muvofiq, atrof-muhitni yaxshilash, tiklash va muhofaza qilish, ekologik muvozanatni saqlash bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshiradi. Davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi. |
Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli. Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi. Har kim O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha ichki vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, insonning huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga murojaat etishga haqli. Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega. |
Insonning huquq va erkinliklarini ta’minlash davlatning oliy maqsadidir. Davlat inson hamda fuqaroning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi. |
Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi. Intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi. |
Har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish, shuningdek ishsizlikdan qonunda belgilangan tartibda himoyalanish huquqiga ega. Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini ta’minlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi. Homiladorligi yoki bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo‘shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanadi. |
Har bir inson shaxsiy hayotining daxlsizligi, shaxsiy va oilaviy sirga ega bo‘lish, o‘z sha’ni va qadr-qimmatini himoya qilish huquqiga ega. Har kim yozishmalari, telefon orqali so‘zlashuvlari, pochta, elektron va boshqa xabarlari sir saqlanishi huquqiga ega. Ushbu huquqning cheklanishiga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. Har kim o‘z shaxsiga doir ma’lumotlarning himoya qilinishi huquqiga, shuningdek noto‘g‘ri ma’lumotlarning tuzatilishini, o‘zi to‘g‘risida qonunga xilof yo‘l bilan to‘plangan yoki huquqiy asoslarga ega bo‘lmay qolgan ma’lumotlarning yo‘q qilinishini talab qilish huquqiga ega. Har kim uy-joy daxlsizligi huquqiga ega. Hech kim uy-joyga unda yashovchi shaxslarning xohishiga qarshi kirishi mumkin emas. Uy-joyga kirishga, shuningdek unda olib qo‘yishni va ko‘zdan kechirishni o‘tkazishga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yo‘l qo‘yiladi. Uy-joyda tintuv o‘tkazishga faqat qonunga muvofiq va sudning qaroriga asosan yo‘l qo‘yiladi. |
Har kimga malakali yuridik yordam olish huquqi kafolatlanadi. Qonunda nazarda tutilgan hollarda yuridik yordam davlat hisobidan ko‘rsatiladi. Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi ayblovning mohiyati va asoslari to‘g‘risida xabardor qilinish, unga qarshi yoki uning foydasiga guvohlik berayotgan shaxslarning so‘roq qilinishini talab etish, tarjimon yordamidan foydalanish huquqiga ega. Qonunni buzgan holda olingan dalillardan odil sudlovni amalga oshirish chog‘ida foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Jinoyat uchun hukm qilingan har kim qonunda belgilangan tartibda hukmning yuqori turuvchi sud tomonidan qayta ko‘rib chiqilishi huquqiga, shuningdek afv etish yoki jazoni yengillashtirish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega. Huquqbuzarliklardan jabrlanganlarning huquqlari qonun bilan muhofaza qilinadi. Davlat jabrlanganlarga himoyalanishni va odil sudlovdan foydalanishni ta’minlaydi, ularga yetkazilgan zararning o‘rni qoplanishi uchun shart-sharoitlar yaratadi. |
Yashash huquqi har bir insonning ajralmas huquqidir va u qonun bilan muhofaza qilinadi. Inson hayotiga suiqasd qilish eng og‘ir jinoyatdir. O‘zbekiston Respublikasida o‘lim jazosi taqiqlanadi. |
O‘zbekiston Respublikasi hududidagi chet el fuqarolarining va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquq va erkinliklari xalqaro huquq normalariga muvofiq ta’minlanadi. Ular O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, qonunlari va xalqaro shartnomalari bilan belgilangan burchlarni ado etadilar. |
O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona fuqarolik o‘rnatiladi. O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi, unga qanday asoslarda ega bo‘lganlikdan qat’i nazar, hamma uchun tengdir. Qoraqalpog‘iston Respublikasining fuqarosi ayni vaqtda O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi hisoblanadi. Fuqarolikka ega bo‘lish va uni yo‘qotish asoslari hamda tartibi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanadi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlari oliy qadriyat hisoblanadi. Demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinadi. |
O‘zbekiston Respublikasi xalqaro munosabatlarning to‘la huquqli subyektidir. O‘zbekistonning tashqi siyosati davlatlarning suveren tengligi, kuch ishlatmaslik yoki kuch bilan tahdid qilmaslik, chegaralarning buzilmasligi, davlatlarning hududiy yaxlitligi, nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish, boshqa davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik prinsiplariga hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan boshqa prinsip va normalariga asoslanadi. |
O‘zbekiston xalqi nomidan faqat u saylagan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi va Prezidenti ish olib borishi mumkin. Jamiyatning biron-bir qismi, siyosiy partiya, jamoat birlashmasi, ijtimoiy harakat yoki alohida shaxs O‘zbekiston xalqi nomidan ish olib borishga haqli emas. |
O‘zbekiston Respublikasi qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari — bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Davlat ramzlari davlat himoyasidadir. |
O‘zbekiston Respublikasining davlat tili o‘zbek tilidir. O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishini ta’minlaydi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratadi. |
Xalq davlat hokimiyatining birdan-bir manbaidir. O‘zbekiston Respublikasida davlat hokimiyati xalq manfaatlarini ko‘zlab va O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi hamda uning asosida qabul qilingan qonunlar vakolat bergan organlar tomonidangina amalga oshiriladi. Konstitutsiyada nazarda tutilmagan tartibda davlat hokimiyati vakolatlarini o‘zlashtirish, hokimiyat organlari faoliyatini to‘xtatib qo‘yish yoki tugatish, hokimiyatning yangi va muvoziy tarkiblarini tuzish Konstitutsiyaga xilof hisoblanadi va qonunga binoan javobgarlikka tortishga asos bo‘ladi. |
O‘zbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega bo‘lgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat. Davlatning “O‘zbekiston Respublikasi” va “O‘zbekiston” degan nomlari bir ma’noni anglatadi. |