Fransiyalik ekspert: “O’zbekiston konstitutsiyasi - mamlakat siyosiy barqarorligi va taraqqiyotining asosi”
O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligi arafasida “Jahon” axborot agentligining muxbiri Parijda Konstitutsiyaviy huquq xalqaro assotsiatsiyasining faxriy prezidenti, professor Didye Mos bilan suhbatlashdi.
- Men sizning go’zal mamlakatingizda bir necha marotaba bo’lganman, konstitutsiya huquqini o’rganish va parlamentarizm masalalariga bag’ishlangan xalqaro tadbirlarda ishtirok etganman, - dedi u. - Bugun, o’zbek xalqi hayotidagi juda muhim voqyea - O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi arafasida suhbatlashar ekanmiz, bir jihatni ta'kidlashni istar edim: zamonaviy O’zbekistonni diqqat bilan o’rganuvchi ekspertlarning fikr bildirishlaricha, respublika hokimiyatida bo’ladigan o’zgarishlar hyech qanday ijtimoiy larzalarsiz kechishiga hamda Prezident saylovi mamlakat Konstitutsiyasi va “O’zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to’g’risida”gi qonunga qat'iy rioya etilgan holda o’tishiga shubha yo’q.
Jahondagi ilg’or konstitutsiyaviy tajriba asosida hamda o’zbek xalqining an'analari va mentalitetini hisobga olgan holda ishlab chiqilgan O’zbekiston Asosiy qonuni o’zida demokratik saylovlarni muhrlab qo’ygan.
1992-yili qabul qilingan mamlakat Konstitutsiyasi tufayli parlamentarizm instituti sezilarli darajada mustahkamlandi, ikki palatali parlament shakllandi va muvaffaqiyat bilan faoliyat ko’rsatmoqda. Jamiyatning siyosiy va ijtimoiy taraqqiyotida O’zbekiston Oliy Majlisining ahamiyati tobora oshib bormoqda.
Konstitutsiya bois O’zbekistonda qonunchilik va ijro hokimiyati organlari bilan samarali hamkorlik, keng ko’lamli demokratik, ijtimoiy-iqtisodiy va sud-huquq islohotlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Bu fundamental hujjat demokratiya asosida mamlakatning tadrijiy va izchil rivojlanishini ta'minlamoqda. U respublika fuqarolariga ertangi kun uchun ishonch bag’ishlaydi.
Shu bilan birga, mamlakatda tinchlik va barqarorlikni, millatlararo hamda dinlararo hamjihatlikni asrash va mustahkamlashda O’zbekiston Konstitutsiyasi muhim o’rin tutishini ham qayd etishni istar edim.
Ishonchim komilki, O’zbekiston respublikaning Birinchi Prezidenti Islom Karimov rahbarligida ishlab chiqilgan Konstitutsiyada o’z ifodasini topgan tamoyillarga tayangan holda bundan keyin ham taraqqiyot va farovonlik yo’lida o’z salohiyatini namoyon etaveradi.
Fursatdan foydalanib, o’zbek xalqini, Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg’ona vodiysidagi barcha hamkasblarimni O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 24 yilligi bilan chin dildan muborakbod etar ekanman, demokratik taraqqiyot va farovonlik yo’lida bardavom muvaffaqiyatlar tilayman.