Tanlov g‘oliblari aniqlandi

Poytaxtimizda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi va partiyaning “Yoshlar qanoti” tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunga bag‘ishlab e’lon qilingan respublika maqolalar tanlovi g‘oliblari taqdirlandi.

Tadbirda O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi markaziy kengashi raisi S.Otamurodov va boshqalar mamlakatimizda yoshlar har jihatdan sog‘lom va barkamol insonlar bo‘lib voyaga yetishida ularning siyosiy-huquqiy bilimlari va ijtimoiy faolligini oshirish muhim ahamiyatga egaligini ta’kidladi.

Konstitutsiyani keng targ‘ib qilish, uning mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlarga tushuntirish maqsadida e’lon qilingan «Konstitutsiya – huquqiy davlat qurish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishning kafolatidir» mavzusidagi maqolalar tanlovida ikki yuzga yaqin yosh ishtirok etdi.

– Har bir fuqaro qonunlarni bilishi, qonunlarda ifodalangan qoidalarni ongli ravishda bajarishi zarur, – deydi tanlov g‘olibi, Sirdaryo viloyati Yangiyer shahridagi 9-o‘rta maktab o‘qituvchisi Davronbek Husanov. – Tanlovga taqdim etgan maqolamda shu haqdagi fikr-mulohazalarimni keltirdim.

Tadbirda Asosiy qonunimizning ma’no-mazmuni, hayotimizdagi ahamiyati alohida ta’kidlanib, partiyaning dasturiy maqsad va vazifalari unda belgilab berilgan asosiy tamoyillarga to‘la mos ekani qayd etildi. Tanlov g‘oliblariga diplom va qimmatbaho esdalik sovg‘alari topshirildi.

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.