Erkinlik, adolat va tenglikning mustahkam huquqiy poydevori
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 25 yilligiga bag‘ishlanadi.
Erkinlik, tenglik, adolat, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi, hokimiyatning saylov asosida vujudga kelishi, hokimiyatlar bo‘linishi, fuqarolarning huquq va erkinliklarini sud qarorisiz mahrum etib bo‘lmasligi, aybsizlik prezumpsiyasi bularning barcha-barchasi demokratiyaning eng muhim belgilari bo‘lib, demokratik davlatlar konstitutsiyalarining muhim prinsiplarini tashkil etadi.
Shu ma’noda aytish joizki, yuqorida keltirib o‘tilgan demokratik prinsiplarni o‘zida mujassam etgan mo‘‘tabar Qomus — O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun - mustaqil O‘zbekiston taraqqiyotida beqiyos siyosiy, huquqiy va xalqaro ahamiyatga molik tarixiy kun bo‘lib qoldi.
Mana, qariyb yigirma besh yildan beri, hayotimizning Asosiy qomusi bo‘lmish, davlatimiz va jamiyatimizning nafaqat buguni, balki kelajagini ham belgilab, ezgu maqsadlarimizning huquqiy poydevorini muhrlab beruvchi Konstitutsiyamiz qoidalari asosida yashab kelmoqdamiz. Shu davr mobaynida barchamiz vatanimiz ravnaqi, yurtimiz tinchligi, xalq farovonligining huquqiy kafolatini o‘zida mujassam etgan Konstitutsiyamizda zikr etilgan maqsad va muddaolarga erishish yo‘lida mehnat qilmoqdamiz.
Mana shu yigirma besh yil mobaynida jamiyatimizda, har qaysi oila va vatandoshlarimiz hayotida qanday ijobiy o‘zgarishlar sodir bo‘layotgan bo‘lsa, bularning barchasi Konstitutsiyamizda belgilab qo‘yilgan huquq va erkinliklarga oid qoidalarning hayotimizdagi amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda. Konstitutsiyamizning asosiy mohiyati ham insonga munosib hayot sharoitlari yaratish, uni baxtli qilishdan iboratdir.
Konstitutsiyaning asosiy mohiyatlaridan yana biri bo‘lib, jamiyat va uning a’zolari oldiga maqsad qo‘yishi va ana shu ezgu maqsadga erishishning yo‘llarini o‘zida mujassam etishida ifodalanadi. Asosiy qomusimiz o‘zida inson – oila – jamiyat – davlat manfaatlarini uyg‘unlashtirgani sababli, mazkur hujjat hayotimizning barcha sohalarida olib borilayotgan islohotlarning samarali, muvaffaqiyatli bo‘lishini huquqiy jihatdan kafolatlamoqda.
Jahonda bo‘lib o‘tayotgan voqealar ham shuni yaqqol tasdiqlamoqdaki, agar inson va davlat manfaatlari o‘zaro uyg‘unligi buzilsa, davlatda olg‘a siljish bo‘lmaydi. Mamlakatimizda esa, bu masala davlatimiz rahbarining oqilona va dono siyosati tufayli Konstitutsiyamizda jamiki dunyoviy ne’matlar orasida eng ulug‘i - inson degan fikrni ilgari surildi va shu asosda “fuqaro - jamiyat – davlat” o‘rtasidagi o‘zaro munosabatning oqilona huquqiy yechimini topishga intildik.
Konstitutsiya har qanday davlatning o‘ziga xos pasporti desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki, u yoki bu mamlakatda davlatni tavsiflash zarur bo‘lganda Asosiy qonun ushbu davlat rivojlanishning qanday yo‘lini tanlagani, inson-jamiyat-davlat munosabatlari, davlat tuzilishi va boshqaruviga oid barcha masalalarni mufassal tartibga soladi.
Konstitutsiya davlat bilan shaxs o‘rtasidagi o‘zaro huquqlar va burchlar belgilab olingan o‘ziga xos ahdnoma desak ham mubolag‘a bo‘lmaydi. Chunki Konstitutsiyamizning 19-moddasida O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi va davlat bir-biriga nisbatan bo‘lgan huquqlari va burchlari bilan o‘zaro bog‘liqdirlar, deb mustahkamlab qo‘yilgan. Shu ma’noda Asosiy qomusimizda davlat o‘ziga bir qator o‘ta muhim majburiyatlarni olganki, unga ko‘ra davlat xalq irodasini ifoda etib, uning manfaatlariga xizmat qiladi, davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlaydi, davlat o‘z faoliyatini inson va jamiyat farovonligini ko‘zlab, ijtimoiy adolat va qonuniylik prinsiplari asosida amalga oshiradi. Fuqarolar esa Konstitutsiyada belgilab qo‘yilgan burchlarini bajarish, Konstitutsiya va qonunlarga rioya etishga, boshqa kishilarning huquqlari erkinliklari, sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga, O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy va madaniy merosini avaylab asrashga, atrof tabiiy muhitga ehtiyotkorona munosabatda bo‘lishga, qonun bilan belgilangan soliqlar va mahalliy yig‘imlarni to‘lashga, harbiy yoki muqobil xizmatni o‘tashga majburdirlar.
Har bir mamlakatda u yoki bu joriy qonunlar bo‘lishi va u muayyan vaqtdan so‘ng nomi o‘zgarishi yohud bekor bo‘lishi mumkin. Biroq, Konstitutsiya inson, jamiyat, davlat manfaatlarini va irodasini o‘zida ifodalovchi, davlat tuzilishi va boshqaruvi shakli asoslarini belgilovchi, hokimiyat idoralari faoliyatining tashkil etilishi tartibi va prinsiplarini mustahkamlovchi oliy yuridik kuchga ega bo‘lgan hujjat bo‘lib, u o‘zining yagonaligi va barqarorligi bilan ajralib turadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining III bobi “Konstitutsiya va qonunning ustunligi” deb nomlanib, undagi qoidalarga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasida O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlarining ustunligi so‘zsiz tan olinadi. Davlat, uning organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalari, fuqarolar Konstitutsiya va qonunlarga muvofiq ish ko‘radilar. Mazkur Konstitutsiyaning birorta qoidasi O‘zbekiston Respublikasi huquq va manfaatlariga zarar yetkazadigan tarzda talqin etilishi mumkin emas. Birorta ham qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjat Konstitutsiya normalari va qoidalariga zid kelishi mumkin emas, deb belgilangan.
“Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qonun 7-moddasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi oliy yuridik kuchga ega va O‘zbekiston Respublikasining butun hududida qo‘llaniladi. O‘zbekiston Respublikasining qonunlari va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi asosida va uni ijro etish uchun qabul qilinadi hamda uning normalari va prinsiplariga zid kelishi mumkin emas. Mazkur Qonunning 22-moddasiga binoan esa barcha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasiga muvofiqligi yuzasidan huquqiy ekspertizadan o‘tkaziladi.
Konstitutsiyani maxsus muhofaza qilish maqsadida Asosiy qonunimizda Konstitutsiyaviy sud tashkil etilishi belgilab qo‘yildi. Mazkur sud qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyatlarning hujjatlari Konstitutsiyaga qanchalik mosligiga doir ishlarni ko‘radi. Bundan tashqari, 2014 yil 16 aprelda Konstitutsiyamizga kiritilgan parlament va jamoatchilik nazorati institutlariga oid normalar ham Asosiy qonunimizni ustunligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Asosiy qomusimiz 128 moddadan iborat bo‘lgani holda uning 30 dan ortiq moddalari bevosita inson huquqlari va erkinliklariga bag‘ishlangandir. Konstitutsiyamiz Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining deyarli barcha prinsipial qoidalarini o‘zida mujassamlantirib, barcha fuqarolarning qonun oldida tengligi, Konstitutsiya va qonunlarning ustunligi ta’minlanishini qayd etadi, unga kafolatlar beradi. O‘tgan yillar davomida parlamentimiz tomonidan insonning asosiy huquq va erkinliklarini tartibga soladigan 16 ta kodeks va 400 dan ortiq qonunlar qabul qilindi. O‘zbekiston birinchi ratifikatsiya qilgan hujjat ham Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasi bo‘ldi. Istiqlol yillarida mamlakatimiz inson huquqlari bo‘yicha 70 dan ortiq asosiy hujjatga qo‘shildi, BMT tomonidan bu sohada qabul qilingan oltita asosiy xalqaro shartnoma qatnashchisiga aylandi.
Konstitutsiyada inson huquqi, inson erkinligining ustuvor ekanligi o‘z ifodasini topgan, birgina 13-moddaning o‘ziyoq huquqiy davlatning eng asosiy talablaridan birini o‘zida mustahkamlagan, unda O‘zbekiston Respublikasida demokratiya umuminsoniy prinsiplarga asoslanishi, ularga ko‘ra inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi qayd etilgan. Unga binoan har kim erkinlik va shaxsiy daxlsizlik, fikrlash, so‘z va e’tiqod erkinligi, davlat organlariga, muassasalariga murojaat qilish, mulkdor bo‘lish, mehnat qilish, erkin kasb tanlash, adolatli mehnat sharoitlarida ishlash, malakali tibbiy xizmatdan foydalanish, bilim olish kabi huquqlarga ega. Shuni alohida qayd etish joizki, fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlab qo‘yilgan huquq va erkinliklari daxlsiz bo‘lib, ulardan sud qarorisiz mahrum etishga yoki ularni cheklab qo‘yishga hech kim haqli emas. Bundan tashqari, fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari alohida muhofazaga olingan bo‘lib, ushbu huquq va erkinliklarga tajovuzlardan qo‘riqlash, bunday holatlarni oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining maxsus qismida alohida VII bob. “Fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklariga qarshi jinoyatlar”ga bag‘ishlangan.
Konstitutsiyamizda demokratik huquq va erkinliklar Konstitutsiya va qonunlar bilan himoya qilinishi (13-modda), davlat fuqarolarning Konstitutsiya va qonunlarda mustahkamlangan huquqlari va erkinliklarini ta’minlashi (43-modda), har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanishi (44-modda) mustahkamlab qo‘yildi. Mazkur normalarni tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik, Jinoyat protsessual kodekslari, “Sudlar to‘g‘risida”, “Fuqarolarning murojaatlari to‘g‘risida”, “Fuqarolarning huquqlari va erkinliklarini buzadigan xatti-harakatlar va qarorlar ustidan sudga shikoyat qilish to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilingan. Mamlakatimizda inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar, xususan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman) va Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi, shuningdek Adliya vazirligi tarkibida inson huquqlarini himoya qilishni ta’minlash bo‘yicha maxsus tuzilmalar faoliyat ko‘rsatmoqda.
Konstitutsiyada fuqarolarning jamiyat va davlat ishlarini boshqarishda bevosita hamda o‘z vakillari orqali ishtirok etish, davlat hokimiyati vakillik organlariga saylash va saylanish, ovoz berish huquqi, o‘z xohish irodasini bildirish tengligi va erkinligi qonun bilan kafolatlanishi mustahkamlandi. Ushbu konstitutsiyaviy tamoyillarning qonunchilik mexanizmlari “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida”, “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar kengashlariga saylov to‘g‘risida”, “Fuqarolar saylov huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi to‘g‘risida” qonunlarda o‘z aksini topdi.
Demokratik huquqiy davlatning muhim belgisi bo‘lmish hokimiyatlarni bo‘linishi prinsipi Asosiy qonunimizning 11-moddasida o‘z ifodasini topgan, ya’ni, O‘zbekiston Respublikasi davlat hokimiyatining tizimi - hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatiga bo‘linishi prinsipiga asoslanadi. Ushbu prinsip ijro o‘laroq mamlakatimizda hokimiyat tarmoqlari faoliyatini bevosita tartibga soladigan yettita qonun qabul qilindi. Hozirgi kunda milliy parlamentimiz Oliy Majlis palatalari, Hukumat – Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud, Oliy sud mustahkam konstitutsiyaviy-huquqiy negiz asosida faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Konstitutsiya 89-moddasiga asosan mazkur davlat hokimiyati organlarining kelishilgan holda faoliyat yuritishini hamda hamkorligini samarali ta’minlamoqda.
Asosiy qonunimizda fuqarolik jamiyatini shakllantirishning asoslari bo‘lgan bozor munosabatlarini rivojlantirish, iqtisodiy faoliyat, tadbirkorlik va mehnat qilish erkinligi, barcha mulk shakllarining teng huquqliligi, xususiy mulk boshqa mulk shakllari kabi daxlsiz va davlat himoyasida ekanligi kabi konstitutsiyaviy normalar ham o‘z ifodasini topgan. Bundan tashqari, Konstitutsiya inson huquqlari va manfaatlarini, demokratik qadriyatlarni himoya qilish, ijtimoiy, madaniy va ma’rifiy maqsadlarga erishish, ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarni qondirish, hayriya faoliyatini amalga oshirish uchun hamda boshqa ijtimoiy foydali maqsadlarda tuziladigan fuqarolik jamiyati institutlarini rivojlantirishga ham muhim huquqiy poydevor yaratgan. Uning asosini O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy hayot siyosiy institutlar, mafkuralar va fikrlarning xilma-xilligi asosida rivojlanishi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kasaba uyushmalariga, siyosiy partiyalarga va boshqa jamoat birlashmalariga uyushish, ommaviy harakatlarda ishtirok etish huquqiga ega ekanliklarini belgilaydigan konstitutsiyaviy normalar tashkil etadi. Ushbu qoidalarni amalga oshirishning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish maqsadida yurtimizda “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”, “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida”, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”, “Ijtimoiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonunlar qabul qilindi.
Yana bir gap. Konstitutsiyamiz milliy tafakkurimizni, muqaddas qadriyatlarimizni ham o‘zida aks ettirgan. Asosiy qonunimiz davlat tilini o‘zbek tili deb belgilab, o‘z vaqtida O‘zbekiston Respublikasi o‘z hududida istiqomat qiluvchi barcha millat va elatlarning tillari, urf-odatlari va an’analari hurmat qilinishi ta’minlanishi, ularning rivojlanishi uchun sharoit yaratilishi kafolatlaydi. Bu esa fuqarolarning ahilligi, xalqimizga xos odamiylik, umuminsoniy qadriyatlarga ixlos kabi yaxshi sifatlar o‘z aksini topganligi, yurtimizga xos qardoshlik va do‘stlik an’analari, o‘zining boy va teran tarixiga ega bo‘lmish xalqlarning o‘zaro totuvligining abadiy poydevori bo‘lib xizmat qilmoqda. Shuningdek, 45-moddada voyaga yetmaganlar, mehnatga layoqatsizlar va yolg‘iz keksalarning huquqlari davlat himoyasida ekanligi, 64-moddada esa ota-onalar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyalashga majbur ekanliklari, davlat va jamiyat yetim bolalarni va ota-onalarining vasiyligidan mahrum bo‘lgan bolalarni boqish, tarbiyalash va o‘qitishni ta’minlashi, bolalarga bag‘ishlangan xayriya faoliyatlarni rag‘batlantirishi, shuningdek 66-moddada voyaga yetgan, mehnatga layoqatli farzandlar o‘z ota-onalari haqida g‘amxo‘rlik qilishga majbur ekanliklarini mustahkamlaydi. Mazkur konstitutsiyaviy normalarni hayotga tatbiq etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksi, “Vasiylik va homiylik to‘g‘risida”, “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi kabi bir qator qonunlar qabul qilindi.
Yuqoridagilardan kelib chiqib, aytish joizki, mustaqil O‘zbekistoning Konstitutsiyasi birinchidan, haqiqatan ham demokratik Konstitutsiya bo‘lib, tarixda sinalgan umuminsoniy, umumbashariy qadriyatlarni o‘zida mujassam etgan hamda xalqaro demokratik andoza va talablarga javob beradi, ikkinchidan, bizning Konstitutsiya eng rivojlangan, taraqqiy topgan davlatlarning tarixiy tajribasiga tayangan holda yaratilgan, uning dunyo miqyosidagi har qanday ilg‘or davlat Konstitutsiyasidan kam joyi yo‘q, uchinchidan, Konstitutsiya, umumiy mazmunidan tortib oddiy bir bandiga qadar milliy tafakkurni, muqaddas qadriyatlarni, shu aziz va muqaddas zaminimizda istiqomat qilayotgan insonlarning dunyoqarashini, ularga xos o‘zaro munosabatlarni, xususiyatlarni, mehr-oqibat, odamiylik, o‘zga millat va elatlarga nisbatan hurmat, ilmu fanga intilish, or-nomus, iffat va hayo kabi ezgu fazilatlarni o‘zida aks ettiradi.
Xulosa qilib aytganda, Konstitutsiya biz uchun nafaqat muhim hayotiy qo‘llanma, balki g‘urur-iftixor, shu zaminda istiqomat qilayotgan, millati, tili, dinidan qat’i nazar, barcha insonlar uchun mustahkam bir himoya, qonun oldida hammaning tengligini ta’minlaydigan, har bir insonning o‘z fikrini emin-erkin ifoda qilishida, o‘z haq-huquqlarini talab etishida, burch va mas’uliyatlarini bajarishida bamisoli qalqon bo‘lib xizmat qilmoqda.
Miravzal Mirakulov,
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Amaldagi qonun hujjatlari monitoringi instituti bo‘lim boshlig‘i, yuridik fanlar doktori