Insonparvarlik va adolat namunasi

DEPUTAT FIKRI

Mamlakatimizda o‘tgan yillar mobaynida inson huquqlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirildi. Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida xalq hokimiyatchiligi prinsipining muhim qoidalaridan biri sifatida inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa daxlsiz huquqlari oliy qadriyat hisoblanishi belgilab qo‘yildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 29 sentabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining yigirma besh yilligi munosabati bilan jazoni ijro etish muassasalarida jazo o‘tayotgan mahkumlarni afv etish haqidagi materiallarni tayyorlash chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoyishi ham bu borada yana bir amaliy qadam bo‘ldi.

Ushbu farmoyishni inson huquq va manfaatlarini oliy qadriyat sifatida baholaydigan O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va uning Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi to‘la qo‘llab-quvvatlaydi. Biz jahon amaliyotida kam uchraydigan, mustaqil O‘zbekiston tarixida birinchi marotaba qo‘llanilayotgan mazkur tarixiy islohotning markazida inson turishi, ularning bosh maqsadi insonning hayotiy va qonuniy manfaatlarini ta’minlash va himoyalashga qaratilganini e’tirof etamiz.

Ya’ni, mazkur farmoyishda insonparvarlik, shuningdek inson, uning hayoti, erkinligi, sha’ni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini oliy qadriyat deb tan olish kabi umuminsoniy va konstitutsiyaviy prinsiplarning amalda ta’minlanishi, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan barcha islohotlar va yangilanishlarning asosi sifatida e’tirof etilganligi hammamiz uchun ahamiyatlidir.

Shu ma’noda Prezident farmoyishiga ko‘ra qonunni buzgan, biroq o‘z qilmishining huquqqa xilofligini anglagan va tuzalish yo‘liga o‘tganligini qat’iyatlik bilan namoyon qilgan shaxslarga ularning iltimosnomalariga binoan jamiyat va o‘z oilasi davrasiga qaytish imkonining berilishi o‘zbek xalqining kechirimlilik, rahmdillik va bag‘rikenglik kabi azaliy qadriyatlarining ro‘yobga chiqarilishi hisoblanadi.

Qolaversa, bu O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi Saylovoldi dasturida ilgari surilgan ijtimoiy adolat, inson huquq va erkinliklari ustuvorligi ta’minlashga doir prinsiplarga to‘la mos keladi.

Narimon UMAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston “Adolat” SDP fraksiyasi rahbari

Qiziqarli ma'lumotlar
Braziliya Federativ Respublikasining konstitutsiyasida "Hindular to'g'risida" deb nomlangan maxsus bob (VIII bob) mavjud bo'lib, ushbu bob Braziliyada yashab kelgan tub aholiga taqdim etilgan alohida ustunlik va imtiyozlarga bag'ishlangan.