Izlash natijalari
Qonunchilik palatasi yoki Senat tarkibida ularning normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoxud ular bir necha marta O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda, shuningdek Qonunchilik palatasi bilan Senat o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining normal faoliyatiga tahdid soluvchi hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi bilan bamaslahat qabul qilgan qarori asosida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi, Senati tarqatib yuborilgan taqdirda yangi saylov uch oy mobaynida o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati favqulodda holat amal qilishi davrida tarqatib yuborilishi mumkin emas. |
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti: 1) fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya etilishining, O‘zbekiston Respublikasi suvereniteti, xavfsizligi va hududiy yaxlitligining kafilidir, milliy-davlat tuzilishi masalalariga doir qarorlarni amalga oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar ko‘radi; 2) mamlakat ichkarisida va xalqaro munosabatlarda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ish ko‘radi; 3) muzokaralar olib boradi hamda O‘zbekiston Respublikasining shartnoma va bitimlarini imzolaydi, respublika tomonidan tuzilgan shartnomalarga, bitimlarga va uning qabul qilingan majburiyatlariga rioya etilishini ta’minlaydi; 4) o‘z huzurida akkreditatsiyadan o‘tgan diplomatik hamda boshqa vakillarning ishonch va chaqiruv yorliqlarini qabul qiladi; 5) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalarining rahbarlarini tayinlash uchun nomzodlarni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi; 6) O‘zbekiston Respublikasi xalqiga hamda Oliy Majlisiga mamlakat ichki va tashqi siyosatini amalga oshirishning eng muhim masalalari yuzasidan murojaat qilish huquqiga ega; 7) vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzadi hamda tugatadi, shu masalalarga doir farmonlarni keyinchalik O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tasdig‘iga kiritadi; 8) Senat Raisi lavozimiga saylash uchun nomzodni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdim etadi; 9) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirini, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod etadi; 10) qo‘mitalar, agentliklar va boshqa respublika davlat organlari rahbarlarini qonunchilikka muvofiq lavozimga tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi; 11) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorini, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisini O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati ma’qullaganidan keyin lavozimga tayinlaydi va ularni lavozimidan ozod etadi; 12) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati bilan maslahatlashuvlardan keyin O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisini lavozimga tayinlaydi va uni lavozimidan ozod etadi; 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tarkiblariga nomzodlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisi, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbari va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbari lavozimlariga nomzodlarni taqdim etadi; 14) O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining taqdimiga binoan viloyatlar va Toshkent shahar sudlari raislarini va rais o‘rinbosarlarini, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi raisini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi; 15) viloyatlar hokimlarini va Toshkent shahar hokimini tayinlaydi hamda lavozimidan ozod etadi. Konstitutsiyani, qonunlarni buzgan yoki hokim sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiradigan xatti-harakat sodir etgan tuman va shahar hokimlarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z qarori bilan lavozimidan ozod etishga haqli; 16) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarining va hokimlarning hujjatlarini to‘xtatadi, bekor qiladi; O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi majlislarida raislik qilishga haqli; 17) O‘zbekiston Respublikasining qonunlarini imzolaydi va e’lon qiladi; qonunni o‘z e’tirozlari bilan takroran muhokama qilish va ovozga qo‘yish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli; 18) O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati, umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qiladi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining tasdig‘iga kiritadi; 19) alohida hollarda (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi. Favqulodda holat joriy etish shartlari va tartibi qonun bilan belgilanadi; 20) O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarining Oliy Bosh qo‘mondoni hisoblanadi, Qurolli Kuchlarning oliy qo‘mondonlarini tayinlaydi va lavozimidan ozod etadi, oliy harbiy unvonlar beradi; 21) O‘zbekiston Respublikasining ordenlari, medallari va yorlig‘i bilan mukofotlaydi, O‘zbekiston Respublikasining malakaviy va faxriy unvonlarini beradi; 22) O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga va siyosiy boshpana berishga oid masalalarni hal etadi; 23) amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga taqdimnomalar kiritadi va O‘zbekiston Respublikasining sudlari tomonidan hukm qilingan shaxslarni afv etadi; 24) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashini tuzadi va unga boshchilik qiladi, o‘z vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasini, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi maslahat-kengash organlarini va boshqa organlarni shakllantiradi; 25) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti o‘z vakolatlarini bajarishni davlat organlariga yoki mansabdor shaxslarga topshirishga haqli emas. |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti lavozimiga o‘ttiz besh yoshdan kichik bo‘lmagan, davlat tilini yaxshi biladigan, bevosita saylovgacha kamida 10 yil O‘zbekiston hududida muqim yashayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi saylanishi mumkin. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti bo‘lishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tomonidan umumiy, teng va to‘g‘ridan to‘g‘ri saylov huquqi asosida yashirin ovoz berish yo‘li bilan yetti yil muddatga saylanadi. O‘zbekiston Respublikasining Prezidentini saylash tartibi qonun bilan belgilanadi. |
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish, shuningdek viloyatlar, shaharlar, tumanlar tashkil qilish va ularni tugatish O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining roziligi bilan amalga oshiriladi. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlariga va Senati a’zolariga ularning deputatlik yoki senatorlik faoliyati bilan bog‘liq xarajatlar belgilangan tartibda qoplanadi. Qonunchilik palatasi deputatlari hamda Senatda doimiy asosda ishlovchi Senat a’zolari o‘z vakolatlari davrida ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa turdagi faoliyat bilan shug‘ullanishlari mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputati va Senati a’zosi daxlsizlik huquqidan foydalanadilar. Ular tegishincha Qonunchilik palatasi yoki Senatning roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, ushlab turilishi, qamoqqa olinishi yoki sud tartibida beriladigan ma’muriy jazo choralariga tortilishi mumkin emas. |
Qonun Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan imzolangach va qonunda belgilangan tartibda rasmiy manbalarda e’lon qilingach, yuridik kuchga ega bo‘ladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan qonun qabul qilingan kundan e’tiboran o‘n kundan kechiktirmay O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senatiga yuboriladi. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan oltmish kun ichida ko‘rib chiqiladi va ma’qullangan taqdirda, imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga o‘n kundan kechiktirmay yuboriladi. Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati qonunni ma’qullash yoki rad etish to‘g‘risida oltmish kun ichida qaror qabul qilmasa, Qonunchilik palatasi tomonidan qonun imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuboriladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni oltmish kun ichida imzolaydi va e’lon qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga qaytariladi. Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonunni qayta ko‘rib chiqishda Qonunchilik palatasi deputatlar umumiy sonining uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qonunni yana ma’qullasa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan qabul qilingan hisoblanadi hamda imzolanishi va e’lon qilinishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga Qonunchilik palatasi tomonidan yuboriladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan rad etilgan qonun yuzasidan Qonunchilik palatasi va Senat yuzaga kelgan kelishmovchiliklarni bartaraf etish uchun Qonunchilik palatasi deputatlari va Senat a’zolari orasidan tenglik asosida kelishuv komissiyasini tuzishi mumkin. Palatalar kelishuv komissiyasi takliflarini qabul qilganda qonun odatdagi tartibda ko‘rib chiqilishi kerak. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qonunni o‘z e’tirozlari bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga qaytarishga haqli. Agar qonun avvalgi qabul qilingan tahririda tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan ma’qullansa, qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan o‘n to‘rt kun ichida imzolanishi va e’lon qilinishi kerak. Qonunlarning va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarning e’lon qilinishi ular qo‘llanilishining majburiy shartidir. |
Qonunchilik tashabbusi huquqiga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, davlat hokimiyatining oliy vakillik organi orqali Qoraqalpog‘iston Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ega. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi va Bosh prokurori ham o‘z vakolatlari jumlasiga kiritilgan masalalar bo‘yicha qonunchilik tashabbusi huquqiga egadir. Qonunchilik tashabbusi huquqi qonun loyihasini qonunchilik tashabbusi huquqi subyektlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritish orqali amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasining saylov huquqiga ega bo‘lgan, yuz ming nafardan kam bo‘lmagan fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman), O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi qonunchilik takliflarini qonunchilik tashabbusi tartibida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga kiritishga haqli. Qonun loyihalarini, qonunchilik takliflarini kiritish va ko‘rib chiqish tartibi qonun bilan belgilanadi. |
Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantiradi. Davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. |
Vakolat muddati tugagach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tegishincha yangi chaqiriq Qonunchilik palatasi va Senati ish boshlaguniga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib turadi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birinchi majlislari tegishincha Qonunchilik palatasiga saylovdan keyin ikki oydan kechiktirmay va Senat tarkib topganidan keyin bir oydan kechiktirmay Markaziy saylov komissiyasi tomonidan chaqiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi majlislari sessiyalar davrida o‘tkaziladi. Sessiyalar, qoida tariqasida, sentyabrning birinchi ish kunidan boshlab kelgusi yilning iyun oyi oxirgi ish kuniga qadar o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati majlislari zaruratga qarab, lekin yiliga kamida uch marta o‘tkaziladi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining majlislari, agar ular ishida barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining yarmidan ko‘pi ishtirok etayotgan bo‘lsa, vakolatli hisoblanadi. Konstitutsiyaviy qonunlarni qabul qilishda barcha deputatlar, senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etishi shart. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining a’zolari, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud, Sudyalar oliy kengashi raislari, Bosh prokuror, Markaziy bank boshqaruvining raisi ishtirok etishlari mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va uning organlari majlislarida Senat Raisi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati va uning organlari majlislarida Qonunchilik palatasi Spikeri ishtirok etishi mumkin. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati alohida-alohida majlis o‘tkazadilar. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining qo‘shma majlislari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti qasamyod qilganda, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining, ichki va tashqi siyosatining eng muhim masalalari yuzasidan nutq so‘zlaganda, chet davlatlarning rahbarlari nutq so‘zlaganda o‘tkaziladi. Palatalarning kelishuviga binoan qo‘shma majlislar boshqa masalalar yuzasidan ham o‘tkazilishi mumkin. |
Farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengdirlar. Bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyatidir. Onalik, otalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinadi. Davlat va jamiyat bolalarda hamda yoshlarda milliy va umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlikni, mamlakatidan hamda xalqning boy madaniy merosidan faxrlanishni, vatanparvarlik va Vatanga bo‘lgan mehr-muhabbat tuyg‘ularini shakllantirish to‘g‘risida g‘amxo‘rlik qiladi. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudini, Oliy sudini, Sudyalar oliy kengashini, respublika korrupsiyaga qarshi kurashish organining rahbarini va respublika monopoliyaga qarshi organining rahbarini saylash; 2) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi raisi lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish hamda ma’qullash; 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan taklif etilgan O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati raisi lavozimiga nomzod yuzasidan maslahatlashuvlar o‘tkazish; 4) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarini tayinlash va ularni lavozimidan ozod etish; 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining raisini tayinlash va uni lavozimidan ozod etish; 6) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vazirliklarni va boshqa respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarini tuzish hamda tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash; 7) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan amnistiya to‘g‘risidagi hujjatlarni qabul qilish; 8) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi raisining hisobotlarini eshitish; 9) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi va xalqaro tashkilotlar huzuridagi diplomatik hamda boshqa vakolatxonalari rahbarlarining o‘z faoliyati masalalari bo‘yicha hisobotlarini eshitish; 10) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish; 11) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga o‘z faoliyatini amalga oshirishda ko‘maklashish; 12) mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlarining qarorlarini, ular qonunchilik normalariga muvofiq bo‘lmagan taqdirda, bekor qilish; 13) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati Raisini va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash; 14) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati a’zosini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish; 15) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish; 16) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlat ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish; 17) Qonunchilik palatasi tarqatib yuborilgan davrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining qonunlarni qabul qilishga doir vakolatlarini bajarish, bundan Konstitutsiya va konstitutsiyaviy qonunlar mustasno; 18) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida senatorlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi mutlaq vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining ijro etilishi ustidan nazoratni amalga oshirish; 2) O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining hisobotini ko‘rib chiqish; 3) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri nomzodini ko‘rib chiqish va ma’qullash; 4) O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan rivojlantirishning dolzarb masalalari yuzasidan, shuningdek Vazirlar Mahkamasi a’zolarining o‘z faoliyati masalalari yuzasidan hisobotlarini eshitish; 5) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zoligiga nomzodlarni ko‘rib chiqish va ma’qullash; 6) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mamlakat ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim masalalari bo‘yicha har yilgi ma’ruzasini eshitish; 7) davlat organlarining mansabdor shaxslariga parlament so‘rovini yuborish va parlament nazoratining boshqa shakllarini amalga oshirish; 8) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi Spikeri va uning o‘rinbosarlarini, qo‘mitalarning raislari va ularning o‘rinbosarlarini saylash; 9) O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatini daxlsizlik huquqidan mahrum etish to‘g‘risidagi masalalarni hal etish; 10) o‘z faoliyatini tashkil etish va palataning ichki tartib-qoidalari bilan bog‘liq masalalar yuzasidan qarorlar qabul qilish; 11) siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy hayot sohasidagi u yoki bu masalalar yuzasidan, shuningdek davlatning ichki va tashqi siyosati masalalari yuzasidan qarorlar qabul qilish; 12) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi o‘zini o‘zi tarqatib yuborish to‘g‘risida deputatlar umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchilik ovozi bilan qaror qabul qilishi mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining birgalikdagi vakolatlari quyidagilardan iborat: 1) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 2) O‘zbekiston Respublikasining konstitutsiyaviy qonunlarini, qonunlarini qabul qilish, ularga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 3) xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya va denonsatsiya qilish; 4) O‘zbekiston Respublikasining referendumini o‘tkazish to‘g‘risida va uni o‘tkazish sanasini tayinlash haqida qaror qabul qilish; 5) O‘zbekiston Respublikasi ichki va tashqi siyosatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash hamda davlat strategik dasturlarini qabul qilish; 6) O‘zbekiston Respublikasi qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi hamda sud hokimiyati organlarining tizimini va vakolatlarini belgilash; 7) O‘zbekiston Respublikasi tarkibiga yangi davlat tuzilmalarini qabul qilish va ularning O‘zbekiston Respublikasi tarkibidan chiqishi haqidagi qarorlarni tasdiqlash; 8) bojxona, valyuta va kredit ishlarini qonun yo‘li bilan tartibga solish; 9) O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini qabul qilish, unga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish; 10) O‘zbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilash; 11) soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni joriy qilish; 12) O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy tuzilishi masalalarini qonun yo‘li bilan tartibga solish, chegaralarini o‘zgartirish; 13) tumanlar, shaharlar, viloyatlarni tashkil etish, tugatish, ularning nomini hamda chegaralarini o‘zgartirish; 14) davlat mukofotlari va unvonlarini ta’sis etish; 15) O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasini tuzish; 16) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilini va uning o‘rinbosarini saylash; 17) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasiga hujum qilinganda yoki tajovuzdan bir-birini mudofaa qilish yuzasidan tuzilgan shartnoma majburiyatlarini bajarish zaruriyati tug‘ilganda urush holati e’lon qilish to‘g‘risidagi farmonini tasdiqlash; 18) O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash; 19) O‘zbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi har yilgi milliy ma’ruzani eshitish; 20) parlament tekshiruvini o‘tkazish; 21) ushbu Konstitutsiya va qonunlarda nazarda tutilgan boshqa vakolatlarni amalga oshirish. Palatalarning birgalikdagi vakolatlariga kiradigan masalalar, qoida tariqasida, avval O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasida, so‘ngra Senatida ko‘rib chiqiladi. |
O‘zbekiston Respublikasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasining o‘zaro munosabatlari O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi doirasida tuzilgan shartnomalar hamda bitimlar bilan tartibga solinadi. O‘zbekiston Respublikasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘rtasidagi nizolar murosaga keltiruvchi vositalar yordamida hal etiladi. |
Diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgan hamda qonun oldida tengdirlar. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatiga aralashmaydi. Davlat qonunda belgilangan tartibda faoliyat ko‘rsatayotgan diniy tashkilotlar faoliyatining erkinligini kafolatlaydi. |
Oila jamiyatning asosiy bo‘g‘inidir hamda u jamiyat va davlat muhofazasidadir. Nikoh O‘zbekiston xalqining an’anaviy oilaviy qadriyatlariga, nikohlanuvchilarning ixtiyoriy roziligiga va teng huquqliligiga asoslanadi. Davlat oilaning to‘laqonli rivojlanishi uchun ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy va boshqa shart-sharoitlar yaratadi. |
Siyosiy partiyalar turli ijtimoiy tabaqa va guruhlarning siyosiy irodasini ifodalaydilar va o‘zlarining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini tuzishda ishtirok etadilar. Siyosiy partiyalar o‘z faoliyatining moliyalashtirilishi manbalari haqida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasiga yoki u vakolat bergan organga belgilangan tartibda oshkora hisobotlar taqdim etadilar. |
Fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi. |
Konstitutsiyaviy tuzumni zo‘rlik bilan o‘zgartirishni maqsad qilib qo‘yuvchi, O‘zbekistonning davlat suverenitetiga, hududiy yaxlitligiga va xavfsizligiga qarshi chiquvchi, urushni, ijtimoiy, milliy, irqiy hamda diniy adovatni targ‘ib qiluvchi, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlari va erkinliklariga, aholining sog‘lig‘iga, ijtimoiy axloqqa tajovuz qiluvchi siyosiy partiyalarning, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlarining, shuningdek milliy va diniy belgilariga ko‘ra siyosiy partiyalarning, harbiylashtirilgan birlashmalarning tashkil etilishi va faoliyati taqiqlanadi. Maxfiy jamiyatlar va birlashmalar tashkil etish taqiqlanadi. |
O‘zbekiston Respublikasida kasaba uyushmalari, siyosiy partiyalar, olimlarning jamiyatlari, xotin-qizlar tashkilotlari, faxriylar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar tashkilotlari, ijodiy uyushmalar, ommaviy harakatlar hamda fuqarolarning boshqa birlashmalari jamoat birlashmalari sifatida e’tirof etiladi. Jamoat birlashmalarini tarqatib yuborish, ularning faoliyatini taqiqlab yoki cheklab qo‘yish faqat sud qarori asosidagina amalga oshiriladi. |