Sudyalar Oliy Kengashi - sud mustaqilligining muhim kafolati

Joriy yil 7 aprelda matbuotda e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi qonunda Konstitutsiyamizning 80,81,93,111-moddalariga Sudyalar oliy kengashi bilan bog‘liq tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.

Konstitutsiyaning 111-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi” – deb qayd qilindi. Sudyalar oliy kengashiga konstitutsiyaviy maqom berilganligi unga yuklatilgan vazifalarni mustaqil va samarali amalga oshirilishining muhim konstitutsiyaviy kafolati hisoblanadi. Qayd etish joizki xalqaro standartlarda bunday vazifani amalga oshiruvchi organ maqomi konstitutsiyaviy tartibga solinishi yuksak e’tirof etiladi. Shuning uchun ham ko‘pgina rivojlangan demokratik davlat konstitutsiyalari bunday vazifani amalga oshiruvchi organlar faoliyatini tartibga soluvchi normalarni o‘zida ifodalagan. Bu yerda yana bir e’tiborli jihati shundaki, mazkur organni tashkil etish va uning faoliyati avvaligdek davlat boshlig‘i farmoyishi bilan tasdiqlangan nizom asosida emas, balki qonun bilan belgilanishidir. Biz bilamizki, qonunlar eng muhim va barqaror ijtimoiy munosabatlarni tartibga solib, oliy davlat vakillik organi tomonidan deputatlar va senatorlar ishtirokida bir necha va davomli muhokamalardan, turli ekspertizalardan o‘tib qabul qilinadi hamda Prezident tomonidan imzolanib, matbuotda e’lon qilingachgina kuchga kiradi.

Sudyalar oliy kengashi raisi avvalgidek Senati a’zolari orasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoyishi bilan tayinlanmay, balki boshqa bir qator mustaqil konstitutsiyaviy organlar rahbarlari kabi Prezidentning taqdimiga binoan Senat tomonidan tayinlanishi yuqori palataning mutlaq vakolatlariga kiritildi. Mazkur qoida asosiy qonunimizning 80-moddasi 4-bandida o‘zi ifodasini topdi. Bundan tashqari Sudyalar oliy kengashi raisi Qonunchilik palatasi va Senat majlislarida, shuningdek ularning organlari majlislarida ishtirok etishi konstitutsiyaviy jihatdan mumkin bo‘lgan shaxslar qatoriga kiritildi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki shu vaqtgacha bunday shaxslar qatoriga Konstitutsiyamizning 81-moddasida faqat O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Bosh vazir, Vazirlar Mahkamasining a’zolari, respublika Konstitutsiyaviy sudi, Oliy sudi, Oliy xo‘jalik Sudi raislari, Bosh prokurori, Markaziy banki boshqaruvining raisi kiritilgan edi. Bularning barchasi Sudyalar oliy kengashi raisi lavozimi yuksak obro‘ va nufuzga egaligidan dalolat qilib, uning mustaqilligini, daxlsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.

Zarurati. Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tartibini yanada takomillashtirish zaruriyati, sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish bo‘yicha oliy malaka komissiyasi aniq huquqiy maqomga ega emasligi, o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi va cheklangan vakolatlarga egaligi kabilar Sudyalar oliy kengashini tashkil etishni taqozo qildi.

Xo‘sh mazkur organ avvalgisidan nimalari bilan farq qiladi? Aytish joizki, avvalgi organ O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida faoliyat yuritar edi va o‘z nomiga ko‘ra sudyalarni tanlash va lavozimlarga tavsiya etish vazifasinigina bajarardi. Uning nizomi Prezident farmoyishi bilan tasdiqlangan edi. Avvalgi Komissiya faoliyatining huquqiy asoslari sifatida Konstitutsiya va qonunlar, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezidentning farmon, qaror va farmoyishlari ko‘rsatilgan bo‘lsa yangi Kengash va uning a’zolari o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari talablariga rioya etishi hamda ularni bajarishi shartligi, Kengash o‘z faoliyatini faqat qonunga bo‘ysungan holda, davlat organlari va boshqa tashkilotlardan, shuningdek mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi belgilab qo‘yildi.

Yangi organ avvalambor konstitutsiyaviy maqomga ega, mustaqil, hech qaysi davlat organi tarkibida yoki huzurida emas hamda vazifa va vakolatlari, hatto nomi ham avvalgi Komissiyadan farq qiladi. Komissiya deganda adabiyotlarda odatda mustaqil organ bo‘lmay, ko‘maklashuvchi ahamiyat kasb etib, u yoki bu organ, muassasa huzurida, tarkibida faoliyat yuritadigan, yaxlit tugallangan vazifalardan ko‘ra muayyan, tor doiradagi vazifalarnigina bajarish uchun tashkil etiladigan, faoliyat yuritishi doimiy bo‘lmay qoida tariqasida davriylik, jamoatchilik asosida yo‘lga qo‘yilgan, ko‘pincha tekshiruv, o‘rganish funksiyalari bilan cheklanadigan tuzilmalar tushuniladi. Bunday tuzilmalar faoliyatini odatda o‘zi rejalashtirmay uni tashkil etgan tuzilmalarning maxsus vazifalari va topshiriqlarini bajarishga ixtisoslashadi.

Kengash esa siyosiy-huquqiy adabiyotlarda o‘z nomidan kelib chiqib, o‘zida demokratizm va kollegiallik, bamaslahat ish tutish, vakillikka asoslanishi va a’zolarning to‘la huquqligigi va fikrlarni erkin bildirishi, odatda mustaqil bo‘lishi hamda o‘zi ko‘rib chiqayotgan masalada qoida tariqasida hal qiluvchi qaror chiqarishi kabilar bilan urg‘ulanadi.

Shu ma’noda mazkur organ nomi Kengash deb atalishi ham har tomonlama to‘g‘ri bo‘ldi.

Faoliyatini tartibga soluvchi maxsus qonun haqida. 2017 yil 7 aprelda “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi qonun matbuotda e’lon qilindi.

Uning muhim jihatlarini quyidagilarda ko‘rishimiz mumkin.

Birinchi muhim jihati – harbiy sudlarning, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislari va sudyalarini O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan kelishilgan holda Kengashning o‘zi lavozimga tayinlashi, qonunda nazarda tutilgan hollarda esa ularni Prezident bilan kelishilgan holda lavozimidan ozod qilishi – uning obro‘ va nufuzini ko‘tarishda favqulodda muhim ahamiyat kasb etadi. Qayd etish joizki, avvallari bu lavozimlarga tayinlash va ozod qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mutlaq vakolatlariga kirar edi. Komissiyaning o‘rni faqat mazkur lavozimlarga tavsiya etiladigan nomzodlar bo‘yicha, shuningdek ularning vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish to‘g‘risida Prezidentga taqdimnomalar kiritish bilan cheklanar edi. Jahon tarixida organ vakolatini o‘z tashabbusi bilan boshqa organga o‘tkazish tajribasi kamdan-kam uchraydi. Albatta harbiy sudlarning, viloyatlar va Toshkent shahar sudlarining sudyalarini, tumanlararo, tuman, shahar sudlarining raislari va sudyalarini tayinlash – bu juda katta mas’uliyat, bu mazkur sud sudyalari tomonidan yo‘l qo‘yilishi mumkin bo‘lgan har qanday ehtimoliy kamchiliklar uchun ham ma’naviy mas’uliyat degani hamdir. Shu ma’noda Sudyalar oliy kengashi oldida bu nafaqat vakolat, balki juda katta mas’uliyat hamdir.

Ikkinchi muhim jihat – bu Kengashni shakllantirish tartibidir. Qonunda Kengash rais, rais o‘rinbosari, uning a’zolari va kotibidan – jami yigirma bir nafar kishidan iborat tarkibda sudyalar, huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar orasidan shakllantirilishi belgilab qo‘yildi. Kengashning o‘n bir nafar a’zosi Kengash raisining taqdimiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sudyalar orasidan tasdiqlanadi. Kengashning ushbu a’zolaridan bir nafari Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlarining sudyalari orasidan tasdiqlanadi. Kengashning raisi, kotibi va sudyalar orasidan tasdiqlangan o‘n bir nafar a’zosi o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi, Kengashning qolgan sakkiz nafar a’zosi, shu jumladan Kengash raisining o‘rinbosari o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshiradi. Yuqoridagi normalar Yevropa Kengashining Venetsiya komissiyasi tomonidan ilgari surilgan sudyalarni tanlash bo‘yicha organ tarkibining kamida yarmi sudyalarning o‘zidan bo‘lishi kerakligi, sudyalarni tanlash tartibi qonunda aniq yozib qo‘yilishi kerakligi, sudlarni tanlash bo‘yicha organ fikri uning davlat xizmatchisi bo‘lgan kotibiyati xodimlariga bog‘liq bo‘lib qolmasligi uchun uning yarim a’zolari doimiy ravishda ishlashlari kerak degan tavsiyalari bilan hamohangdir. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki avvallari Komissiya Senat va Qonunchilik palatasi, Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi, Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuraturasi vakillari va huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislar, shuningdek jamoatchilik vakillaridan shakllantirilishi hamda ular Prezidentning farmoyishi bilan o‘n yetti kishidan iborat tarkibda besh yil muddatga tasdiqlanishi, Komissiyada rais va to‘rt nafar a’zo (Kotibiyat va Sud inspeksiyasi rahbarlari hamda ularning o‘rinbosarlari) o‘z faoliyatlarini doimiy asosda, o‘n ikki nafar a’zo esa o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi belgilangan edi.

Uchinchi muhim jihat – bu Kengashning asosiy vazifalarida namoyon bo‘lib, unda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlov asosida tanlash, eng malakali va mas’uliyatli mutaxassislar orasidan sudyalarni tayinlash, sudyalarni kasbiy tayyorlashni, ularning malakasini oshirishni tashkil etish, sudyalarning faoliyati samaradorligini baholash, ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik olib borish, aholi bilan muloqotni yo‘lga qo‘yish, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish to‘g‘risidagi, shuningdek ularni jinoiy va ma’muriy javobgarlikka tortish uchun xulosa berish haqidagi masalani ko‘rib chiqish kabilar belgilangan.

To‘rtinchi muhim jihat – Kengash faoliyatida tadqiqot faoliyatiga alohida o‘rin berilgani bilan bog‘liqdir. Buni biz Oliy sud huzuridagi Sud qonunchiligini demokratlashtirish va liberallashtirish hamda sud tizimi mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha tadqiqot markazi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi Odil sudlov muammolarini o‘rganish bo‘yicha tadqiqot markaziga aylantirilganida ham ko‘rishimiz mumkin. Albatta mazkur Markaz Kengashning sud-huquq sohasidagi qonun hujjatlarini yanada takomillashtirish, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini va yagona sud amaliyotini ta’minlash, odil sudlovga erishish darajasini va uni amalga oshirish sifatini yaxshilash bo‘yicha takliflar tayyorlash vazifasini amalga oshirishda o‘zining tadqiqotlari bilan ko‘maklashadi.

Beshinchi muhim jihat – Kengashning bir qator vakolatlarida mujassamdir. Biz ularning eng muhimlariga yuqorida to‘xtalib o‘tgan holda yana shuni qayd etishimiz joizki qonunda Kengashning sudyalarni davlat mukofotlari bilan taqdirlash to‘g‘risida Prezidentga taqdimnomalar kiritish, sudyalarni intizomiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish va materiallarni sudyalarning tegishli malaka hay’atlariga yuborish (avval sudyalarga nisbatan intizomiy ta’sir choralarini qo‘llash haqida tegishli sudlar raislariga taqdimnomalar kiritardi), sudyalarni jinoiy yoki ma’muriy javobgarlikka tortish masalalari yuzasidan xulosa berish, sudyalarning malaka hay’atlari faoliyatiga umumiy rahbarlikni amalga oshirish, jismoniy va yuridik shaxslarning sudyalar tomonidan odob-axloq qoidalarini buzish masalalariga doir murojaatlarini ko‘rib chiqish, sudyalarning faoliyatini o‘rganish va baholash mezonlarini tasdiqlash, sudyalarni kasbiy tayyorlash va ularning malakasini oshirishni tashkil etishga doir dasturni tasdiqlash (avval ta’lim olish va stajirovkadan o‘tish dasturlari tegishli ravishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi, Oliy xo‘jalik sudi va Adliya vazirligi tomonidan tasdiqlanishi belgilangan edi), O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi huzuridagi Sudlar faoliyatini ta’minlash departamenti direktorining o‘z faoliyati to‘g‘risidagi axborotini har yili eshitish kabi vakolatlari mustahkamlandi.

Yuqoridagilardan tashqari Qonunda Kengash a’zolarining huquq va majburiyatlari aniq belgilab qo‘yildi (avvalgi Nizomda Komissiya a’zolarining huquq va majburiyatlari keltirib o‘tilmagan edi), masalalarni ko‘rib chiqishda kollegiallikni, demokratizmni kuchaytirish maqsadida Kengash majlisi o‘z a’zolarining kamida uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda, vakolatli hisoblanadi – deb belgilandi (avvalgi Komissiyada majlis uning a’zolarining ko‘pchiligi ishtirok etgan taqdirda vakolatli deb hisoblanar edi), Kengash a’zosini rad etish va uning o‘zini o‘zi rad etishiga oid qoidalar kiritildi, sudyalar korpusini shakllantirish chog‘ida sudyalik lavozimlariga nomzodlar huquqlarining tengligi e’tirof etildi, avvalgidan farqli o‘laroq odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarga yoki jismoniy nuqsonlarga ega bo‘lganlar ham zaxiraga kiritilishi mumkin emasligi qayd etildi.

Qonunda sudyalik lavozimiga nomzod zaxiradan chiqarilishining amaldagi mavjud asoslaridan tashqari (amalda faqat o‘qish va stajirovka natijalari qoniqarsiz baholanganda, sha’ni va qadr-qimmatiga dog‘ tushiruvchi xatti-harakatlar sodir etganda kabi) zaxiradan chiqarish to‘g‘risida o‘zi ariza berganda, sudyalik lavozimlariga nomzodlar tayyorlanadigan maxsus kurslarga qabul qilish tanlovidan o‘tmaganda, O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini yo‘qotganda, unda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar paydo bo‘lganda, belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganda, vafot etganda yoki sud qarori bilan vafot etgan deb e’lon qilinganda, jinoyat sodir etganda, uning sudyalik lavozimiga nomunosibligi haqida xulosa chiqarilganda kabi asoslari kiritildi. Bundan tashqari sudyalik lavozimiga nomzod, agar u uch yildan ortiq muddat davomida sudyalik lavozimiga ko‘rsatilmagan bo‘lsa ham zaxiradan chiqarilishi qayd etildi.

Mazkur muhim hujjatning yana bir qator muhim jihatlari sifatida unda birinchi marta tayinlanadigan sudyalarni tanlashning asosiy mezonlari alohida, sudyalarni yangi vakolat muddatiga va boshqa sudyalik lavozimlariga tanlashning asosiy mezonlari alohida qayd etilgani, sudyalik lavozimiga nomzodning tibbiy tekshiruvdan o‘tkazilishi qonunan belgilanayotganligi, bunda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarning va jismoniy nuqsonlarning ro‘yxati Kengashning va O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligining qo‘shma qarori bilan tasdiqlanishi, sudyalar malakasini oshirish tadbirlariga nisbatan talablar o‘rnatilib, unga ko‘ra malaka oshirish sudyalar faoliyatini o‘rganish va baholash natijalariga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirishda aniqlangan tizimli kamchiliklar hisobga olingan holda tashkil etilishi kabilarni keltirib o‘tish mumkin.

Mazkur konstiutsiyaviy normalar hamda qonun fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli sud himoyasini, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini ta’minlashga, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirishga, odil sudlovga erishish darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Miravzal Mirakulov,

Yuridik fanlar doktori.

Qiziqarli ma'lumotlar
AQSh Konstitutsiyasi dunyodagi eng kichik va eng o‘zgarmas Konstitutsiya hisoblanadi.