Izlash natijalari
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tegishli taklif kiritilgandan keyin olti oy mobaynida Konstitutsiyaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida keng va har taraflama muhokamani hisobga olgan holda konstitutsiyaviy qonun qabul qilishi mumkin. Agar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Konstitutsiyani o‘zgartirish to‘g‘risidagi taklifni rad etsa, taklif bir yil o‘tgandan keyingina qayta kiritilishi mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi deputatlari va Senati a’zolari umumiy sonining kamida uchdan ikki qismidan iborat ko‘pchiligi tomonidan qabul qilingan konstitutsiyaviy qonun yoki O‘zbekiston Respublikasining referendumi bilan kiritiladi. Ushbu Konstitutsiya 1-moddasining va ushbu modda ikkinchi qismining qoidalari qayta ko‘rib chiqilishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi konstitutsiyaviy qonunda uning normalarini, shuningdek Konstitutsiyaning normalarini qo‘llashning o‘ziga xos xususiyatlari nazarda tutilishi mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi. Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasining bank tizimi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankidan va banklardan iboratdir. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit va valyuta siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki mamlakatda banklar faoliyatini tartibga solishni amalga oshiradi, bank va to‘lov tizimlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z vazifalarini bajarishda mustaqildir. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasining pul birligi so‘mdir. So‘m O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona cheklanmagan qonuniy to‘lov vositasidir. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasining hududida qonuniy to‘lov vositalari sifatida pul belgilarini muomalaga kiritishda va ularni muomaladan chiqarishda mutlaq huquqqa egadir. |
O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti respublika budjetidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjetidan va mahalliy budjetlardan iboratdir. O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi. Fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi. Fuqarolarning hamda fuqarolik jamiyati institutlarining budjet jarayonida ishtirok etishi tartibi va shakllari qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasi hududida jinoyatchilikka qarshi kurash bo‘yicha tezkor-qidiruv, tergov va boshqa maxsus vazifalarni mustaqil ravishda bajaruvchi xususiy tashkilotlar, jamoat birlashmalari va ularning bo‘linmalarini tuzish hamda ularning faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanadi. Qonuniylik va huquqiy tartibotni, fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini himoya qilishda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga jamoat tashkilotlari va fuqarolar yordam ko‘rsatishlari mumkin. |
O‘zbekiston Respublikasining prokuratura organlari o‘z vakolatlarini boshqa davlat organlaridan, o‘zga tashkilotlardan, mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda, faqat O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga bo‘ysungan holda amalga oshiradi. Prokurorlar o‘z vakolatlari davrida siyosiy partiyalarga va siyosiy maqsadlarni ko‘zlovchi boshqa jamoat birlashmalariga a’zolikni to‘xtatib turadilar. Prokuratura organlarini tashkil etish, ularning vakolatlari va faoliyat ko‘rsatish tartibi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasi hududida qonunlarning aniq va bir xilda bajarilishi ustidan nazoratni O‘zbekiston Respublikasining Bosh prokurori va unga bo‘ysunuvchi prokurorlar amalga oshiradi. |
Advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi. Advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar ta’minlanadi. Advokat, uning sha’ni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘ladi va qonun bilan muhofaza qilinadi. |
Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi. Advokaturani tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasida sud ishlarini yuritish o‘zbek tilida, qoraqalpoq tilida yoki muayyan joydagi ko‘pchilik aholi so‘zlashadigan tilda yoxud qonunga muvofiq boshqa tilda olib boriladi. Sud ishlari olib borilayotgan tilni bilmaydigan sudda qatnashuvchi shaxslarning tarjimon orqali ish materiallari bilan to‘la tanishish va sud ishlarida ishtirok etish huquqi hamda sudda ona tilida so‘zlash huquqi ta’minlanadi. |
Hamma sudlarda ishlar ochiq ko‘riladi. Ishlarni yopiq majlisda tinglashga qonunda belgilangan hollardagina yo‘l qo‘yiladi. |
Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi. Sudyalar daxlsizdir. Davlat sudyaning va uning oila a’zolarining xavfsizligini ta’minlaydi. Sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga, uning vakolatlarini bekor qilishga yoki to‘xtatib turishga, boshqa lavozimga o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas. Sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas. Sudyalar siyosiy partiyalarning a’zosi bo‘lishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek ilmiy, ijodiy va pedagogik faoliyatdan tashqari haq to‘lanadigan boshqa faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin emas. |
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining mustaqil organi bo‘lib, u sudyalar korpusining shakllantirilishini, sud hokimiyati mustaqilligining konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlaydi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisi va uning o‘rinbosari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan besh yillik muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining raisi, rais o‘rinbosari etib saylanishi mumkin emas. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi: 1) O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; 2) O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlari O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar — O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; 3) referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; 4) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; 5) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; 6) O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi; 7) konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi; 8) O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi. Fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli. Konstitutsiyaviy sudning qarori rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Konstitutsiyaviy sudning qarori qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas. Konstitutsiyaviy sudni tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi. |
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi. Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan siyosat va huquq sohasidagi mutaxassislar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasi vakilini qo‘shgan holda saylanadi. Konstitutsiyaviy sudning sudyalari qayta saylanish huquqisiz o‘n yillik muddatga saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi o‘z tarkibidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining raisini va uning o‘rinbosarini besh yillik muddatga saylaydi. |
O‘zbekiston Respublikasida sud tizimi va sudlar faoliyatining tartibi qonun bilan belgilanadi. Favqulodda sudlar tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi. |
O‘zbekiston Respublikasida odil sudlov faqat sud tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyati qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatdan, siyosiy partiyalardan, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan mustaqil holda ish yuritadi. |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga, viloyatlar, tumanlar, shaharlar davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarni, shuningdek O‘zbekiston Respublikasining referendumini tashkil etish va o‘tkazish uchun O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tomonidan faoliyatining asosiy prinsiplari mustaqillik, qonuniylik, kollegiallik, oshkoralik va adolatlilikdan iborat bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tuziladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi saylov komissiyalari tizimiga boshchilik qiladi, o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi hamda o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga va qonunlariga amal qiladi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlarining tavsiyasi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va Senati tomonidan saylanadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan komissiya a’zolari orasidan besh yillik muddatga komissiya majlisida saylanadi. Ayni bir shaxs surunkasiga ikki muddatdan ortiq O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining raisi etib saylanishi mumkin emas. |