Konstitutsiya ustunligini ta’minlashda parlament va sud hokimiyatining o‘zaro munosabatlari
Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini qabul qilinishi inson huquq va erkinliklarini kafolatli himoya qilish, qonun ustunligini ta’minlashga qaratilgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqdi.
Biz e’tirof etayotgan Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining dastlabki yillarida birgina sud-huquq sohasini isloh etishga yo‘naltirilgan 50 ga yaqin qonunlar, Prezident farmon va qarorlari qabul qilingan.
Prezidentimizning ilk marotaba 2017-yil 22-dekabrda Oliy Majlisga va O‘zbekiston xalqiga yo‘llangan Murojaatnomasida barchaning e’tibori sud idoralari hali-hamon har qanday holatda adolat qaror topadigan maskanga aylanmagani muammosiga qaratilgan edi.
Oradan sakkiz yil o‘tdi. Bu orada sud-huquq sohasida misli ko‘rilmagan islohotlar amalga oshirildi. Biz avvallari bo‘lishi mumkin emas degan ayrim masalalar kundalik hayotimizda ijobiy yechimini topdi. Ya’ni, sud hokimiyatini tubdan isloh qilishda, eng avvalo, sudyalar mustaqilligini ta’minlash zarur deb topildi. Bu esa, guvoh bo‘lib turganimizdek amalda o‘z samarasini bera boshladi.
Ma’lumki, sudlarning asosiy vazifasi inson huquqlarini himoya qilish hisoblanadi. Bunda sudyalarning mustaqil bo‘lishi nihoyatda muhimdir. Ta’kidlash joiz, bugungi kunga kelib, ular tomonidan oqlangan shaxslar yuzasidan statistik ma’lumotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yetti yilda jami oqlangan shaxslar 4000 dan ziyod kishini tashkil etgan. Buni yillar bo‘yicha o‘sish dinamikasini kuzatadigan bo‘lsak, 2017-yilda – 263 ta, 2018-yilda – 867 ta, 2019-yilda – 3080 ta, 2020-yilda – 3434 ta, 2021-yilda – 5930 ta, 2022-yilda – 8453 ta, 2023-yilda – 7362 ta shaxs sud zalidan ozod etilgan. Shuningdek, 2017-2023-yillar davomida 5956 nafar shaxs sudlar tomonidan oqlangan. Oliy sud matbuot xizmati xabar berishicha 2025-yilning o‘zida sud zalidan ozodlikdan mahrum etish etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlanishi munosabati bilan 8 ming 85 nafar shaxs ozod qilinib, 86 nafar shaxs, jumladan yoshlar, ayollar va boshqalarga ozodlikdan mahrum qilish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazolar tayinlangan. Shu bilan birga, 35 572 nafar shaxs jazoni o‘tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinib, 11 421 nafar shaxsning jazosi yengilrog‘i bilan almashtirilgan.
Ushbu ko‘rsatkichlar sud hokimiyatining chinakam mustaqilligi oshganligining real mahsulidir. Chunki Davlatimiz boshlig‘i alohida ta’kidlaganidek, sud ostonasiga qadam qo‘ygan har bir inson, O‘zbekistonda adolat hukm surayotganiga to‘la ishonch hosil qilishi kerak. Aks holda, buyuk nemis faylasufi Immanuil Kant aytganidek: “Adolat yo‘qolgan paytda, hayotning qadrini belgilaydigan boshqa hech narsa qolmaydi”.
O‘zbekiston Respublikasi yangi tahrirdagi Konstitutsiyasining 136-moddasida: “Sudyalar mustaqildirlar, faqat Konstitutsiya va qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirishga doir faoliyatiga har qanday tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi. Sudyalar daxlsizdir. Sudyalar muayyan ishlar bo‘yicha hisobdor bo‘lmaydi” deya belgilangan.
Sudyalarga ayrim cheklovlar ham konstitutsiyaviy darajada o‘rnatilgan. Masalan, sudyalar senator, davlat hokimiyati vakillik organlarining deputati bo‘lishi mumkin emas. Sudyalar siyosiy partiyalarning a’zosi bo‘lishi, siyosiy harakatlarda ishtirok etishi, shuningdek, ilmiy va pedagogik faoliyatdan tashqari, haq to‘lanadigan boshqa biron-bir faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkin emas.
Yangi O‘zbekistonda olib borilayotgan tub islohotlarda sudyalar mustaqilligini ta’minlashga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu, mamlakat Prezidenti ta’biri bilan aytganda, sudlar tom ma’nodagi “adolat qo‘rg‘oni”ga aylanishining muhim sharti hisoblanadi. Ushbu tamoyilni amaliyotga tatbiq etish maqsadida Konstitutsiyaning 135-moddasi yangi tahrirda berildi. Unda, “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi” deyiladi.
Darhaqiqat, “odil sudlovning samaradorligiga faqat sud mustaqilligi, sudyalarning qonun doirasidagi mutlaq erkinligining hosilasi sifatida qarash unchalik to‘g‘ri bo‘lmaydi. Odil sudlov samaradorligi o‘zaro bir-birini taqozo etuvchi juda ko‘p omillarga asoslanadi. Jumladan, odil sudlovni amalga oshirishning tashkiliy-huquqiy mexanizmi qanchalik takomilashganligiga, sudning davlat hokimiyati boshqa organlari bilan munosabati holatiga bog‘liqdir”. Biz bu bilan aytmoqchimizki, sud hokimiyatining tom ma’nodagi mustaqilligini ta’minlashda davlat hokimiyati tizimining muhim tarmog‘i bo‘lgan qonun chiqaruvchi hokimiyat bilan o‘zaro munosabatlarini zamon talablari darajasida tashkil etish lozim bo‘ladi. Chunki mamlakatda qonun chiqaruvchi hokimiyat sohibi bo‘lgan – O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi mamlakatimiz sud hokimiyati tizimining qonunchilik asoslarini ishlab chiqadi, uni shakllantirishda bevosita ishtirok etadi hamda tegishli qonunlarni qabul qiladi. Sud hokimiyati esa, o‘z navbatida, Konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlaydi, shu bila birga parlamentning qonun ijodkorligi faoliyatida ishtirok etadi, inson huquq va erkinliklarini himoya qiladi. Qolaversa, davlat hokimiyatining bu ikki mustaqil tarmog‘i o‘zaro munosabatlari davlat hokimiyatining samarali amalga oshirilishida va davlat hokimiyati tizimida mutanosib hamda barqaror muvozanatni saqlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Demak, ular o‘rtasidagi samarali hamkorlikni ta’minlamasdan turib, dunyoning rivojlangan mamlakatlarida bo‘lgani kabi qonun ustuvorligini ta’minlashda hamda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda kutilgan natijalarga erishish ancha mushkul masala hisoblanadi.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasida belgilangan davlat hokimiyatining tizimi hokimiyatlar bo‘linishi prinsipiga asosan, sud hokimiyati davlat hokimiyatining mustaqil tarmog‘i sifatida konstitutsyaviy darajada o‘z o‘rnini topgan. Ushbu maqom sud hokimiyatining qonun chiqaruvchi hokimiyat bilan o‘zaro munosabatlarini tahlil qilish zaruratini va uni yanada takomillashtirishda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini kun tartibiga qo‘yadi. Ayniqsa, bugun shiddat bilan olib borilayotgan islohotlar jarayonida davlat hokimiyati tarmoqlarining o‘zaro munosabatlarini yangi bosqichga ko‘tarish juda muhimdir. Chunki davlat hokimiyati tizimi bo‘linishi prinsipi - bu hokimiyatlar vakolatlarni teng taqsimlab olishi emas, balki davlat hokimiyatini boshqarishda bir-birlari vakolatlarini o‘zlashtirib olmaslik, aksincha, hamkorlikda faoliyat yuritishlari tushuniladi.
Mamlakatimizda parlament va sud hokimiyati faoliyatiga oid qonun hujjatlarida ularning huquqiy maqomi bo‘yicha belgilangan normalar tahlilidan ko‘rish mumkinki, ularning o‘zaro munosabatlarining shakli va yo‘nalishlari turlicha. Ularning eng muhimlari qatorida: parlament tomonidan sud hokimiyati organlari hamda vakolatlarining belgilanishi, parlamentning yuqori palatasi - Senat tomonidan Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud a’zolarining saylanishi; sud hokimiyatining qonunchilik tashabbusi huquqiga ega ekanligi, Konstitutsiyaviy sud tomonidan qonun chiqaruvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash; konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etishi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi tarkibida uning normal faoliyatini tahdidga soladigan, hal qilib bo‘lmaydigan ixtiloflar yuz berganda yoxud u bir necha marta Konstitutsiyaga zid qarorlar qabul qilgan taqdirda, Prezident tomonidan Oliy Majlisni tarqatib yuborilishida Konstitutsiyaviy sudning ishtiroki; Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va Senati majlislarida, shuningdek, ularning organlari majlislarida Konstitutsiyaviy sud va Oliy sud raislarining ishtirok etishi; Konstitutsiyaviy sud ishlari yuritilayotganda Qonunchilik palatasi Spikeri, Senat raisining ishtiroki va boshqalarni ko‘rsatish mumkin.
Ta’kidlanganidek, ko‘pchilik rivojlangan demokratik davlatlarda bo‘lgani kabi mamlakatimiz sud hokimiyati organlari tizimi va vakolatlarini belgilash, ularni ta’sis etish O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga ko‘ra, parlament vakolatiga kiradi. Yuqorida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rish vakolatiga sud hokimiyati ega ekanligi aytib o‘tildi. Demak, Konstitutsiyaviy sud: O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmonlari, qarorlari va farmoyishlarining, hukumat, mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining, O‘zbekiston Respublikasi davlatlararo shartnomaviy va boshqa majburiyatlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi; referendumga chiqarilayotgan masalalarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga muvofiqligi to‘g‘risida xulosa beradi; O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari normalariga sharh beradi; O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarining O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi; konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi; fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyatini ko‘rib chiqadi; O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlari bilan berilgan vakolati doirasida boshqa ishlarni ko‘rib chiqadi.
Konstitutsiyaviy sudning hujjati rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi. Shuni alohida ta’kidlash o‘rinli bo‘ladi, Konstitutsiyaviy sud chiqargan hujjatning o‘ziga xos jihati shundaki, u qat’iy va uning ustidan shikoyat qilinishi mumkin emas.
Shuni alohida ta’kidlash joiz, Konstitutsiyaviy sudning O‘zbekiston Respublikasi qonunlari va Oliy Majlis palatalari qarorlari ustidan konstitutsiyaviy nazoratni amalga oshirishi, ya’ni ularning Konstitutsiyaga mosligini aniqlash vakolati bilan ta’minlanganligi davlat hokimiyati tizimida muvozanatni ta’minlash, inson huquqlari va erkinliklari ustuvorligini kafolatlashning muhim vositasi ekanligidan kelib chiqqan, desak xato bo‘lmaydi.
Shu o‘rinda, Konstitutsiyaviy sud tomonidan O‘zbekiston Respublikasi qonunlari normalariga sharh berish vakolatini kelgusida ko‘rib chiqish taklifini ilgari surmoqchimiz. Chunki, dunyo amaliyotida Konstitutsiyaviy sudlar tomonidan faqat Konstitutsiya normalariga sharh berish instituti mavjud xolos. Qonunlar normalariga sharh berish esa, mavjud emas. Biz, Qonunlar normalariga sharh berish bu Oliy Majlis tomonidan amalga oshirilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi, degan taklifni bermoqchimiz.
Konstitutsiyaviy nazorat instituti aksariyat demokratik davlatlarda amal qiladi va u dastlabki (qonun kuchga kirmay turib) yoki keyingi (qonun kuchga kirganidan keyin) shakllarda amalga oshirilishi mumkin.
Shuni e’tirof etish joizki, avvallari mamlakatimizda konstitiutsiyaviy nazorat instituti kuchga kirgan qonun hujjatlari ustidan amalga oshirilgan. So‘nggi yillarda Davlat rahbari tashabbusi bilan olib borilayotgan konstitutsiyaviy nazorat institutini takomillashtirishga oid islohotlar natijasida, hali kuchga kirmagan qonunlarning Konstitutsiyaga muvofiqligini ko‘rib chiqish amaliyoti ham qonunchilikda joriy qilindi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 133-moddasi, 2-bandiga muvofiq, Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti tomonidan imzolanguniga qadar O‘zbekiston Respublikasi konstitutsiyaviy qonunlarining, O‘zbekiston Respublikasi xalqaro shartnomalarini ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunlarining O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligini aniqlaydi. Demak, bundan xulosa qiladigan bo‘lsak, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi normativ-huquqiy hujjatlarni ham dastlabki, ham keyingi shaklda Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash vakolatiga ega.
Shu o‘rinda muhim bir masalaga e’tibor qaratish lozim. Ma’lumki, Konstitutsiyaviy sud Oliy Majlis palatalari qarorlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash vakolatiga ega. O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonunining 7-moddasida: “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlari qonun hujjatlaridir”, deb belgilangan. Xo‘sh, Oliy Majlis palatalarining qarorlari qonun hujjati bo‘lsa, Konstitutsiyaviy sud ushbu qarorlarga sharh berishi mumkinmi? Bizningcha, yo‘q. Chunki, birinchidan, Oliy Majlis palatalarining qarorlari - qonun osti hujjati hisoblanadi, ularni qabul qilish tartibi parlament tomonidan qabul qilinadigan O‘zbekiston Respublikasi qonunlarini qabul qilish tartibidan tubdan farq qiladi. Masalan, Qonun, dastlab, Oliy Majlis Qonunchilik palatasida qabul qilinib, Senat tomonidan ma’qullanib, Prezident imzolaganidan keyin kuchga kiradi. Oliy Majlis palatalari qarorlarini qabul qilish tartibi esa, unday emas, tamomila o‘zgacha.
Ma’lumki, “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunning 18-moddasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumida sud amaliyotining dolzarb masalalarini ko‘rib chiqishi va qonunchilikning qo‘llanilishi yuzasidan tushuntirishlar berish vakolatiga ega. Qonunchilikni qo‘llash masalalari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining tushuntirishlari sudlar, ushbu tushuntirish berilgan qonunchilikni qo‘llayotgan davlat organlari va boshqa organlar, korxonalar, muassasalar, tashkilotlar va mansabdor shaxslar uchun majburiydir.
Sud hokimiyati qarorlarining majburiyligidan kelib chiqib, ba’zi olimlar sudlarning bu huquqini qonun ijodkorligi sifatida tan olish lozim desalar, ba’zi olimlar bunga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini, sud hokimiyati organlari qonun ijodkorligi huquqiga emas, balki normalarni sharhlash huquqiga ega ekaligini ta’kidlaydilar. Yana ayrim huquqshunos olimlar sud hokimiyati qonun normalariga sharh berishi va sud amaliyotidan kelib chiqib, tushuntirishlar berishi lozim, deb hisoblaydilar.
Bizning fikrimizcha, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi qonunchilikning qo‘llanilishi yuzasidan tushuntirishlar berganda, yangi norma hosil bo‘lishiga yo‘l qo‘ymasligi kerak. Agarda shunday holat yuzaga keladigan bo‘lsa, tushuntirish bermasdan, balki qonunchilik tashabbusi huquqidan foydalanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Kelgusida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi va Oliy sudining qonunchilik tashabbusi huquqini yanada takomillashtirish va sudlar tashabbusi bilan amaldagi qonunlarga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish samaradorligini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti bilan o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini ko‘rib chiqish zarur bo‘ladi. Bunda sudlar tomonidan amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish borasidagi takliflarni o‘rganish, umumlashtirish, ular bo‘yicha ilmiy xulosalar tayyorlash maqsadida ilmiy konferensiyalar, davra suhbatlari o‘tkazish kerak. Bunda asosiy e’tibor qonun hujjatlarini takomillashtirish zarurati asoslantirilishi va kerakli takliflar ishlab chiqilishi zarur deb hisoblaymiz. Yanada aniq aytganda, qonun chiqaruvchi hokimiyat va sud hokimiyati o‘rtasida qonun ijodkorligi masalalari, amaldagi qonunlarni takomillashtirish bo‘yicha takliflar, dastlab, Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xuuzuridan boshlanishi kerak. Albatta, yuqoridagi takliflar bizning shaxsiy fikr-mulohazalarimizdir. Biroq, Konstitutsiya ustunligi ta’minlash, shuningdek, inson huquq va erkinliklarini kafolatlash parlament va sud hokimiyatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri vazifasi hisoblanadi.
Qolaversa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan inson qadrini ulug‘lash va uni rozi qilishdek oliy maqsadni ro‘yobga chiqarishga barchamiz birdek mas’ul ekanligimizni aslo unutmasligimiz kerak.
Abdumannob Raximov,
Raxat Ismaylov,
O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyaviy sudining sudyalari
O‘zA