“Rossiyskaya gazeta”: Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakatning taraqqiyot yo‘lini belgilab berdi

“Rossiyskaya gazeta” sahifasida Rossiya Federatsiyasida xizmat ko‘rsatgan fan arbobi, iqtisodiyot fanlari doktori, professor Nabi Ziyadullayevning “Yangi O‘zbekiston Konstitutsiyasi mamlakatning taraqqiyot yo‘lini belgilab beradi” sarlavhali maqolasi bosilib chiqdi.

“O‘zbekiston Konstitutsiyasining yangi tahririda birinchi marta mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari belgilab berildi. Inson, uning huquq va erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmati eng oliy qadriyat bo‘lgan ko‘p millatli xalqning irodasi demokratiya va tenglik, ijtimoiy adolat va birdamlik g‘oyalariga sodiqlikni tasdiqlaydi. Maqsad insonparvar, demokratik, jadal rivojlanayotgan davlat, keng va jozibali bozorga ega ishonchli va bashorat qilinadigan xalqaro sherik bo‘lgan ochiq va adolatli jamiyat qurish bilan izohlanadi. Asosiy qonunda O‘zbekiston va jahon hamjamiyati, birinchi navbatda, qo‘shni davlatlar bilan hamkorlik va bir-birini qo‘llab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida do‘stona munosabatlarni mustahkamlash hamda rivojlantirish ilk bor aniq-ravshan mustahkamlab qo‘yildi”, deb yozadi muallif.

Maqolada, shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy sa’y-harakatlari tufayli mintaqaviy qurilishning yangi konsepsiyasini shakllantirish va Markaziy Osiyoning o‘ziga xos siyosiy va ijtimoiy jihatlarga ega bo‘lgan yagona geoiqtisodiy makonini yaratish borasida salmoqli natijalarga erishilgani alohida ta’kidlangan. Yaqin vaqtgacha bir-biridan juda uzoq bo‘lgan davlatlar tobora yaqinlashuv va kelishuvlarga intilmoqda.

Nashrning yozishicha, Konstitutsiyada birinchi marta O‘zbekiston suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat ekanligi belgilab qo‘yildi. Ushbu qoidalarni qayta ko‘rib chiqish mumkin emas, bu davlatning asosiy xususiyatlari barqarorligi va o‘zgarmas ekanligini tasdiqlaydi. Konstitutsiyaviy islohotda “davlat-jamiyat-inson” tamoyili “inson-jamiyat-davlat” bilan almashtirilganligi ham ta’kidlangan.

“Konstitutsiyani yangi tahrirda qabul qilish bo‘yicha referendumning muvaffaqiyatli o‘tkazilishi respublika siyosiy taraqqiyotidagi muhim bosqich bo‘lib, uning natijalari Shavkat Mirziyoyevning siyosiy yo‘nalishi jamoatchilik tomonidan yuqori darajada qo‘llab-quvvatlanayotganidan dalolat berishi barobarida O‘zbekiston fuqarolarining amalga oshirilayotgan islohotlarni davom ettirishdan manfaatdor ekanligini tasdiqlaydi”, deb yozadi “Rossiyskaya gazeta”.

Qiziqarli ma'lumotlar
Garchi Yaponiya Konstitutsiyasining 9-moddasiga binoan, Yaponiya kelajakda urush olib borish huquqidan hamda quruqlik, dengiz va havo harbiy kuchlar tuzish huquqidan abadiy vos kechgan bo'lsada, bugungi kunda Yaponiya harbiy harajatlari bo'yicha dunyoda 5-o'rinda turadi ($ 58,97 mlrd).