Milliy Milliy taraqqiyotimiz tayanchi

O‘tayotgan har bir kun bizni davlatimiz Konstitutsiyasi qabul qilingan qutlug‘ sanaga tobora yaqinlashtirmoqda. Ayni damda yurtimizda ushbu bayram shukuhi hukmron.

Prezidentimizning joriy yil 20 iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining yigirma besh yilligini nishonlashga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoyishiga muvofiq, shahar va qishloqlarimizda Asosiy Qonunimizning inson hayotidagi o‘rni hamda ahamiyatiga bag‘ishlangan, aholi, ayniqsa, o‘sib kelayotgan avlodning huquqiy bilim va madaniyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, intellektual, ijodiy tanlovlar bir-biriga ulanib ketmoqda.

Yoshlarimiz bugun barcha jabhada amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar hamda yangilanishlar zamirida, eng avvalo, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqlarini himoya qilish, jamiyatda qonun va qonuniylik ustuvorligini kafolatlash, xalqimizning tinch, farovon, rozilik hamda minnatdorlik hissi bilan yashashini ta’minlashdek ulug‘ maqsadlar mujassamligini chuqur anglab yetayotir.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Konstitutsiyamiz qabul qilinganining 24 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi ma’ruzasida yoshlarimizni sog‘lom va barkamol etib tarbiyalash masalasi islohotlarning ustuvor yo‘nalishi bo‘lib qolishini, ta’lim-tarbiya tizimining barcha bo‘g‘inlari faoliyatini zamon talablari asosida rivojlantirish, farzandlarimizni diniy ekstremizm, terrorizm, giyohvandlik, odam savdosi, “ommaviy madaniyat” degan xavf-xatarlardan, g‘arazli kuchlar ta’siridan asrash g‘oyatda zarurligini ta’kidlagan edi. O‘tgan salkam bir yillik qisqa fursatda aynan yosh avlod manfaati va kelajagiga daxldor qator me’yoriy-huquqiy hujjatlar qabul qilinib, ular asosida olib borilayotgan amaliy ishlarning ko‘lami hamda salmog‘i naqadar zalvorli ekanini barchamiz ko‘rib, bilib turibmiz.

Xususan, maktabgacha ta’lim sifatini tubdan oshirish, joylarda bolalarni bog‘chalarga qamrab olish bilan bog‘liq muammolarni uzil-kesil bartaraf etish, sohada sog‘lom raqobatni shakllantirish uchun nodavlat sektor ishtirokini kengaytirishning tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi. Yoki xalqimiz xohish-istagiga ko‘ra, 11 yillik umumiy o‘rta ta’lim qayta tiklangani, akademik litseylar faoliyati, shuningdek, pedagog kadrlarni tayyorlash tizimi davr talablariga muvofiq takomillashtirilayotgani alohida e’tirofga molik.

Prezidentimizning joriy yil 5 iyuldagi “Yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish va O‘zbekiston yoshlar ittifoqi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi Farmoni navqiron avlod vakillari hayotida yana bir yangi sahifa ochgan bo‘lsa, madaniyat va sport sohalarida davlat boshqaruvining takomillashtirilishi ham bolalarimizning jismoniy, ma’naviy-axloqiy hamda intellektual jihatdan sog‘lom bo‘lib kamolga yetishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi.

Yurtimizda “O‘z bolangni o‘zing asra!” shiori ostida yoshlar va voyaga yetmaganlar bilan ishlash sohasida davlat hamda jamoat tashkilotlarining mas’uliyati yanada oshirildi. Bola ta’lim-tarbiyasida birlamchi makon — oilalarda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish chora-tadbirlariga jiddiy e’tibor qaratilayotir. Bularning barchasi pirovardida farzandlarimizning konstitutsiyaviy huquqlari himoyasini kuchaytirmoqda.

Davlatimiz rahbari BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida yuksak minbardan turib, jahon jamoatchiligi e’tiborini global muammolar qatorida yoshlar masalasiga ham qaratdi. “Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo‘lib kamolga yetishi bilan bog‘liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o‘z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratish, zo‘ravonlik g‘oyasi “virusi” tarqalishining oldini olishdir”, deya yosh avlodni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashda ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish lozimligini qayd etdi.

Bu o‘rinli xavotir va haqli fikrlar o‘z kelajagi haqida qayg‘urayotgan har bir davlatni befarq qoldirmagani aniq. Shuning barobarida, islohotlarning yangi bosqichiga chiqqan O‘zbekistonning ayni sohada to‘plagan tajribasi hamda olib borayotgan ezgu sa’y-harakatlari xalqaro miqyosda yuksak baholanayotgani g‘urur va iftixorga munosib.

Chindan ham, yosh avlod yurtimizda eng bebaho boylik, milliy taraqqiyotimizning chinakam tayanchi sifatida qadrlanadi. Darvoqe, yaqin besh yillikka mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasida ham onalik va bolalikni muhofaza qilish, maktabgacha ta’lim muassasalaridagi shart-sharoitlarni tubdan yaxshilash, umumiy o‘rta ta’lim sifatini ko‘tarish, bolalarni sport bilan ommaviy tarzda shug‘ullanishga, musiqa va san’at olamiga keng jalb qilish kabi ustuvor vazifalar belgilanganki, ularning ro‘yobga chiqarilishi bolalarimiz baxtu iqboliga xizmat qiladi. Muhimi, yosh avlod manfaatlarini himoya qilish sohasida Konstitutsiyamiz va uning negizida amaliyotga tatbiq qilingan yuzdan ortiq qonun hujjatlari ijrosi samaradorligi, shubhasiz, yanada oshadi.

Shohida ARIPOVA,

O‘zbekiston Respublikasi

Oliy Majlisi Senati a’zosi,

Termiz shahridagi

4-ixtisoslashtirilgan umumta’lim maktab-internati direktori.

Qiziqarli ma'lumotlar
Hindiston Konstitutsiyasi AQSh Konstitutsiyasidan farqli o‘laroq dunyodagi eng katta va murakkab Konstitutsiya hisoblanadi.